Aybsizlik prezumpsiyasi — tuhmat va gumondan himoyalanish kafolati
Xalqimiz oʻt, suv va tuhmat balosidan oʻzi asrasin, deb bejizga aytmagan. Asossiz ayblanib, yana kamiga jazoga tortilishdan ortiq adolatsizlik boʻlmasa kerak. Yaqin va uzoq oʻtmishimizda quruq tuhmat va boʻhtonlar bilan ayblanib, jazoga hukm qilinganlar oz emas.
Aybsizlik prezumpsiyasi jinoyat protsessida shaxs huquqlarini himoya qilishning eng muhim kafolatlaridan biri hisoblanadi. Ushbu huquq shaxsni adolatli sud qarorisiz ayblashdan himoya qiladi hamda uni oʻzining aybsizligini isbotlab berish majburiyatidan xalos etadi.
Shu maʼnoda BMTning Inson huquqlari boʻyicha qoʻmitasi tomonidan aybsizlik prezumpsiyasi chekinib boʻlmaydigan va cheklab boʻlmaydigan mutlaq huquq sifatida eʼtirof etilganini alohida taʼkidlash joiz.
Bugungi kunda aybsizlik prezumpsiyasi inson huquqlariga oid eng muhim standartlardan biri sifatida quyidagi tarkibiy elementlardan tashkil topgan:
– aybni isbotlash majburiyati ayblov tarafning zimmasiga yuklanadi;
– ayb asoslangan shubhalar boʻlmagan holda isbotlanmaguncha, aybdorlikka doir shubha qilib boʻlmasligini kafolatlaydi;
– shubhalar doimo ayblanuvchi foydasiga hal qilinishi kafolatlanadi va jinoyat sodir etganlikda ayblanuvchiga nisbatan ushbu tamoyilga muvofiq munosabatda boʻlish talab etiladi.
Quvonarli tomoni shundaki, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda aybsizlik prezumpsiyasining barcha jihatlari toʻliq oʻz ifodasini topdi. Buni quyidagilarda koʻrish mumkin:
Birinchidan, shaxsning aybi qonunda nazarda tutilgan tartibda oshkora sud muhokamasi yoʻli bilan isbotlanmaguncha va sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi bilan belgilanmaguncha aybsiz deb hisoblanishi belgilandi.
Shaxsni aybdor deb topishga faqat sud vakolatli ekani aybsizlik prezumpsiyasining oltin qoidalaridan biri hisoblanadi. Suddan boshqa organlar har qanday holatda ham shaxsni aybdor deb topishga haqli emas. Sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi mavjud boʻlgandagina shaxsni aybdor deb hisoblash mumkinligining belgilanishi shaxsni huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan oʻzboshimchalik bilan ayblash va javobgarlikka tortishdan himoya qiladi. Qolaversa, ushbu qoida soʻngi yillarda fuqarolar oʻrtasida keng uchrayotgan “samosud” holatlariga chek qoʻyishga ham xizmati qiladi;
Ikkinchidan, ayblanuvchi oʻzini himoya qilish uchun barcha imkoniyatlar bilan taʼminlanadi. Ayblanuvchi har doim himoyalanish imkoniyatga ega boʻlishi lozim. Ayblanuvchiga himoyachiga ega boʻlish hamda uchrashuvlarning soni va davom etish vaqti cheklanmagan holda u bilan xoli uchrashish imkoniyati kafolatlanadi.
Belgilangan hollarda advokatlar tomonidan koʻrsatilgan yuridik yordam uchun davlat hisobidan qoplanadi.
Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi va mahkumning himoya huquqi jinoyat-sudlov ishlarini yuritishda asos qilib olinuvchi prinsiplardan biri sifatida ish boʻyicha qonuniy, asoslantirilgan va adolatli qaror qabul qilinishini kafolatlaydi;
Uchinchidan, aybdorlikka oid barcha shubhalar, agar ularni bartaraf etish imkoniyatlari tugagan boʻlsa, gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining yoki mahkumning foydasiga hal qilinishi nazarda tutildi.
Baʼzan shaxsning aybiga oid gumon va tusmollarga aniqlik kiritishning qonuniy imkoni boʻlmay qoladi. Ana shunday gumon va tusmollar gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining yoki mahkumning manfaatlari va foydasidan kelib chiqib talqin qilinadi.
Toʻrtinchidan, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi oʻzining aybsizligini isbotlab berishi shart emas va istalgan vaqtda sukut saqlash huquqidan foydalanishi mumkin.
Isbot qilish surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sud tomonidan amalga oshirilishi kerak. Shaxsni ham javobgarlikka tortib, ham undan oʻz aybsizligini isbotlab berishni talab qilishga yoʻl qoʻyilmaydi;
Beshinchidan, hech kim oʻziga va yaqin qarindoshlariga qarshi guvohlik berishga majbur emas. Sud va tergovda shaxsni oʻziga va oila aʼzolariga qarshi guvohlik berishga majbur qilish uning manfaatlariga aslo toʻgʻri kelmaydi. Qolaversa, milliy mentalitetimizda oila aʼzolari va qarindoshlar oʻrtasidagi oʻzaro hurmat muhim qadriyat sifatida tushuniladi. Otaning oʻz farzandiga, farzandning otasiga, aka-uka va opa-singillar bir biriga qarshi guvohlik berishi oilaviy qadriyatlarimizga ham mos emas. Shu sababli shaxsning oʻziga va yaqin qarindoshlariga qarshi guvohlik berishga majbur emasligi toʻgʻrisidagi norma aybsizlik prezumpsiyasini milliy mentalitetimiz asosida yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.
Oltinchidan, agar shaxsning oʻz aybini tan olganligi unga qarshi yagona dalil boʻlsa, u aybdor deb topilishi yoki jazoga tortilishi mumkin emasligi belgilanmoqda. Bu sud va tergovda shaxs manfaatlarini himoya qilish boʻyicha yangi kafolatlar taqdim etadi.
Gap shundaki, shaxsning aybiga oid dalillar yetarli boʻlmaganda uning oʻz aybiga iqror boʻlganligi toʻgʻrisidagi yagona dalil bilan cheklanish holatlari ham mavjud. Birgina oʻz aybiga iqror boʻlganligi bilan shaxsni javobgarlikka tortish va jazoga hukm qilish adolat va mantiq mezonlariga toʻgʻri kelmaydi. Endilikda shaxsni ayblash uchun dalillar yetarli boʻlmaganda aybiga iqrorlik olish uchun qoʻrqitish, unga tahdid qilish va bosim oʻtkazish yoki qiynoq qoʻllash holatlariga yoʻl qoʻyilmaydi.
Aybsizlik prezumpsiyasining konstitutsiya bilan mustahkamlanishi sudlanayotgan fuqarolarning umuminsoniy huquqlarga rioya etilishi va tergov jarayonlaridagi muhim insonparvar qoidalar joriy qilinishini kafolatlaydi.
Farxod PRIMOV,
IIV Akademiyasi kafedra boshligʻi
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring