Aholiga sifatli guruch yetkazib berish hajmi oshadi

12:46 04 Sentyabr 2023 Jamiyat
657 0

Guruch xalqimiz koʻp isteʼmol qiladigan eng muhim mahsulotlardan biri sanaladi. Shu bois yurtimizda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlar doirasida sholichilikni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Ayniqsa, Prezidentimizning 2021-yil 2-fevraldagi “Sholi yetishtirishni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroridan soʻng sohada sifat oʻzgarishlari boshlandi, samaradorlik oshdi.

Maʼlumotlarga qaraganda, mamlakatimizda har yili 100 ming gektardan ortiq maydonlarda sholi ekilib, 520 ming tonnaga yaqin hosil olinadi, oʻz navbatida, 310 ming tonna atrofida guruch ishlab chiqariladi.

Joriy yilda ham respublika aholisining guruchga boʻlgan talabini barqaror taʼminlash maqsadida moʻl hosil yetishtirildi. Quyi Chirchiq tumanida birinchilardan boʻlib oʻrim-yigʻim ishlariga kirishildi. Shu munosabat bilan tumandagi koʻp tarmoqli “TST Sluster” klasteriga qarashli “TCT Rice” sholichilik klasterida seminar tashkil etildi.

Taʼkidlanganidek, joriy mavsumda “TCT Rice” sholichilik klasteri tomonidan 2600 gektarda sholining “Lazurniy”, “Alanga”, “Guliston” kabi navlari parvarishlandi. Ayni paytda sholining ertaki “Lazurniy” navi hosili pishib yetilib, oʻroq tushdi.      

— Keyingi paytda mamlakatimiz sholichiligida Quyi Chirchiq tajribasi yaratildi, — deydi Oliy Majlis Senatining Agrar va suv xoʻjaligi masalalari qoʻmitasi raisi Bahodir Tojiyev. — Bu davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan qishloq xoʻjaligiga klaster tizimi joriy etilgani samarasidir. Mana, sholichilik klasterining ushbu zamonaviy korxonasi oʻrni yaqin-yaqingacha tashlandiq joy edi. Sholi hosildorligi esa nihoyatda past edi. Sholikorlar faoliyati tarqoq boʻlgani uchun tuzuk daromad ololmasdi. Ayniqsa, sholini qayta ishlashda koʻplab muammolarga duch kelinardi. Klaster tomonidan sholi yetishtirish va qayta ishlashning toʻliq “sanoat zanjiri” yaratilgach, hosildorlik oshib, yuqori sifat guruch ishlab chiqarila boshlandi.

Chindan ham, klasterda hosildorlik yil sayin oshmoqda. Oʻrimning birinchi kunida ayrim maydonlarda gektaridan 80 sentnergacha sholi oʻrib olingani buning tasdigʻidir. Oʻrtacha hosildorlik esa 60-65 sentnerni tashkil etishi kutilmoqda. Eng asosiysi, intensiv texnologiyalar qoʻllanilib, yangi-yangi tajribalar sinovdan oʻtkazilayotgani muvaffaqiyatlarga mustahkamlayapti. Masalan, bu yil gʻalladan boʻshagan maydonlarning 200 gektariga sholi ekildi.

— Takroriy ekin sifatida sholining tezpishar “Guliston” navi joylashtirildi, — deydi “TCT Rice” sholichilik klasteri rahbari Toʻlqin Hakimov. — Suv va oʻgʻit taʼminotida uzilish boʻlmagani, ekin obitobida parvarishlangani tufayli uning rivoji tezlashib, ertaki sholiga yetib oldi. Ayni paytda boshoqlab, pishib yetilyapti. Hademay, ushbu maydonlarda ham oʻrim-yigʻim ishlari boshlanadi.

Sholichilik tarmogʻiga ilgʻor innovatsiyalar kirib kelayotgani mahsulot ishlab chiqarish hajmini oshirish, narx-navo barqarorligini taʼminlash, aholiga sifatli guruch yetkazib berish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Said RAHMONOV.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?