Amaliy ishlarimiz bilan javob beramiz
Biz dunyo tamadduni, ilm-fan, maʼrifat taraqqiyotiga beqiyos hissa qoʻshgan va Sharq uygʻonish davri hamda ikki Renessansning tamal toshini qoʻygan buyuk ajdodlarimiz bilan haqli ravishda faxrlanib, ularning amaliy faoliyati, ilmiy merosini oʻrganishga eʼtiborimiz har qachongidanda oshgan. Bu bejizga emas, albatta. Boisi bugungi shiddatkor zamonamizda taraqqiyot va mamlakat iqtisodiyoti barqarorligi, xalqning farovonligi bevosita inson intellekti bilan chambarchas bogʻlanib qoldi. Yuqori texnologiyalarga asoslangan ishlab chiqarish rivojlanib, raqobat kuchaymoqda. Buning natijasida har bir sohada ilmga asoslangan yangiliklar yaratish hayotiy zaruratga aylanmoqda. Binobarin kon-metallurgiya sanoati ham bundan mustasno emas.
Zamonaviy togʻ-kon sanoatida ishlanishi murakkab boʻlgan maʼdan tarkibidan metallarni ajratib olish boʻyicha ilmiy ishlar olib borish, yangi texnologiyalarni yaratish muhim vazifalardan biri sanaladi.
Kombinatimiz jamoasining shu yoʻldagi izlanish, fan va texnika sohasida yangiliklar yaratish va ularni ishlab chiqarishga joriy etish boʻyicha saʼy-harakatlari oʻz natijasini berayotganligi mamlakatimizda inson intellektiga eʼtiborning samarasi, desam aslo mubolagʻa emas.
“Texnologik va ishlanishi murakkab boʻlgan oltin tarkibli maʼdanlarni qayta ishlash va oʻzlashtirishning kompleks texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy etish” mavzusidagi ishlanma ana shunday ilmiy izlanishlarimizdan biri hisoblanadi.
Murakkab tarkibli maʼdandan oltinni yuqori samaradorlikda ajratib olishga moʻljallangan mazkur ishlanma ustida ish 2009-yilda olim va mutaxassislar jalb etilgan holda boshlangan edi.
Qariyb oʻn yil izchil ilmiy izlanish va tadqiqotlar olib borildi. Natijada dunyoda muqobili boʻlmagan noyob texnologiya yaratishga, bu ixtironi nazariy hamda amaliy jihatdan respublika va xalqaro miqyosda isbotlab berishga muvaffaq boʻldik.
Ilmiy izlanish va tadqiqotlar koʻlamini tasavvur qilish uchun muhim bir faktni keltirib oʻtmoqchiman. 2009-2019-yillar davomida uch mingdan ortiq har xil muvaffaqiyatli hamda muvaffaqiyatsiz tajriba oʻtkazildi va oqibatda jahon bozori talablariga mos texnologik jarayon ishlab chiqildi.
Bu Germaniya, Qozogʻiston va Rossiyada oʻtgan xalqaro konferensiyalarda munosib himoya qilinib, ilmiy anjumanlarning 1-darajali diplomlariga sazovor boʻldi. Koʻp yillik mashaqqatli izlanishlar, aniq isbot va dalillarga asoslangan ixtiromiz xalqaro miqyosda ham tan olinib, Oʻzbekiston va Germaniyada patent olindi.
Ishlanmamiz dunyo kon-metallurgiya sanoatida muhim yangilik sifatida katta eʼtirofga sazovor boʻldi. Yangi texnologiyaning joriy etilishi tufayli 3-gidrometallurgiya zavodida yiliga qoʻshimcha ravishda chiqindidan 1,5 tonna oltin olinmoqda.
Dastlab soha mutaxassislari va xorijlik olimlar ishimizning natijador va samarali boʻlishiga ishonchsizlik bilan qarashgani ham bor gap. Bu tabiiy hol edi. Chunki ishlanmamiz yangi nazariyaga asoslangan va buning natijasi hozirgi zamon texnologiyalaridan ancha oldinni koʻzlagan edi.
Amaliyotga muvaffaqiyatli tatbiq etilgan ixtiro ortidan kutilgan samaradorlikka erishdik. Bu yutugʻimiz xalqaro miqyosda ham eʼtirof etilib, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Intellektual mulk tashkiloti Oltin medaliga loyiq topildi.
Yangi Oʻzbekiston oʻz taraqqiyotining yangi davriga qadam qoʻymoqda. Keng koʻlamli islohotlar samarasi har bir soha va jabhada tobora yaqqolroq koʻzga tashlanmoqda. Bugungi davr, yaʼni, dunyoda boʻlayotgan oʻzgarishlar, globallashuv jarayonlari barchamizdan har qanday qiyinchiliklarga qaramay, oldimizga qoʻyilgan masʼuliyatli vazifalarni oʻz vaqtida bajarish yoʻlida fidoyilik koʻrsatishni taqozo etmoqda. Zero, mamlakatimiz rahbari Respublika Oliy Majlisi va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasida taʼlim sifatini oshirish — Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining yakkayu yagona toʻgʻri
yoʻli ekanligini, joriy yilda ilm-fan va innovatsiyalarga 1,8 trillion soʻm ajratilishini taʼkidlab, «Endi olimlarimiz suv va energiyani tejash, tuproq unumdorligi va hosildorlik, geologiya, sanoat, qurilish kabi bugungi kunda biz uchun dolzarb yoʻnalishlarda aniq natijalar koʻrsatishlari kerak», degan daʼvatni ilgari surdi.
Mazkur daʼvat, eʼtibor va ishonchga amaliy ishlarimiz bilan javob berish har birimiz uchun ham farz va ham qarzdir.
Quvondiq SANAQULOV,
“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik
jamiyati boshqaruvi raisi — bosh direktori.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring