Andijondagi Shodlik mahallasi obod manzillardan biriga aylandi
Saminjon HUSANOV/“Xalq soʻzi”. Andijon viloyatida aholi turmush sharoitini yaxshilash, buning uchun hududlar infratuzilmasini shakllantirishga boʻlgan eʼtibor har doimgidan ortgan. Ayniqsa, ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan sharoiti nisbatan ogʻir mahallalarda olib borilayotgan bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlari koʻlami kengaymoqda. Jumladan, Asaka tumanidagi “Shodlik” MFY nafaqat, viloyatdagi, balki, respublikamizdagi eng obod manzillardan biriga aylandi.
— Unga qadar koʻchalarimiz abgor holatda edi, — deydi mehnat faxriysi Nurislom Ahmadaliyev. — Oxirgi marta qachon taʼmirlanganini ham eslay olmaymiz. Qoʻni-qoʻshnilar oʻz kuchimiz bilan bir necha marta shagʻal toʻkkanmiz, biroq, bu bilan muammolarimiz arimadi.

Hududda olib borilgan obodonlashtirish ishlari davomida hatto ichki koʻchalar ham eʼtibordan chetda qolmadi. Bu borada viloyat avtomobil yoʻllari bosh boshqarmasi tomonidan amalga oshirilgan ishlar tufayli yoʻllar ravon va tekis koʻrinishni kashf etdi.
— Buning uchun 10 kilometrdan ziyod yoʻlda taʼmirlash ishlari bajarildi, — deydi boshqarma boshligʻi Mirzohid Nurmatov. — Natijada bir paytlar yozda chang, qishda loy koʻchalardan harakatlangan aholining uzoq yillik muammolari ijobiy yechim topdi. Bu koʻchalardan nafaqat, piyodalar, balki, avtomobillar ham bemalol harakatlanishi uchun qulay sharoit yaratildi.

— Mahallada aholi turmush sharoitini yaxshilash boʻyicha nimaiki zarur sharoit kerak boʻlsa hammasi eʼtiborga olindi, — deya suhbatga qoʻshildi “Asaka tuman gaz” gaz taʼminoti boʻlimi boshligʻi Ulugʻbek Zulfiqorov. — Jumladan, suyultirilgan gaz taʼminotini yanada yaxshilash chora-tadbirlari koʻrildi. Buning uchun 708 ta xonadondagi suyultirilgan gaz ballonlari toʻldirildi. Ularni oʻz vaqtida almashtirish tartiblari yuzasidan aholiga tushuntirildi. Yoʻnalishga doir masala yuzaga kelganda murojaat qilishlari uchun ishonch telefonlari maʼlum qilindi. Bir soʻz bilan aytganda, ushbu hududda bundan buyon mavzuga doir muammolar yuzaga kelmasligi uchun barcha imkoniyatlar ishga solindi.
Qishloq aholisini eng koʻp tashvishga soladigan vaziyat elektr energiyasi taʼminoti bilan bogʻliq. Ayniqsa, kuz-qish faslidagi uzilishlar hamyurtlarimiz xavotiriga sabab boʻlayotgandi.

— Endi bunga hojat yoʻq, — deydi tuman elektr taʼminoti idorasi bosh muhandisi Azizbek Mamarahimov. — Boisi, mavjud kamchiliklar oʻz oʻrnida bartaraf etildi. Bunga 40 ta yangi elektr beton tayanchlarini oʻrnatish, 300 metr zamonaviy SIP kabellarini tortish, 2 ta transformatorni taʼmirlash orqali erishdik. Maʼlumki, respublikamizda aholi soni tez fursatlarda ortib bormoqda. Jumladan, Asaka tumanida mavjud sharoitlarga nisbatan isteʼmolchilar soni koʻpaygan. Bu oʻz oʻrnida taʼminotdagi uzilishlarga sabab boʻlayotgandi. Shodlik mahallasida olib borilgan saʼy-harakatlar natijasida hududdagi shu kabi holatlarga chek qoʻydik.
Mahalladoshlar bundan bir necha oy oldingi holatni eslashar ekan, vaziyat tubdan oʻzgarganligini tan oladilar. Jumladan, toza ichimlik suvi taʼminotidagi muammolar uzoq yillar davomida qiynab kelganligini eslashadi.

— Bu mahallada ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash uchun keng koʻlamdagi ishlarni amalga oshirish zarur boʻlgan, — deya izoh beradi “Andijon suv taʼminoti” AJ bosh muhandisi Xumoyun Alimov. — Unga qadar taʼminotning muqobil turlaridan foydalanilgan. Hozirga kelib, 3,5 km. masofaga yangi quvur tortildi. Mavjud suv quduqlari taʼmirlanib, ularning ishlash faoliyati sozlandi. Endi aholi suv tashish uchun koʻchaga chiqishlariga ham hojat yoʻq. Sababi, har bir xonadonning ichkarisiga joʻmraklar oʻrnatildi. Suv hisoblash uskunalari esa nafaqat, foydalanilayotgan ichimlik suv miqdorini, balki, isteʼmolchilar toʻlashi kerak boʻlgan toʻlov qiymatini ham 4-5 barobar iqtisod qilish imkonini bermoqda.
Mahallada infratuzilmani yaxshilash bilangina cheklanib qolingani yoʻq. Eng avvalo, aholini bepul tibbiy koʻrikka jalb etish, tomorqasidan unumli foydalanish, doimiy daromad manbaiga ega qilish, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish borasida ham bir qancha ishlar amalga oshirildi. Natijada hudud qisqa muddat ichida tanib boʻlmas darajada oʻzgardi. Shodlik mahallasida yashovchi hamyurtlarimizning shodligi shundan! Yana ham quvonarlisi esa bu kabi xayrli ishlar viloyatdagi 50 ta mahallada davom etayotganligidir.
Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, Andijon viloyatida xalqimizning bugungi kunidan minnatdor boʻlib yashashlari uchun barcha imkoniyatlar ishga solinmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Bashakshehir” Turkiyaning grand klubi bilan durang oʻynadi
- Sakkizta gol urilgan oʻyinda “Barselona” gʻalaba qozondi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasi uchun Jahon chempionati qurʼasi omadli oʻtdimi?
- Ўзбекистон терма жамосининг Жаҳон чемпионатидаги ўйин саналари эълон қилинди
- AQSH Yevropadan NATO majburiyatlarining asosiy qismini oʻz zimmasiga olishni talab qildi
- Germaniyada oʻquvchilar harbiy chaqiruvga qarshi namoyishga chiqdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring