Andijonda hokim oʻrinbosari va statistika boʻlim boshligʻi pora bilan ushlandi

Andijonda hokim oʻrinbosari va statistika boʻlim boshligʻi, Toshkentda esa pensiya jamgʻarmasi boʻlim boshligʻi pora bilan qoʻlga tushdi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar qildi.
Andijon viloyatining Xonobod shahar hokimi oʻrinbosari va spirtli ichimliklar savdosi bilan shugʻullanuvchi MCHJning muqaddam sudlangan rahbari oʻzaro til biriktirib, mahalliy tadbirkorga matras, profnastil va bolalar tagliklari ishlab chiqarish korxonasini tashkil etishi uchun hokimlik zaxirasida boʻlgan 4 gektar yer maydonini alohida lot sifatida auksion savdoga qoʻydirib, 2 mlrd soʻmga yutib, uning nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 20 ming AQSH dollari olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Andijon tumani hokimining sobiq oʻrinbosari, Andijon shahar statistika boʻlimi boshligʻi va 2 nafar shaxs oʻzaro til biriktirib, kelgusida bolalar mahsulotlari ishlab chiqarish uchun zavod qurmoqchi boʻlgan tadbirkorga “Ipak yoʻli” erkin iqtisodiy zonasi hududidan 6 gektar yer maydonini auksion savdo orqali olib berish evaziga 600 ming AQSH dollari talab qilishib, oldindan 150 ming AQSH dollari olgan vaqtlarida ushlandi.
Shuningdek, mazkur noqonuniy ishga Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasining Andijon viloyati boshqarmasi boshligʻining sobiq birinchi oʻrinbosari, hozirda xususiy bandlik agentligi boshligʻi boʻlib ishlab kelayotgan fuqaroning ham aloqadorligi aniqlanib, u ushbu masalada tadbirkorga yordam berish evaziga muqaddam 11 ming AQSH dollari olganligi maʼlum boʻldi.
Toshkent viloyatida qayd etilgan holatda, Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Byudjetdan tashqari pensiya jamgʻarmasining Ohangaron tuman boʻlimi boshligʻi mahalliy fuqaroning yoʻqolgan mehnat daftarchasini tiklab, uni yoshga doir pensiyaga chiqarib berish evaziga 1500 AQSH dollarini pora sifatida olgan vaqtida uning noqonuniy harakatlariga chek qoʻyildi.
Taʼkidlash lozimki, ushbu mansabdor shaxs muqaddam Jinoyat Kodeksining 167-moddasi bilan sudlangan boʻlsada, oʻz xatosidan toʻgʻri xulosa chiqarmagan.
Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Namanganda fuqaroni toʻgʻri 3-kursga oʻqishga kiritib qoʻyishini aytgan firibgar qoʻlga olingani haqida xabar qilgandik.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Sardobaning siri nimada?
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Buxorolik doktorant nimaning evaziga Prezident sovgʻasi – avtomobilga ega boʻldi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring