Akademiya bitiruvchilariga diplom va harbiy unvon tantanali topshirildi

Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasida bitiruvchi kursantlarga diplom va leytenant harbiy unvonini topshirishga bagʻishlangan tantanali tadbir tashkil etildi.
Unda Oʻzbekiston Respublikasi favqulodda vaziyatlar vaziri, general-mayor Abdulla Qoʻldoshev, mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlari hamda masʼul xodimlari, Akademiya professor-oʻqituvchilari, harbiy xizmatchilar va kursantlar, keng jamoatchilik hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda Favqulodda vaziyatlar vaziri, general-mayor Abdulla Qoʻldoshev hamda Akademiya boshligʻi, general-polkovnik Qobul Berdiyev soʻzga chiqib, yurtimizda oliy maʼlumotli mutaxassis kadrlarni har tomonlama yetuk, masʼuliyat va burchini chuqur his qiladigan hamda oʻz kasbini sevib ardoqlaydigan, fidoyi insonlar qilib tarbiyalash uchun keng imkoniyatlarni yaratib berayotganini alohida taʼkidladi.
Soʻnggi yillarda oliy taʼlim muassasalari ilmiy salohiyatini mustahkamlash, oliy taʼlimda ilm-fanni yanada rivojlantirish, uning akademik ilm-fan bilan integratsiyalashuvini kuchaytirish, oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilarining ilmiy-tadqiqot faoliyati samaradorligi va natijadorligini oshirish, iqtidorli yoshlarni ilmiy faoliyat bilan shugʻullanishga keng jalb etishga alohida eʼtibor qaratib kelinmoqda.
Ushbu islohotlar jarayonida favqulodda vaziyatlarning oldini olish sohasida kadrlar tayyorlash masalasiga qaratilayotgan eʼtiborni ham alohida qayd etish joiz. Bu borada davlatimiz rahbarining “Oʻzbekiston Respublikasida Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish hamda yongʻin xavfsizligini taʼminlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish toʻgʻrisida”gi Farmoni muhim dasturilamal boʻlib xizmat qilyapti.
Bitiruvchilarga diplom va leytenant harbiy unvoni tantanali ravishda topshirildi. Yosh ofitser uchun general qoʻlidan diplom va harbiy unvon olish katta ishonch va faxr-iftixor, desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Bu lahzalar ularning hayotida bir umrlik oltin sahifalar boʻlib qoladi.
Joriy oʻquv yilida “Yongʻin xavfsizligi” va “Texnosfera xavfsizligi” mutaxassisliklari boʻyicha tahsil olgan 150 nafar bitiruvchidan 5 nafari imtiyozli diplom bilan bitirdilar.
Tantana davomida soʻzga chiqqan bitiruvchilar va ularning ota-onalari, taklif etilgan mehmonlar oʻzlarining his-hayajonga toʻla tilaklarini izhor etib, yosh ofitserlarni samimiy muborakbod etishdi.
— Bugun biz, yosh ofitserlarning quvonchimiz cheksiz, — deydi bitiruvchilardan biri, leytenant Sardorbek Tohirov. — Bizni voyaga yetkazgan ota-onalarimiz, taʼlim-tarbiya bergan ustozlarimiz, barcha shart-sharoitni yaratib bergan Prezidentimizga samimiy minnatdorligimizni bildiramiz. Albatta, xalqimizning tinch-osuda hayotini, sogʻligini asrashdek baxtli kasb boʻlmasa kerak, biz ana shunday qutqaruvchilikdek sharafli kasbni egallab, yetuk kadrlar boʻlib yetishganimizdan va Ona Vatanimiz ravnaqiga oʻz hissamizni qoʻshayotganligimizdan faxrlanamiz. Kelgusidagi xizmat faoliyatimizda favqulodda vaziyatlarning oldini olish hamda yongʻin xavfsizligini taʼminlash yoʻlida bor kuch-gʻayratimizni safarbar etishga vaʼda beramiz.
— Bugun farzandim Islombek ofitserlik unvonini olib, mustaqil hayotga yoʻl olayotganidan boshim koʻkka yetdi, — deydi polkovnik Nurjan Bekbaum. — Oʻzim ham shu sohada mehnat qilayotganligim sababli bizning oilamizda ham ushbu kasbga xos boʻlgan muhit shakllangan va shu ruhda voyaga yetgan. Ishonamanki, farzandlarim jonajon Vatanimiz va xalqimiz xizmatida boʻlib, ushbu oliy dargohda olgan nazariy bilim va koʻnikmalarini amaliyotda qoʻllab, mustaqil yurt osoyishtaligini taʼminlashga bor kuch va shijoatlarini safarbar etadi.
Tantanali tadbir katta bayram konsertiga ulanib ketdi.
Farhodjon XOʻJAYEV,
FVV Akademiyasi katta oʻqituvchisi, mayor.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Yana bir bozor auksionga qoʻyildi
- Oʻzbekiston pasporti xalqaro indeksda past natija qayd etdi
- Abdulaziz Komilov Italiyaning eng yuqori davlat mukofoti bilan taqdirlandi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring