AQSH Davlat departamentining Jahonda odam savdosi toʻgʻrisidagi yillik maʼruzasida Oʻzbekistonning pozitsiyasi yaxshilandi

18:35 02 Iyul 2021 Siyosat
1321 0

Bu haqda Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi maʼlum qildi.

Joriy yilning 1-iyul kuni AQSH Davlat departamenti har yili anʼanaviy tarzda tayyorlanadigan Jahonda odam savdosi toʻgʻrisidagi yillik maʼruzasini eʼlon qildi.

Qoida tariqasida, maʼruzada davlatlar 3 ta toifaga ajratiladi, yaʼni:

1-toifa – davlat idoralari odam savdosini bartaraf etish boʻyicha minimal standartlarga toʻliq amal qiladigan mamlakatlar;

2-toifa – davlat idoralari minimal talablarni toʻliq bajarmagan, ammo oʻz faoliyatini ushbu standartlarga muvofiqlashtirish uchun salmoqli harakatlarni amalga oshiradigan mamlakatlar;

3-toifa – davlat idoralari minimal talablarga toʻliq rioya qilmaydigan va oʻz faoliyatini ushbu standartlarga muvofiqlashtirish uchun jiddiy harakatlarni amalga oshirmaydigan mamlakatlar.

Shuningdek, hisobotda 2- va 3- toifadagi davlatlar oʻrtasida oraliq – “2-toifadagi davlatlarning nazorat roʻyxati” ham mavjud.

Eʼlon qilingan mazkur maʼruzada jahondagi 192 ta davlatda ushbu sohadagi vaziyat chuqur tahlil etilgan, yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar bilan bir qatorda, erishilgan natijalar ham inobatga olingan.

Maʼruzada Oʻzbekiston oʻz pozitsiyasini yaxshilab, “2-toifadagi davlatlarning nazorat roʻyxati”dan chiqarilib, 2-toifadan oʻrin oldi, yaʼni davlat idoralari minimal talablarni toʻliq bajarmagan, shu bilan birga oʻz faoliyatini ushbu standartlarga muvofiqlashtirish uchun salmoqli harakatlarni amalga oshiradigan mamlakatlar qatorida qayd etildi.

Maʼlumot uchun aytish mumkin, AQSH Davlat departamentining 2018-yil iyunda eʼlon qilingan hisobotida Oʻzbekiston reytingi eng yomon 3-toifadan “2-toifadagi mamlakatlarning nazorat roʻyxati”ga koʻtarilgan edi.

2020-yilgi hisobotda AQSH Davlat departamenti rahbari Oʻzbekistonni alohida tilga olib, “Oʻzbekistonning ushbu muammoni hal qilishga qaratilgan katta saʼy-harakatlari mintaqadagi mamlakatlar uchun yangi standartni belgilab bermoqda”, – deya ushbu muammoni bartaraf etish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga yuqori baho bergan edi. Xususan:

– paxta terimi vaqtida majburiy mehnatdan foydalanishni toʻxtatish (shuningdek, talabalar, oʻqituvchilar va sogʻliqni saqlash xodimlarini tizimli jalb etish), paxta teruvchilarga beriladigan mukofot summasini oshirish, ixtiyoriy mehnatni ragʻbatlantirish uchun mehnat shart-sharoitlarini yaxshilash;

– xalqaro kuzatuvchilarning moneliksiz tekshiruvi uchun imkoniyat yaratib berishni davom ettirish;

– teriladigan paxtaning majburiy hajmlarini davlat tomonidan belgilash tizimining bekor qilinishi, odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish boʻyicha oliy darajadagi Milliy komissiya taʼsis etilishi shular jumlasidandir.

Joriy yilgi hisobotda Oʻzbekiston odam savdosiga barham berish boʻyicha katta saʼy-harakatlarni amalga oshirayotganligi, xususan, Milliy qonunchilikdagi oʻzgarishlar, fuqarolik jamiyati faollari bilan hamkorlik hamda Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar alohida qayd etilgan.

Shuningdek, Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan bolalar mehnati va majburiy mehnat holatlarini aniqlash boʻyicha tekshiruvlar sonining ortganligi, mamlakatimizda odam savdosiga oid jinoyatlarni aniqlash va qonuniy javobgarlikka tortish borasidagi ishlar sezilarli koʻpayganligi ham ijobiy baholangan.

Hisobotda Oʻzbekiston reytingining ijobiy tomonga oʻzgarishi mamlakatimizdagi investitsion muhitning yana-da yaxshilanishiga va natijada xalqaro brend korxonalarning Oʻzbekiston bozoriga kirib kelishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratilishiga xizmat qiladi.

Shu bilan birga, AQSH va Yevropa davlatlaridagi yirik ishlab chiqarish korxonalari bilan savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirishda muhim rol oʻynaydi.

Hisobotda Oʻzbekistonda ushbu yoʻnalishdagi ishlarni yana-da yaxshilash boʻyicha tavsiyalar ham aks ettirilgan.

 

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?