Andijonda dastgohsozlik sanoati 20 karra oʻsgani qayd etildi

Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Andijon viloyatini kompleks rivojlantirish boʻyicha ustuvor vazifalar yuzasidan oʻtkazilayotgan yigʻilishda soʻnggi sakkiz yilda hududda dastgohsozlik sanoati 20 karra oʻsgani qayd etildi.
“Kecha yarmarkada koʻrdim. Viloyatda bu borada katta maktab shakllanib ulgurdi, yangi korxona qilaman, degan tadbirkorlar ham koʻp. Lekin ikki yilda viloyatga chetdan 1 milliard dollarlik asbob-uskunalar import qilingan. Ularni ishlab chiqarishni qancha tez oʻzlashtirsak, iqtisodiyotni yangi texnologik bosqichga oʻtkazishda eng muhim qadam boʻladi”, dedi davlatimiz rahbari.
Masalan, Buloqboshidagi “Molekulyar kimyo” korxonasi respublikada yagona boʻlgan boʻyash dastgohlarini ishlab chiqarishni boshlagan. Mutasaddilar yana 10-15 ta shunday tadbirkorni topib, ularga sharoit qilib bersa, vaziyat mutlaqo oʻzgarishi taʼkidlandi.
Afsuski, bunday tadbirkorlarga uskunasi uchun sertifikat olish, roʻyxatdan oʻtkazish jarayoni qiyinligi, uzoq vaqt talab qilgani sababli ular loyihalarga pul tikishdan xavfsirayapti. Masʼullarga ular bilan yaqin muloqot oʻrnatish va loyihalariga koʻmaklashish topshirildi.
Bundan tashqari, mashinasozlik-konstruktorlik ishlab chiqarish markazlarini tashkil etish Andijondan boshlanishi belgilandi.
Jumladan, tarmoqlar rahbarlari toʻqimachilik, charm-poyabzal, mebel, avtomobilsozlik kabi “drayver” sohalarda talab yuqori boʻlgan kamida 5 turdagi import uskunasining texnik koʻrsatkichini oʻrganadi. Ularning konstruktorlik yechimlarini mahalliy korxonalarga taklif qiladi. Bunday uskunalarni mahalliylashtirish istagidagi tadbirkorlarga 5 milliard soʻmgacha imtiyozli kredit beriladi.
Oltinkoʻldagi tadbirkor zovurni yopiq tizimga oʻtkazib, 1,1 gektarda 20 ta savdo va servis obyekti qurgan. Tuman hokimlari hech boʻlmaganda 30 kilometr zovurni shu tizimga oʻtkazsa, 1 mingta savdo-servis obyekti, 10 ming ish oʻrni yaratish mumkinligi koʻrsatib oʻtildi.
Shu munosabat bilan mutasaddilarga butun respublika boʻyicha trassa boʻyidagi kamida 300 kilometr zovurlarni belgilab, tadbirkorlarga taklif qilish topshirildi. Yil yakunigacha Oltinkoʻl tajribasi asosida 10 mingta savdo-servis joyi va 100 mingta ish oʻrni yaratilishi belgilandi.
Shuningdek, viloyatdagi 21 ming gektar adirni 13 ming gektariga suv chiqarib, ekin ekish mumkin. Mutasaddilarga respublikadagi barcha qir va adirlardan samarali foydalanish boʻyicha takliflar ishlab chiqish topshirildi.
Bunday yerlarga suv chiqarishda nasos ishlatish uchun elektr energiyasi narxi dehqonlarga ogʻirlik qilishini inobatga olib, quyosh paneli oʻrnatish uchun moliyaviy instrumentlarni tezroq ishlatish shartligi koʻrsatib oʻtildi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ehtiyojmand oilalarga elektr va gaz boʻyicha kompensatsiya beriladi
- Tanzila Narbayeva Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi Prezidenti etib saylandi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Ayrim oilalarga bir martalik moddiy yordam beriladi
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring