Aholi bandligini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar ustidan taʼsirchan parlament nazorati oʻrnatiladi

16:26 24 Fevral 2023 Jamiyat
452 0

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining hududlarda aholi bandligini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan parlament nazoratining samaradorligini oshirish yuzasidan Qoʻshma qarori qabul qilindi.

Mamlakatimizda ishsiz fuqarolarning, ayniqsa, xotin-qizlar va mehnat bozoriga ilk bor kirib kelayotgan bitiruvchilarning bandligini taʼminlash va ularni tadbirkorlikka keng jalb etish, shuningdek, norasmiy bandlikni kamaytirish boʻyicha yangi taʼsirchan mexanizmlar joriy etilishi natijasida 2022-yil davomida doimiy, vaqtinchalik va mavsumiy ishlarda jami 6 milliondan ziyod aholining bandligi taʼminlangan.

Jumladan, investitsiya loyihalarini amalga oshirish hisobiga 305 ming, qurilishda 139 ming, qishloq xoʻjaligida 3,3 mln, moliya-iqtisod, tadbirkorlik va kambagʻallikni qisqartirish yoʻnalishida 2,6 mln hamda turizm va madaniyat yoʻnalishida 344 ming kishi band boʻlgan.

Ayniqsa, paxta va gʻalladan qisqartirilgan 100 ming gektar yerni ochiq elektron tanlov orqali fuqarolarga ajratib berish hisobiga 1,3 milliondan ortiq kishi ish bilan taʼminlangan.

Shu davrda 200 mingga yaqin tadbirkorlik subyekti tashkil qilingan, 10 mingta korxona faoliyati kengaytirilgan, 11 mingta korxona quvvati tiklangan.

Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida hokim yordamchilarining tavsiyalari asosida qariyb 10 trln soʻm kredit mablagʻlari ajratilishi natijasida oʻtgan yilning oʻzida kambagʻallik darajasi 17 foizdan 14 foizga tushirilgani, bunda hokim yordamchilari 1 mln aholini kasb-hunarga oʻqitib, tadbirkorlikni boshlashga koʻmaklashgani, daromadli ish bilan band qilgani muhim omil boʻlgan.

Bu boradagi ishlar oʻtgan yil davomida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senati tomonidan parlament nazorati doirasida palatalar majlislarida muhokama qilinib, Bosh vazir oʻrinbosarlarining hamda tegishli vazirlik va idoralar, hududlar mutasaddilarining axborotlari eshitilgan, shuningdek, 20 ga yaqin tizimli muammo va kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha Hukumatga takliflar berilgan.

Joriy yilda 5 mln kishi bandligini taʼminlash, shu jumladan 2 mln doimiy ish oʻrni yaratish, 1 mln kishini kambagʻallikdan chiqarish yuzasidan tarmoq va hudud rahbarlari tomonidan zarur chora-tadbirlar koʻriladi.

Mazkur vazifalarni oʻz vaqtida va samarali tarzda bajarish yuzasidan parlament nazorati samaradorligini yanada oshirish maqsadida Qoʻshma qaror bilan bir qator chora-tadbirlar belgilandi.

Xususan, hududlarda aholi bandligini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini oʻrganish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” tasdiqlandi hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati aʼzolaridan iborat tarkibda ishchi guruh tuzildi.

Ishchi guruh zimmasiga reja-jadval asosida har oyda hududlarga chiqib, aholi bandligini taʼminlash hududiy dasturlarining tasdiqlanishi hamda amalga oshirilishi ustidan taʼsirchan parlament nazoratini olib borish, aniqlangan muammolarni tegishli vazirliklar va idoralar bilan hamkorlikda joyida hal etish, tizimli kamchiliklarni bartaraf qilish boʻyicha takliflar tayyorlash vazifalari yuklandi.

Parlament aʼzolari tomonidan mamlakatimizda aholi bandligini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida keng tushuntirish-targʻibot ishlari olib boriladi.

Parlament nazorati tadbirlarining natijalari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari sessiyalarida muhokama qilinadi.

Shuningdek, “Yoʻl xaritasi”da bandlik dasturlarining ijrosi masalalari, sohadagi mavjud tizimli muammolar atroflicha koʻrib chiqilib, ularni hal etish boʻyicha mutasaddi vazirlik va idoralar hamda hudud rahbarlarining axborotlari Oliy Majlis palatalari hamda ularning tegishli qoʻmitalarining qoʻshma majlislarida eshitib boriladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?