Ayrim davlat tashkilotlarining huquqiy targʻibot borasidagi ishlari qoniqarsiz deb topildi

18:13 24 Fevral 2022 Jamiyat
745 0

Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirining 2021-yilda huquqiy targʻibot va maʼrifatning holati haqidagi axboroti dastlabki tarzda eshitildi.

Yigʻilishda oʻtgan davr mobaynida Adliya vazirligi tomonidan 450 mingga yaqin huquqiy targʻibot tadbirlari oʻtkazilgani taʼkidlandi.

Davlat organlari va tashkilotlarining huquqiy targʻibot sohasidagi faoliyatini baholashda qogʻozbozlikning oldini olish maqsadida “htb.huquqiyportal.uz” ishga tushirilib, davlat organlari va tashkilotlarining targʻibot faoliyatini baholash koʻrsatkichlari qayta koʻrib chiqilib, bugungi davr talablariga moslashtirilganligi qayd etildi.

Maʼlum qilinishicha, davlat organlari va tashkilotlarining 14 mingga yaqin xodimlari onlayn oʻqitilgan.

Aholining keng qatlami uchun kurslar.huquqiyportal.uz portali orqali bir qator yoʻnalishlarda (xotin-qizlar huquqlari, mehnat huquqi, nikoh va oilaviy munosabatlar, tadbirkorlik va biznes yuritish, ipoteka krediti) onlayn huquqiy kurslar tashkil qilingan.

“Vatan taqdiri – mening taqdirimda” mavzusida 2 mln yoshlarni qamrab olgan seminar-treninglar oʻtkazilgan.

Mustaqillining 30 yilligi arafasida Toshkent shahrida “Adliyadan adliyagacha” huquqiy marshi, “Mustaqillik – huquq demakdir” mavzusida ijodiy tanlov, davlat tili bayrami arafasida “Ezgu amal” xayriya jamgʻarmasi bilan hamkorlikda “Davlat tili – millat gʻururi” shiori ostida marafon tashkil etilgan.

Barcha hududlarda “Adliya sayillari” huquqiy fleshmob va aksiyalari oʻtkazilgan.

Adliya vazirligi tomonidan oʻtkazilgan huquqiy targʻibot tadbirlari monitoringi natijalariga koʻra Ichki ishlar vazirligi (95,4 ball), Mudofaa vazirligi (73,8 ball), Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi (73,5 ball) namunali deb topildi.

Shu bilan birga, Yoʻl qurilish ishlari sifatini nazorat qilish inspeksiyasi, Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi, Sugʻurta bozorini rivojlantirish agentligining jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish borasidagi ishlari qoniqarsiz deb topildi.

Shuningdek, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Energetika vazirligi, Kinematografiya agentligi tomonidan amalga oshirilgan targʻibot tadbirlari haqidagi maʼlumotlar monitoring qilish uchun Adliya vazirligiga taqdim etilmagan.

Bugungi kunda jamiyatimizda huquqiy ong sezilarli darajada oshyapti. Buni ijtimoiy tarmoqlardagi ochiq muhokamalardan, fuqarolarimizning oʻz pozitsiyasini erkin bildira olayotganligidan ham koʻrish mumkin.

Muhokamada senatorlar tomonidan jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirishda, avvalo, davlat xizmatchilarining huquqiy bilimlarini kuchaytirish kerakligi va ular aholiga oʻrnak boʻlishi kerakligi taʼkidlandi.

Davlat xizmatchilari aholining huquqiy ongini oshirish jarayonida oʻzlari ham zamon va islohotlar talablariga mos boʻlishlari, oʻz faoliyatini takomillashtirishi hamda jamiyatning talabini qondirishga tayyor boʻlishlari zarur.

Muhokamalar jarayonida kelgusida amalga oshiriladigan ustuvor rejalar ham tahlil qilindi. Xususan, aholining huquqiy madaniyati va ongini yuksaltirish, bu borada davlat organlarining fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari va taʼlim tashkilotlari bilan oʻzaro samarali hamkorligini takomillashtirish zarurligi belgilandi.

Majlis yakuni boʻyicha Qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?