Aholiga sifatli tibbiy xizmatlar koʻrsatilmoqda

Saminjon HUSANOV/“Xalq soʻzi”. Keyingi yillarda respublikamiz sogʻliqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, tibbiyot yoʻnalishiga zamonaviy, yuqori texnologik uskunalarning jalb etilishi eng murakkab jarrohlik amaliyotlarini ham hududlarning oʻzida amalga oshirish imkonini bermoqda.
Ayni paytda respublika darajasida amalga oshiriladigan 14 turdagi yuqori texnologik operatsiyalar viloyat markazida, viloyat darajasidagi 5 turdagi jarrohlik amaliyotlari bevosita tuman va shaharlar shifoxonalarida bajarilishi yoʻlga qoʻyildi. Sohada sifatli natijalarga erishish uchun eng avvalo, tibbiy muassasalar zamon talablariga javob berishi kerak. Shuning uchun oʻtgan yilda 9 ta yirik muassasalarda qurilish-taʼmirlash ishlari amalga oshirildi. Masalan, Andijon davlat tibbiyot instituti klinikasida 34 mlrd. soʻmlik loyiha ishlari bajarildi. 7 ta maskanda “Tashabbusli byudjet” dasturiga asosan 10,5 mlrd. soʻmlik qayta qurish ishlari olib borildi. Tibbiyot muassasalari uchun 1500 dona 59 turdagi yuqori texnologik tibbiy asbob-uskunalar sotib olindi. Bu bemorlarga sifatli tibbiy xizmat koʻrsatish bilan bir qatorda yashirin kasalliklarni vaqtli aniqlash imkonini ham berdi. Xususan, respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Andijon filialida davolash-muolaja ishlari tubdan ijobiy tomonga oʻzgardi.
— Oʻn toʻrt yildan buyon qandli diabet kasalligi bilan ogʻriyman, — deydi Andijon shahrida yashovchi Mehriniso Haydarova. — Har olti oyda tibbiy koʻrikdan oʻtib, muolaja olib turaman. Ilgari viloyatda sharoit boʻlmaganiga davolanish uchun poytaxtga borishimga toʻgʻri kelardi. Hozir viloyat shifo maskanlari eng zamonaviy tibbiy uskunalar bilan taʼminlangani uchun shu yerning oʻzida har qanday muolaja olish imkoni vujudga keldi.
Aytish kerakki, 2024-yilda viloyatdagi mavjud aholining 96,9 foizi xatlovdan oʻtkazildi. 40 yoshdan oshgan aholi orasida yurak-qon tomir kasalliklari va endokrinologik kasalliklarni erta aniqlash maqsadida 977 ming 635 nafar aholi skriningdan oʻtkazildi. Viloyatda ona va bola salomatligini asrash boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar ham ibratlidir. Oʻtgan yili tugʻruqqa koʻmaklashuvchi muassasalarda tibbiy xizmat sifatini oshirish maqsadida respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Andijon viloyat hududiy filialiga 30 ta, Shahrixon tumanlararo perinatal markaziga 30 ta, Baliqchi tumani tugʻruq kompleksiga 15 ta qoʻshimcha oʻrinlar tashkil etildi. Qoʻrgʻontepa, Paxtaobod va Shahrixon tumanlarida perinatal markazlarining tashkil etilishi natijasida chekka hududlardagi tugʻish yoshidagi ayollarga sifatli tibbiy xizmat koʻrsatish yangi bosqichga olib chiqildi. “Ona va bola salomatlik markazi”ning viloyatdagi filiali xalqaro “Xavfsiz onalik” sertifikatiga ega boʻldi.
Viloyat bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazi respublikadagi nufuzli shifoxonalardan biriga aylandi. Bu yerda bir yilda oʻrtacha 350 ta yuqori texnologik operatsiyalar amalga oshirilmoqda.
— Farzandim tugʻilganida yuragida muammosi bor edi, — deydi qoʻrgʻontepalik Sarvinoz Sotiboldiyeva. — Shuning uchun viloyat bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markaziga yoʻllanma berishdi. Bu yerda tajribali shifokorlar tomonidan murakkab jarrohlik amaliyoti oʻtkazildi. Hozir farzandim sogʻlom ulgʻaymoqda.
Viloyatdagi mavjud tibbiyot muassasalarida faqat mahalliy aholi emas, qoʻshni davlatlardan kelgan bemorlar ham shifo topayotgani diqqatga sazovor. Ushbu shifo maskanlarida 4 ming nafarga yaqin chet el fuqarolari davolanib, sogʻlom hayotga qaytdi.
— Andijon viloyatida aqli zaif bolalarga koʻmaklashuvchi tibbiy muassasa borligini eshitib, 15 yoshli oʻgʻlimni shu yerga olib keldim, — deydi qozogʻistonlik Sayram Adisheva. — Farzandimni tibbiy koʻrikdan oʻtkazishdi. Keyin mustaqil harakatlana olishini taʼminlab berishlari mumkinligini aytishdi. 15 kunda oʻgʻlim oʻzi ovqatlanadigan, buyumlarini ajratadigan, atrofidagilarni taniydigan boʻldi. Bu men uchun juda katta baxt. Shundan buyon har yili kelib muolaja olyapmiz. Bu Oʻzbekistonda tibbiyot sohasi naqadar tez va qisqa muddatlarda ijobiy tomonga oʻzgarganini koʻrsatadi.
Bu borada olib borilayotgan islohotlar mamlakatimizda inson omiliga boʻlgan eʼtiborning yuksak ifodasi sifatida eʼtirof etilmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
- Saudiya Arabistonida “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” davom etmoqda
- Toshkentda “Oʻzbekkosmos” va “NASA” agentliklari hamkorligida “NASA Space Apps Challenge 2025” Hakaton tadbiri oʻtkazilmoqda
- Super oy: Bugun Yerning tabiiy yoʻldoshi odatdagidan ancha katta koʻrinmoqda
- Tuman va shahar hokimi oʻrinbosarlari soni qisqartiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring