Andijon viloyatida ichki sayyohlik faoliyati shakllanadi

Davlatimiz rahbari shu yilning 21-22-may kunlari Andijon viloyatiga tashrifi davomida hududda ichki turizmni rivojlantirish masalasiga eʼtiborni qaratdi. Jumladan, Xonobod shahrini Fargʻona vodiysining sayyohlik markaziga aylantirish boʻyicha oʻz koʻrsatmalarini berdi. Shundan soʻng Bosh Vazir oʻrinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi Aziz Abduhakimov boshchiligidagi ishchi guruhi Xonobod shahrida boʻlib, bu yerning turizm salohiyati bilan tanishdi va kelgusida bajarilishi lozim boʻlgan masalalarni kengashdi.
Aytish joiz, shu yilning 25-may kunidan boshlab Xonobod shahrida mutasaddi idoralar vakillari ishtirokida turizmni rivojlantirish yoʻnalishi boʻyicha oʻrganishlar olib borilmoqda. Natijada mavjud ziyoratgohlar, tarixiy obidalar holati tahlil qilinib, kamchiliklarni bartaraf etishga kirishildi. Karantin tartiblariga zid boʻlmagan tarzda obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlari boshlab yuborildi. Sayyohlik markazida dam oluvchilarga yetarli shart-sharoit yaratib berish maqsadida oʻzining istiqbolli loyihalari bilan ishtirok etayotgan tadbirkorlarning hammasi ham muammolardan xoli, deb boʻlmaydi. Ularning aksariyati banklar bilan bogʻliq xizmatlar yuzasidan oʻz murojaatiga ega boʻlsa, ayrimlarining qulay yer maydoni va bino masalasidagi soʻroviga ega. Bosh Vazir oʻrinbosari ishtirokida boʻlib oʻtgan qabulda bu kabi masalalar ijobiy yechim topdi.
-Pandemiya davri tugashi bilan Xonobod shahri sayyohlar uchun oʻz eshiklarini ochadi,-deydi Xonobod shahar hokimi Musaxon Mamadaliyev. – Unga qadar shaharni sayyohlik markaziga aylantirish borasidagi ishlar amalga oshiriladi. Bugina emas, karantin davri tugashi bilan viloyatdagi 43 ta ziyoratgoh va madaniy meros obyektlari, 5 ta sanatoriy, 375 ta kafe va restoranlar, shuningdek, 125 ta choyxona faoliyatga shay holatga keltiriladi. Buning natijasida 12 ming nafarga yaqin aholi oʻzining doimiy ish oʻrniga ega boʻladi.
Ayni paytda ishchi guruhi viloyatning boshqa hududlarida ham ichki sayyohlik faoliyatini shakllantirish imkoniyatlari bilan tanishmoqda. Jumladan, Xoʻjaobod tumanidagi Imom ota nomli qishloqni turizm qishlogʻiga aylantirish masalasi oʻrganilmoqda.
Saminjon HUSANOV,
“Xalq soʻzi”
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- Oʻzgarishlarni soʻz bilan uygʻotgan jurnalist
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring