Afv — bagʻrikenglikning amaliy ifodasi

19:50 17 Dekabr 2023 Jamiyat
377 0

Yurtimizda inson qadrini ulugʻlash, uning qonuniy huquq hamda manfaatlarini himoyalash, aholining tinch, osuda va farovon hayot kechirishini taʼminlash, yashash sharoitini tubdan yaxshilash keyingi yillarda davlat siyosatining eng ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylandi, desak, ayni haqiqat.

Davlatimiz rahbarining yangi gʻoyalar bilan yoʻgʻrilgan insonparvarlik siyosati asosini xalqimizning tub manfaatlari tashkil etadi hamda bu siyosat bevosita shu manfaatlarni himoya qilishga qaratilgan.

Taʼkidlash joizki, oxirgi yetti yilda insonga boʻlgan eʼtibor va munosabat tubdan oʻzgardi. Toʻgʻri yoʻldan adashganlarni kechirish va sogʻlom hayotga qaytarish, oila, mahalla va jamiyatda tinchlik va totuvlik muhitini mustahkamlash borasida salmoqli ishlar qilindi. Muhim sanalar arafasida ayrim jinoyatlarga qoʻl urgan, ammo qilmishidan chin koʻngildan pushaymon boʻlgan va tuzalish yoʻliga oʻtgan koʻplab shaxslar afv etildi.

Mamlakatimiz Konstitutsiyasi qabul qilinganining 31-yilligi arafasida Prezidentimiz tomonidan imzolangan “Jazo muddatini oʻtayotgan, qilmishiga chin koʻngildan pushaymon boʻlgan va tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan bir guruh shaxslarni afv etish toʻgʻrisida”gi Farmon ham xalqona hamda insonparvarlik siyosatimizning mantiqiy davomi boʻldi.

Farmonga muvofiq, Konstitutsiyamizning 109-moddasi 23-bandiga asosan sodir etgan jinoyati uchun jazoni ijro etish muassasalari va probatsiya organlarida jazo oʻtayotgan hamda qilmishiga chin koʻngildan pushaymon boʻlgan va tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan 334 nafar shaxs afv etildi. Bu esa mana shuncha oilaga quvonch, shodlik va umid olib kirdi, degani.

Afv institutning afzalligi shundaki, u ikki tomon manfaatlari uchun adolatli yondashuv boʻlib, jabr yetkazuvchi va jabr koʻruvchilar manfaatini bir xilda himoya qiladi. Eng muhimi, bu akt uning nomidayoq bayon qilinganidek, qilmishidan chin koʻngildan pushaymon boʻlgan va tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan mahkumlarga nisbatangina qoʻllaniladi.

Davlatimiz rahbarining ushbu Farmoni qanchadan-qancha insonlarga, ularning oilasi va yaqinlariga haqiqiy bayram tuhfasi boʻldi, desak, aslo mubolagʻa emas. Zotan, hujjatga muvofiq, bilib-bilmay jinoyat sodir etgan, hozir qilmishiga chin koʻngildan pushaymon boʻlib jazo muddatini oʻtayotgan hamda qilmishiga chin koʻngildan pushaymon boʻlgan va tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan shaxslar afv etildi.

Albatta, ushbu xayrli ish Bosh qomusimiz qabul qilinganining 31-yilligi bayrami arafasida roʻy berganida ham chuqur maʼno bor. Bu Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining afv etishni amalga oshirish boʻyicha konstitutsiyaviy vakolatini roʻyobga chiqarishining yorqin dalilidir. Shu bilan birga, yurtimizda olib borilayotgan insonparvarlik siyosatining, xalqimizga xos bagʻrikenglik, kechirimli boʻlish, olijanoblik va mehr-muruvvat koʻrsatish kabi ezgu fazilatlarning amaliy namunasi hamdir.

Farmon bilan afv etilgan shaxslarning 34 nafari asosiy jazodan toʻliq ozod etilgan boʻlsa, 249 nafari jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi. 6 nafarining ozodlikdan mahrum etish jazosi yengilroq jazo bilan almashtirildi. 45 nafar shaxslarga esa tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartirildi.

Aytish joizki, afv etilgan fuqarolar bilan tizimli muloqotlar qilish, muammolarini hal etish, savollariga toʻlaqonli javob berish ularning jamiyatga tez moslashishi va oʻz oʻrnini topishida juda muhim omil hisoblanadi.

Davlatimiz rahbari mahkumlarni nafaqat jazodan ozod etdi, balki ularni oilasi va yaqinlari bagʻriga qaytarish, ijtimoiy hayotga moslashib, foydali mehnat bilan shugʻullanishlari, sogʻlom turmush tarzini yoʻlga qoʻyib, jamiyatda munosib oʻrin topishlari uchun ularga koʻmak berish borasida masʼul vazirlik va idoralarga tegishli topshiriqlar berilgani olijanob insoniylik fazilatlarining yaqqol namunasi boʻldi.

Umuman olganda, afv, bu — ishonch demakdir. Qolaversa, bu har bir insonda, jamiyatda boʻlishi kerak boʻlgan xotirjamlik, his-tuygʻu va insonlarni harakatga chorlovchi kuch hamdir. Bu, albatta, xalqning yanada bir butun boʻlib jipslashishi hamda yurtimizda oʻzaro mehr-oqibat fazilati yanada mustahkamlanishiga xizmat qiladi.

Azizjon ANARQULOV,

Jamoat xavfsizligi universiteti

Iqtisodiy fanlar kafedrasi dotsenti.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер