Aholi bandligini taʼminlash — pirovard maqsad

20:04 15 Aprel 2024 Jamiyat
230 0

Davlatimiz rahbari topshirigʻiga asosan tuzilgan Respublika ishchi guruhi oʻz faoliyatini Jizzax viloyatida davom ettirmoqda.

Prezident Administratsiyasi, Xalq qabulxonasi hamda tegishli vazirlik va idora vakillaridan tashkil topgan ishchi guruh tomonidan viloyat aholisi muammolarini hal qilish, «mahalla yettiligi» hamkorligini taʼminlash, yoshlar bilan ishlash, aholi bandligini taʼminlash, tomorqalardan foydalanishni samarali tashkil etish kabi yoʻnalishlarda qator amaliy ishlar olib borilmoqda.

Prezident maslahatchisi oʻrinbosari – Xalq qabulxonasi rahbari Ulugʻbek Muhammadiyev boshchiligidagi guruh mutasaddilari viloyat tumanlarida mahalla faollari, yoshlar bilan ochiq muloqotlar, xonadonbay oʻrganishlar olib bormoqda.

Jumladan, ushbu tadbirlarda aholi tomorqalaridan unumli foydalanish, tadbirkorlik istagini bildirgan fuqarolarni qoʻllab-quvvatlash orqali issiqxonalarni tashkil etish, dehqonchilik qilish uchun yer maydonlarini ajratishda amaliy koʻmak berishga alohida eʼtibor qaratilyapti.

Xususan, Xalq qabulxonasi tomonidan Paxtakor tumanida uy sharoitida biogumus va qoʻziqorinning shampinion turini yetishtirish va shu orqali daromad topishga qaratilgan koʻrgazmali seminar tashkil etildi. Mazkur tadbir mahalla faollari, hokim yordamchilari hamda tadbirkorlikka qiziqqan yoshlar ishtirokida «BEST GOLD CROWN» MCHJda tashkil etildi.

Tadbirkor А.Ҳайитов oʻtgan yili 33 million soʻmlik imtiyozli kredit evaziga 8 kvadrat metr maydonda Kaliforniya qizil chuvalchangini parvarishlashni boshlagan edi. Bugunga kelib 72 kvadrat metr maydonda ishlab chiqarishni kengaytirib, xaridorlarga 50-100 tonna biogumus yetkazib bermoqda.

– Hozirgi kunda bir kilogramm biogumus bozorda oʻrtacha ming soʻmni tashkil etadi, — deydi А.Ҳайитов. – Kelgusida qishloq xoʻjaligi uchun juda muhim hisoblangan bu mahsulotni tashqi bozorga ham yetkazib berishga kirishsak, daromad ham shunga yarasha koʻpayadi.

А.Ҳайитов boshchiligida turmush oʻrtogʻi, farzandlari tomonidan «Shanpinion» qoʻziqorini 100 metr кв.да yetishtirilmoqda. Bir mavsumda oʻrtacha hosil 1500 kilogrammdan oshadi.

Tadbir yakunida 15 nafar fuqaro ushbu yoʻnalishda oʻz tadbirkorligini boshlash istagini bildirib, Xalq qabulxonasi tomonidan kerakli amaliy koʻmaklarni olishdi.

Respublika ishchi guruhining Arnasoy tumanida oʻrganishlari natijasida «Boʻston» mahallasida istiqomat qiluvchi Gʻaybullayev Sherzod Xalq qabulxonasi tavsiyasi asosida imtiyozli kredit olib, tadbirkorlikni boshladi. U 2 sotix maydonda pomidor koʻchatlarini yetishtiradigan boʻldi. Qolaversa, Sherzod oʻzidan tashqari yana ikki kishini ish bilan taʼminladi.

«Tinchlik» mahallasida «Ayollar» va «Yoshlar» daftaridagi 29 nafar fuqaroga 20 sotixdan ajratilgan, jami 5.8 gektar yer maydonida amalga oshirilayotgan «Bir kontur — bir mahsulot — bir mahalla» tamoyili asosida eksportbop mahsulotlar yetishtirish uchun yer tayyorlash jarayonlari bilan tanishildi va yoshlarga tegishli tavsiyalar, amaliy koʻmaklar koʻrsatildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?