Aliya Yunusova: “Qonunchiligimizda oʻqituvchi maqomi mustahkamlanishi lozim”

19:49 10 Fevral 2022 Jamiyat
984 0

Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyatining Marhamat tumanidagi 72-ixtisoslashtirilgan maktabi oʻqituvchilari sahnaga ota-onalar qarshisiga chiqib, ulardan kechirim soʻrashga majbur qilingani haqidagi xabarlarga Bola huquqlari boʻyicha vakil Aliya Yunusova munosabat bildirdi.

«Insonni inson qilib kamol toptirishda, unga bilim va odamiylik, mehr-oqibat, ezgu orzu-niyatlar bilan yashash tuygʻularini singdirishda, bir soʻz bilan aytganda, jamiyatimizning munosib fuqarosi boʻlib hayotga kirishi va mustahkam oʻrin olishida oʻqituvchi va murabbiylar, domlalarning, barcha taʼlim sohasi fidoyilarining hissasi beqiyosdir.

Ustozlik oliy rutba, oʻta masʼuliyatli va yuqori maqomga ega kasb. Unga erishish uchun erinmay mehnat qilish va ter toʻkib ishlashga toʻgʻri keladi. Bemisl mehnat, tinimsiz izlanish, bilim javohirlarini yigʻib, uni shogirdlariga ulashish ustozlik obroʻsini ulugʻ qiladi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyatining Marhamat tumanidagi 72-ixtisoslashtirilgan maktabi oʻqituvchilari sahnaga ota-onalar qarshisiga chiqib, ulardan kechirim soʻrashga majbur qilingani va bu ish hokim yordamchisi hamda tuman XTB rahbarining tashabbusi ekani haqidagi xabar tarqaldi.

Omma oldida oʻqituvchilarning kamsitilishi, shaʼni va qadr-qimmatini oyoq osti qilinishini hech ham oqlab boʻlmaydi.

Mamlakatimizda joriy yil Prezidentimiz tomonidan “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili” deb eʼlon qilindi. “Inson qadrini ulugʻlash — yurtimizda yashayotgan har bir odamning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini taʼminlash demakdir”, deya alohida taʼkidlagan edi davlat rahbari.

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 13-moddasiga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy prinsiplarga asoslanadi, ularga koʻra inson, uning hayoti, erkinligi, shaʼni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi. Demokratik huquq va erkinliklar Konstitutsiya va qonunlar bilan himoya qilinadi.

Bosh qomusimizning 48-moddasida fuqarolar Konstitutsiya va qonunlarga rioya etishga, boshqa kishilarning huquqlari erkinliklari, shaʼni va qadr-qimmatini hurmat qilishga majburdirlar - deb belgilangan.

Shuni aytishimiz kerakki, huquqni muhofaza qiluvchi organlar yuqoridagi holatga huquqiy baho berishlari, aybdorlarni aniqlashi va muqarrar jazolashlari lozim.

Shu oʻrinda pedagog xodimlarning maqomini qonun bilan tasdiqlashga oid xalqaro tajriba mavjud ekanligini eslash oʻrinli. Bunga misol qilib, BMTning Oʻqituvchi maqomi toʻgʻrisidagi tavsiyasini keltirib oʻtish mumkin.

Xususan, koʻpgina Yevropa davlatlarida oʻqituvchilar va ilmiy xodimlarning ijtimoiy maqomi ancha yuqori boʻlib, ular davlat xizmatchilariga tenglashtirilgan.

Bugun bizda ham davlat va jamiyatda oʻqituvchi (pedagog)ning maqomini oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirishga jiddiy harakat qilinmoqda. Shundan kelib chiqib, qonunchiligimizda oʻqituvchi (pedagog)ning maqomi mustahkamlanishi lozim» dedi Aliya Yunusova.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?