Alisher Navoiy merosi Turkiyada keng targʻib etilmoqda
Yurtimizda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida milliy oʻzlikni anglash, ona tilimiz nufuzi va turkiy merosni chuqur oʻrganishga qaratilgan izchil davlat siyosati amalga oshirilmoqda. Ushbu siyosat doirasida buyuk mutafakkir va turkiy adabiyot asoschisi Alisher Navoiy merosini xalqaro miqyosda targʻib etish muhim ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilanmoqda.
Mazkur vazifalarning mantiqiy davomi sifatida joriy yilning 5-fevral kuni Toshkent Kimyo xalqaro universiteti tashabbusi bilan Turkiyaning Najmiddin Erbakan universitetida Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligiga bagʻishlangan “Ali Şir Nevâîʼnin Türk Edebiyatındaki Yeri ve Önemi” mavzusida xalqaro ilmiy-maʼrifiy tadbir tashkil etildi.
Tadbirda Toshkent Kimyo xalqaro universiteti professori Gulnoza Odilova Alisher Navoiyning turkiy til taraqqiyotiga qoʻshgan ulkan hissasi, uning ijodining xorijiy mamlakatlarda oʻrganilishi hamda Sharq Renessansidagi oʻrni haqida maʼruza qildi. Maʼruzada XV asr Temuriylar davrida turkiy tilning ijtimoiy va estetik jihatdan kamsitilgani, saroy adabiy muhitida bu tilda ijod qilish past madaniy saviya belgisi sifatida baholanganiga alohida eʼtibor qaratildi. Ana shunday murakkab sharoitda Alisher Navoiy “Muhokamat ul-lugʻatayn” asari orqali til, milliy ong va madaniy mustaqillik masalalarini yuksak ilmiy-maʼrifiy darajada asoslab bergani taʼkidlandi.

Shuningdek, tadbir doirasida Toshkent Kimyo xalqaro universiteti tomonidan chop etilgan, Navoiy devonlaridan saralab olingan 100 hikmatning turk, ingliz va xitoy tillaridagi tarjimalarini oʻz ichiga olgan “Sharq durdonalari” nomli illustratsion kitob taqdimoti boʻlib oʻtdi. Universitet talabalari tomonidan turk tiliga tarjima qilingan hikmatlardan namunalar oʻqildi.
Tadbir ishtirokchilari turkiy xalqlar oʻrtasidagi madaniy va maʼnaviy yaqinlikni mustahkamlashda Alisher Navoiy merosini Turkiyada chuqur oʻrganish va targʻib etish muhim ahamiyat kasb etishini alohida qayd etdilar.
Shahlo Halimova,
Toshkent Kimyo xalqaro universiteti oʻqituvchisi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nodirbek Abdusattorov Pragadagi shaxmat festivalida chempionlikni qoʻlga kiritdi
- Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Prix Versailles talqiniga koʻra 2026-yilning dunyodagi eng goʻzal muzeylari roʻyxatiga kiritildi
- Matchanov Umirzak Seitjanovichning iqtisodiyot fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi eʼloni
- Endilikda yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasini mobil ilova orqali elektron shaklda topshirish mumkin
- Yaqin Sharqdagi keskinlikning narxi: AQSH, Isroil hamda Eron urush uchun qancha sarflayapti?
- Eronning hujum salohiyati 50 foizga qisqardi – AQSH senatori
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring