Andijonda “Dunyo sadolari” festivali boshlandi
Saminjon HUSANOV/“Xalq soʻzi”. Andijon viloyatining soʻlim Xonobod shahrida “Dunyo sadolari” xalqaro milliy estrada sanʼati festivalining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Ayni paytda festivalga tayyorgarlik doirasidagi boshlangan ishlar yakunlangan. Ikkinchi bor oʻtkazilayotgan festivalga katta tayyorgarlik koʻrildi.

Ochilish marosimida soʻz olgan Madaniyat va turizm vaziri Ozodbek Nazarbekov “Dunyo sadolari” xalqaro milliy estrada sanʼati festivali bilan barchani qutladi. Bu galgi sanʼat anjumani doirasida oʻzbek va xorijiy estrada yulduzlarining konsert dasturlari tashkil etiladi. Shuningdek, hunarmandlar tomonidan tayyorlangan mahsulotlar, rassomlarning ijodiy ishlari namunalaridan iborat koʻrgazmalar faoliyat olib boradi. Uch kun mobaynida 1,5 mln. nafar mehmonlarning tashrifi kutilmoqda. Ularning maroqli hordiq olishlarini koʻngildagidek uyushtirish maqsadida turli koʻngilochar dasturlar tashkil etiladi. Qolaversa, koʻchma hayvonot bogʻi, dorbozlar namoyishi, 4 ta havo shari xizmati tashkil etilib, madaniyat xodimlari tomonidan taqdimotlar boʻlib oʻtmoqda.

— Men Oʻzbekistonga birinchi marta kelishim. Oʻzbek xalqining mehmondoʻstligidan hayratga tushdim. Goʻzal vodiyni internet tarmoqlarida koʻrganman, — deydi koreyalik sayyoh Li Yong Pak. — Bugungi bayram madaniyat ahlining ijodiy hamkorligiga yoʻl ochadi. Shunday nufuzli festival ishtirokchisi boʻlganimdan xursandman.

Festival qoʻshni davlatlar bilan munosabatlarning yaxshilanishiga ham xizmat qilmoqda. Hududdagi 4 ta chegara oʻtkazish punktlarida aholiga yaratilgan qulayliklarni alohida eʼtirofga loyiq. Ana shu imkoniyat tufayli Xonobod shahriga shu kunning oʻzida oʻrtacha 3 ming nafar qirgʻizistonlik sayyohlar tashrif buyurdi.

“Dunyo sadolari” mamlakatimizda estrada sanʼatini rivojlantirish, Andijon viloyatida sayyohlik salohiyatini oshirish bilan bir qatorda hudud iqtisodiyotini rivojlantirishga ham hissa qoʻshmoqda. Shu yilning iyul oyida Xonobod shahrida savdo aylanmasi 6,5 mlrd soʻmni tashkil etganligi bunga misol. Vaholanki, oʻtgan yilda bu koʻrsatkich 4,5 mlrd. soʻm boʻlgan. Ayni paytda Xonobod shahri mehmonlar bilan gavjum. Festivalda yangragan ohanglar dunyo eʼtiborini tortmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Har burchagida tarix yashiringan shahar — Londondan fotoreportaj
- 1-mart — Zulfiya tavallud topgan kun. “Bugun tunda kelarmish bahor”
- Nodirbek Abdusattorov Pragadagi shaxmat festivalida chempionlikni qoʻlga kiritdi
- Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Prix Versailles talqiniga koʻra 2026-yilning dunyodagi eng goʻzal muzeylari roʻyxatiga kiritildi
- Endilikda yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasini mobil ilova orqali elektron shaklda topshirish mumkin
- Matchanov Umirzak Seitjanovichning iqtisodiyot fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi eʼloni
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring