Andijonning bir soʻzli yigiti

13:07 14 Avgust 2024 Jamiyat
123 0

Saminjon HUSANOV/“Xalq soʻzi”. Bu yilgi Olimpiya oʻyinlari oʻzbekistonlik sportchilar uchun omadli boʻldi. Hasanboy Doʻsmatov ikkinchi marta Olimpiada shohsupasiga koʻtarilib, yurtimiz sharafini munosib himoya qildi.

Esimda, Hasanboy Doʻstmatov 2016-yilgi Olimpiya oʻyinlarida chempionlikni qoʻlga kiritgach, uning Buloqboshi tumanidagi xonadonida boʻlib, oila aʼzolari, mahalla ahli bilan suhbat qurgandik. Oʻshanda onasi Dilnozaxon Hayitboyeva: “Men uchun bolamni sogʻ-salomat uyga qaytgani gʻalaba! Har gal musobaqaga borsa, yurak hovuchlab oʻtiraman. Jussasi kichkina boʻlgani uchunmi, xavotir olaveraman. Bu safar ham gʻalabasini televizor orqali kuzatgani yuragim dov bermadi. Tinmay duo qildim, uyga eson-omon, yorugʻ yuz bilan qaytishini Yaratgandan tiladim”, degan edi.

Bu gal ona, garchi oʻgʻlining gʻalabasiga katta ishonch bilan qaragan boʻlsada, baribir hayajonini yengolmadi. Hasanboyning hovlisi joylashgan koʻchayu, xonadoniga oʻrnatilgan katta ekran qarshisida jamlangan yuzlab hamyurtlarimiz bir taraf boʻldi, onasi bir taraf boʻldi. U bir joyda tura olmas, lablari pichirlab Hasanboyni duo qilardi.

— Oʻzi jurnalistlar intervyu olishini kutgandim, — deydi Dilnozaxon Hayitboyeva. — Sababi, oʻgʻlim gʻalaba qozonsa, respublikamizda sportchilarga qulay sharoit yaratib bergani uchun Prezidentimizga rahmat aytishni niyat qilgandim. Ayniqsa, yoshlarga gʻamxoʻrlik har doimgidan ortdi. Olimpiya oʻyinlarida necha nafar hamyurtlarimiz gʻalaba qozongan boʻlsa, bularning barchasi davlatimiz rahbarining yoshlarga, sportga boʻlgan eʼtibori natijasidir. Toʻgʻrisi, shu paytgacha Hasanboyning oʻyinlarini kuzatmagan edim. Bu gal viloyat hokimi, mahalla ahli davrasida oʻzimni qoʻlga olishga harakat qildim. Bolamning raqibi mezbon ekanligini bilgach, baribir hayajonim ortdi. Biroq oʻgʻlim Olimpiadaga yoʻl olar ekan, men albatta gʻalaba bilan qaytaman, degan vaʼdasiga ishonib, oʻzimga taskin berdim. Uning bu safar ham chempion boʻlishiga ishonardim. Sababi, oʻgʻlim shu paytgacha bergan vaʼdasining ustidan chiqmay qoʻymagan.

Chempionning dadasi Maʼrufjon Hayitboyevning aytishicha, Hasanboy bolaligida ham hozirgidek chaqqon, epchil, harakatchan va bir soʻzli boʻlgan. Bir ishni qilaman, dedimi, oxiriga yetmaganiga qoʻymagan. Bir qarasangiz, oʻmbaloq oshayotgan, yana bir qarasangiz daraxtga osilayotgan boʻlardi. Undagi bu harakatlarni kuzatgan ota-ona farzandini mahallada joylashgan maktabdagi sport toʻgaragiga olib borishdi. Bu yerda u sportning karate turi bilan shugʻullana boshladi. Oʻshanda atigi besh yoshda edi. Keyinchalik kikboksing mashgʻulotiga qatnaydi. Hasanboy 6-sinfda oʻqiyotganida murabbiy uning otasini chaqirtirib, farzandingizni katta sportga jalb qilmasangiz boʻlmaydi, biz neniki bilsak, hammasini oʻrgatdik, dedi.

Shundan soʻng Hasanboyni otasi Andijon shahridagi Olimpiya zaxiralari sport kolleji boks toʻgaragiga olib bordi. Shu yili respublika birinchiligi uchun musobaqada gʻolib boʻlib, tengdoshlari orasida chempionlikni qoʻlga kiritdi. Keyin Osiyo chempioniga aylandi. Shundan buyon u chempionlikni qoʻldan bermaslikka harakat qilib kelmoqda.

Hasanboyning bu galgi oʻyinini mamlakatimizning barcha aholisi katta hayajon bilan kuzatdi. “Hasanboy oʻgʻlim, men tovushingni eshitganimdan xursandman, — dedi davlatimiz rahbari Hasanboy Doʻsmatov bilan telefon orqali muloqot qilarkan. — Esingda boʻlsa, fevral oyida Andijonda sport majmuasida koʻrishganimizda menga bir gapni ishonch bilan aytganding. “Men albatta, xalqimizga Olimpiada medalini olib kelaman!” deb vaʼda bergan eding. Oʻzbek yigiti, Yangi Oʻzbekistonning yoshlari nimaga qodir ekanligini, soʻzi bitta, gʻururi va ori barcha narsadan ustun ekanligini ringda yana bir marta isbotlading.”

Darhaqiqat, Hasanboy Doʻsmatovning bu galgi oʻyinini hamyurtlarimiz, shu jumladan, Prezidentimiz hayajon bilan kuzatdi.

Aslida farzandlar qobiliyatsiz tugʻilmaydi. Ulardagi isteʼdodni atrofidagilar koʻra bilishi va toʻgʻri yoʻnaltira olishi kerak. Shundagina har bir boshlagan ishi muvaffaqiyatli boʻladi. Bunga Hasanboy Doʻsmatov misolida yana bir bor ishonch hosil qildik.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер