Alkogol va tamakini isteʼmol qilish joylari aniqlashtiriladi

Maʼlumki, alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda isteʼmol qilinishini cheklash sohasida qator qonun va qonunosti hujjatlari qabul qilingan. Ammo bugungi kun koʻrsatmoqdaki ularning amaliyotda ijro etilish holati qoniqarli darajada emas.
Nega ushbu masala muhokama qilinmoqda?
Soʻzimizni olib borilgan monitoring va tekshiruv natijalari ham isbotlaydi. Xususan, 2020-yilda Toshkent va Samarqand shaharlarida tamaki mahsulotining chakana savdosi, reklama qilish, sotuvini ragʻbatlantirish, homiylik qilish yuzasidan maktablar atrofida va boshqa jamoat joylarida oʻtkazilgan jamoatchilik monitoringiga koʻra, qonun hujjatlarida taʼqiqlangan boʻlsada - sotuv joylarining 38,8 foizi maktablardan 200 metrdan kam boʻlgan masofada joylashgan. Koʻchada savdo qiluvchilarning 89 foizi sigaretalarni donalab sotilgan yoxud savdo joylarida tamaki mahsuloti namoyishga qoʻyilgan hollarning 61,2 foizida bunday mahsulot oʻyinchoqlar va shirinliklar oldiga qoʻyilgan. Shunga oʻxshash boshqa qonun buzilish holatlarni keltirish mumkin.
Shu maʼnoda, kuni kecha Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yalpi majlisida “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda isteʼmol qilinishini cheklash toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi oʻqishda qabul qilindi.
Amaldagi qonun hujjatlarida tashkiliy-huquqiy mexanizmlarning kuchsizligi va ularda boʻshliqlarning borligi natijasida qonunchilikda belgilangan qoidalar va cheklovlarga rioya etish darajasi past. Shuningdek, zamonaviy tamaki (nikotin) mahsulotining aylanmasini tartibga solish masalalari amaldagi qonun hujjatlarida oʻz aksini topmagan. Natijada aholi, ayniqsa yoshlar oʻrtasida bunday mahsulotlarning isteʼmol qilinishi tez surʼatlarda ommalashmoqda.
Shuningdek, tamaki mahsulotini realizatsiya qilish yuridik shaxslar tomonidan amalga oshirilishi belgilangan boʻlsada kundalik hayotda bunday mahsulotning chakana savdosi bilan aksariyat holatlarda yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan noqonuniy shugʻullanishiga sabab boʻlmoqda.
Qonun loyihasida nimalar aks etmoqda?
Loyihada alkogol va tamaki mahsulot va moslamalarni 21 yoshga toʻlmagan shaxslarga va 21 yoshga toʻlmagan shaxslar tomonidan, savdo avtomatlari orqali, elektron tijorat shaklida (mahalliy koʻpiklanadigan va tabiiy vinolar bundan mustasno), sayyor va tarqatma (qoʻlda, lotoklarda, savatchalarda, qoʻl aravachalarida) savdo yoʻli bilan, masofaviy sotish usulida, turgʻun savdo obyektlaridan tashqarida, dorixonalarda, bolalar uchun tovarlarni realizatsiya qilishga moʻljallangan xonalarda, bolalar oʻyinchoqlari, konfetlar yoki bolalar uchun moʻljallangan boshqa tovarlariga oʻxshatib ishlangan boʻlsa, isteʼmol oʻrovida yigirma donadan kam sigareta boʻlsa realizatsiya qilishni taqiqlash koʻzda tutilmoqda.
Alkogol va tamaki mahsulotlarini isteʼmol qilish mumkin boʻlmagan jamoat joylarning aniq roʻyxati koʻrsatilib, chekish uchun ajratilgan maxsus joylarga minimal talablar belgilanmoqda hamda belgilangan qoidalarni ijro etilishini taʼminlash uchun masʼul shaxslar majburiyatlari aniqlanmoqda.
Noqonuniy aylanmaning oldini olish uchun import qiluvchi va ishlab chiqaruvchilar tomonidan mahsulotlarni raqamli markirovkalash, ishlab chiqarish hajmlari va aylanmasini hisobga olish axborot tizimlarining tatbiq etilishi koʻzda tutilmoqda.
Barcha chekilmaydigan (tutunli) tamaki mahsuloti, shu jumladan nikotinli chekilmaydigan (tutunsiz) mahsulotlar Oʻzbekistonga olib kiritilishi hamda realizatsiya qilinishi taʼqiqlanmoqda (bundan nosvoy mustasno).
Chakana savdoni amalga oshirayotganda tamaki mahsuloti hamda tamaki va nikotin isteʼmol qilish uchun moslamalarning turgʻun savdo va xizmat koʻrsatish obyektlarida koʻrsatib qoʻyish va ochiq namoyish etish taqiqlanmoqda.
Bu borada xalqaro tajriba qanday?
Chet el mamlakatlarida alkogol va tamaki mahsulotlarini sotishga doir qator cheklovlar belgilangan. Xususan, AQSH va Qozogʻistonda 21 yoshga toʻlmagan shaxslarga alkogol va tamaki mahsulotlarini sotish mumkin emas. Turkmaniston, Indoneziyada 21 yoshga, Hindistonning 17 ta shtatida 21-25 yoshga toʻlmagan shaxslarga alkogol mahsulotlarini realizatsiya qilish taʼqiqlangan. Oʻtkazilgan tadqiqotlarga qaraganda, 21 yosh - shaxsning shakllanish jarayoni tugaydigan yosh va bu yoshga toʻlmaganlarda qaramlikning rivojlanish ehtimoli bir necha barobar yuqori.
Shu bilan birga, tamaki mahsulotlarini Internet orqali sotish Yevropa Ittifoqida (28 ta mamlakat), shuningdek, MDH mamlakatlarida (Belarus, Moldova, Rossiya Federatsiyasi, Turkmaniston) qonun bilan taqiqlangan.
Savdo va xizmat koʻrsatish obyektlarining peshtaxtalarida tamaki mahsulotini qoʻyish va namoyish etishni taqiqlash dunyoning 45 mamlakatida, jumladan, Yevroosiyo iqtisodiy hamjamiyati (5ta davlat), Gruziya, Tojikiston, Turkmaniston, Moldova, Turkiya, Finlyandiya, Estoniya kabi davlatlarda oʻz samarasini bergan.
Armanistonda jamoat joylarda chekish toʻliq taʼqiqlangan. Gruziyada, Moldova, Tojikiston, Ukrainada – yopiq jamoat joylarning koʻpchiligida, Albaniya, AQSH, Argentina, Avstraliya, Bolgariya, Braziliya, Buyuk Britaniya, Vengriya, Irlandiya, Islandiya, Ispaniya, Xitoy, Kanada, Kolumbiya, Latviya, Litva, Yangi Zelandiya, Norvegiya, Turkiya, Urugvay va boshqa mamlakatlarda umumiy ovqatlanish korxonalarining (kafe, restoran, bar va boshqalar) yopiq joylarida chekish taʼqiqlangan.
Yana bir gap. 2016-yilda AQSHning Rak boʻyicha milliy instituti va Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining iqtisodiy adabiyotlarni keng qamrovli oʻrganishlari shuni koʻrsatdiki, jamoat joylarida, ish joylarida, jumladan, restoran va barlarda chekishni taqiqlovchi qonunlar “iqtisodiy tomondan salbiy taʼsir koʻrsatmagan”. Aksincha, bunday tamakiga qarshi keng qamrovli qonunlar biznesga koʻpincha iqtisodiy tomondan ijobiy taʼsir koʻrsatgan.
Jamoatchilik nima deydi?
Eʼtiborli jihati, qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasi (29-oktyabr – 11-noyabr 2020-yil) davrida qonun loyihasi jamoatchilik, davlat va nodavlat tashkilotlari tomonidan keng qoʻllab-quvvatlangan.
Muhokamada ishtirok etgan fuqarolarning 80 foizi qonun loyihasini qoʻllab-quvvatlagan, 3 foizi salbiy munosabat bildirgan hamda 17 foizi betaraf holda loyihaga oʻz taklif va mulohazalarini bildirgan.
Qanday natijalar kutilmoqda?
Tamaki mahsulotini isteʼmol qilish mumkin boʻlmagan joylarning aniq roʻyxati koʻrsatilishi jamoat joylarida 100 foiz tamakisiz muhit yaratishga huquqiy asos yaratadi.
Alkogol va tamaki isteʼmol qilish bilan bogʻliq kasalliklar va ular tufayli yuz beradigan barvaqt oʻlimlar qisqaradi (ayniqsa erkaklar orasida), jumladan, jigar va jigar ichi oʻt yoʻllari raki, jigar sirrozi, nafas olish aʼzolarining surunkali kasalliklari, yurak-tomir kasalliklari va ularning asoratlari: miokard infarkti, miya insulti, ateroskleroz hamda milk, lab, ogʻiz boʻshligʻi, halqum, hiqildoq, qiziloʻngach va oshqozon raki.
Mast holatda sodir etilgan yoʻl-transport hodisalari, yongʻinlar, jarohatlar va tutunli tamaki mahsulotlarini isteʼmol qilish bilan bogʻliq boʻlgan yongʻinlar va jarohatlar hamda ushbu falokatlar tufayli yuz bergan barvaqt oʻlimlar kamayadi.
Umuman, ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi nafaqat aholi salomatligiga, balki mamlakat iqtisodiyotiga ham ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Barcha uchun tamakisiz muhit yaratishga qaratilgan kompleks qonunlargina chekmaydiganlarning sogʻligʻini himoya qiladi va chekuvchilarning chekishni tashlashga undaydi.
Firdavs SHARIPOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
OʻzXDP fraksiyasi aʼzosi
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Yana bir bozor auksionga qoʻyildi
- Oʻzbekiston pasporti xalqaro indeksda past natija qayd etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Abdulaziz Komilov Italiyaning eng yuqori davlat mukofoti bilan taqdirlandi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring