“AGRO PRO EXPO-2025” koʻrgazmasi davom etmoqda

13:38 26 Fevral 2025 Jamiyat
116 0

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Avval xabar berganimizdek, Jomboy tumanidagi “SOF EXPO Samarkand” majmuasida qishloq xoʻjaligi sohasidagi mahalliy va xorijiy ishlab chiqarish korxonalarining “AGRO PRO EXPO-2025” xalqaro koʻrgazmasi oʻtkazilmoqda.

Koʻrgazma agrar sohadagi yetakchi ekspertlar, ishlab chiqaruvchilar, yetkazib beruvchilar ishtirokida eng soʻnggi yutuqlarni namoyish etish, tajriba almashish va qishloq xoʻjaligining barqaror rivojlanish istiqbollarini muhokama qilish imkonini beradi.

Bu yilgi koʻrgazmada mutaxassislar tomonidan qishloq xoʻjaligiga raqamli texnologiyalarni jalb etish boʻyicha ishlanmalar, serhosil va kasallikka chidamli urugʻlar, muqobil energiya vositalari yordamida sugʻorish texnologiyalari, oʻrish-yigʻish, saralash va qadoqlash texnikalari, tomchilatib, yomgʻirlatib sugʻorish usullariga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

— Biz ushbu koʻrgazmada ilk bor qatnashyapmiz va korxonamiz Xitoyning qishloq xoʻjaligi ekinlarini dronlar yordamida sugʻorishga ixtisoslashgan dunyodagi yetakchi “Dji” kompaniyasining Buxoro viloyatida joylashgan vakili hisoblanadi, — deydi “Merganteks” klaster korxonasi direktori Nurali Oʻrinov. — Ekologiyaga zararsiz boʻlgan dronlarning bittasi bir kunda 100 gektar maydonni granula va suyuq oʻgʻitlar bilan oziqlantirishi mumkin. Yaʼni sholi, paxta, makkajoʻxori, bugʻdoy, daraxtlar, har qanday qiyaliklardagi ekinlar, texnikada ishlov berish imkonsiz maydonlar, lalmi yerlarda ishlatiladi. Samarqand viloyatidagi klaster korxonalari bilan ham kelishuvlar tuzilib, 20 ta dron yetkazib berish boʻyicha buyurtma oldik. Bundan tashqari, korxonamiz tomonidan Xitoy texnologiyasiga asoslangan serhosil va unuvchanligi toʻliq va 70-90 sentnergacha hosil olish mumkin boʻlgan gʻoʻza urugʻlarini ham taklif etyapmiz. Yana hosildorligi 106 sentner bugʻdoy navlarini ham dehqonlarga taqdim qilyapmiz.

“AGRO PRO EXPO-2025” koʻrgazmasida oʻn turdan ortiq 85 dan ziyod texnika, 5 ta kombayn, 30 ta traktor, oʻgʻit, urugʻlar namoyish qilinmoqda. Asalarichilik, agroximiya, sugʻorish tizimlari, chorvachilik veterinariya preparatlari, invitro laboratoriyalar, issiqxona xoʻjaliklari, parrandachilik uskunalari va ozuqalari, quyosh panellari ham taqdim etilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер