Alim Ernazarov: “Bizda 8200 kishiga 1 advokat toʻgʻri keladi. Bu halokatli darajada kam”

16:34 23 Sentyabr 2019 Jamiyat
1190 0

Oʻzbekiston Advokatlar palatasida BMT Inson huquqlari kengashining Sudya va advokatlar mustaqilligi masalalari boʻyicha maxsus maʼruzachisi Diyego Garsiya-Sayan bilan uchrashgan edi. Mazkur muloqot chogʻida Palata raisi Alim Ernazarov mehmonni mamlakatimiz advokaturasining hozirgi vaziyat bilan tanishtirar ekan, sohadagi dolzarb muammolarga birma-bir toʻxtaldi. Avvalo, kadrlar tanqisligiga eʼtibor qaratildi.

Maʼlumot uchun, Oʻzbekistonda 3946 nafar advokat roʻyxatga olingan. Yaʼni, oʻrta hisobda 8200 nafar aholiga bitta advokat toʻgʻri keladi.

“Bu halokatli darajada kam, – dedi Palata rahbari. – Eng achinarlisi, soʻnggi 8-10 yilda advokatlar sonida normal potensial oʻsish kuzatilmagan”.

Xoʻsh, boshqa mamlakatlarning analogik koʻrsatkichlari qanday?

A.Ernazarovning soʻzlariga koʻra, yaqinda Palata tomonidan dunyoning 41 davlatidagi advokatlar sonining umumiy nufusga nisbati tahlil qilingan. Aniqlanishicha, aholining advokatlar bilan taʼminlanganlik darajasi boʻyicha biz nafaqat ilgʻor Gʻarb davlatlari, hatto postsovet makondagi qoʻshnilarimizdan ham ancha ortda qolganmiz.

Qiyoslaymiz: jahonda eng yuqori koʻrsatkich Isroilga tegishli – 136 kishiga bitta advokat. Shuningdek, yaqin davlatlardan: Turkiyada 665/1, Estoniyada 1300/1, Ukrainada 1200/1, Gruziyada 700/1, Qozogʻistonda 3932/1.

“Bu hali faqat son masalasi. Har bir fuqaroning malakali yuridik yordam olish imkoniyatlari alohida muhokamaga arziydi”, – taʼkidladi Palata rahbari.

A.Ernazarovning aytishicha, mazkur muammo kompleks yechim talab qiladi, ammo hali-hanuz obyektiv va subyektiv sabablarga koʻra bu borada aniq toʻxtamga kelinmagan. Holbuki, agar shoshilinch choralar koʻrilmasa, vaziyat yil sayin ogʻirlashib boraveradi. Advokatlar va aholi soni nisbatini bir qadar maqbulroq miqdorga keltirish esa uzoq vaqt talab etadigan jarayondir.

“Biz oʻrganib chiqdik: Oʻzbekiston OOʻYulari bir yilda taxminan 650 nafar huquqshunos tayyorlar ekan. Agar advokatura foydasiga moratoriy eʼlon qilib, hamma bitiruvchilar advokatlikka yoʻllangan taqdirda ham 5 yil davomida atigi 3500 nafar yangi advokat qoʻshiladi”, – dedi Palata raisi.

Bu bir ilojsiz chora, albatta. Voqelik shundayki, alaloqibat barmoq bilan sanoqli bitiruvchilargina advokaturani tanlaydi. Yaqin-yaqinlargacha yuridik OOʻYularini tugatganlarning aksari prokuratura va sud idoralarida ishlashga ishtiyoqmand edi. Hozirda ularning havaslari bir qadar oʻzgargan, biroq advokaturaning bugungi ahvoli hanuz yosh mutaxassislarning ambitsiyalariga mos emas, taassufki...

Ha, Oʻzbekistonning advokatlar “armiyasi” kamsonli boʻlgani yetmaganidek, tobora “qarib borayotir”. Alim Ernazarovning maʼlumotiga koʻra, 4 ming nafarga yetar-yetmas advokatdan 30 va undan kichik yoshdagilar salmogʻi atigi 70 kishini tashkil qiladi!..

“Jamiyatimizda advokatning obroʻyi oʻzi hamin qadar. Qolaversa, shu kasb egasi boʻlishni orzusida yuridik bilim olgan yoshlar advokatlik faoliyatini boshlashda maʼmuriy cheklovlarga duch keladi. Masalan, qonunchiligimizga koʻra, advokat litsenziyasini olish shartlaridan biri – huquqiy sohada 2 yillik ish stajiga egalik. Shu kabi toʻsiqlar advokat boʻlish istagidagi kamyob yoshlarning oyogʻiga tushov boʻlayotir”, – deya afsus bilan qayd etdi Advokatlar palatasi raisi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?