Afsonaviy oʻzbek gimnastikasining sharafi tiklanadi

14:47 06 Fevral 2025 Jamiyat
177 0

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Badiiy gimnastika qizlarning koordinatsiyasi, musiqiyligi, moslashuvchanligi va boshqa fazilatlarini rivojlantiradigan eng nazokatli sport turi hisoblanadi. Afsonaviy gimnastikachi boʻlish osonmas. Avvalo gimnastika bilan shugʻullanadigan maxsus markazlar boʻlishi, malakali murabbiylarni topish va sabr, qatʼiyat bilan gʻalaba qozonish uchun irodani rivojlantirish muhim. Koʻpgina hollarda bolalar 3 yoshdan 6 yoshgacha badiiy gimnastika mashgʻulotlariga boradi. Gimnastika bilan shugʻullanish uchun qatʼiy yosh chegaralanmagan boʻlmasa-da, yoshlikdan ushbu sport turiga borish kelgusida musobaqalarda muvaffaqiyat qozonishga yordam beradi. Badiiy gimnastika bilan shugʻullangan bolalar tengdoshlari orasida chaqqonligi, ixcham qomati va chiroyli yurishi bilan darhol koʻzga tashlanadi.

Davlatimiz rahbarining 2022-yil 23-dekabrdagi “Gimnastika sport turlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorda ham maktabgacha yoshdagi bolalarning gimnastika sport turlari bilan shugʻullanishi uchun keng imkoniyatlar yaratish, maktablardagi jismoniy tarbiya darslarida gimnastika sport turlari boʻyicha mashgʻulotlarni bosqichma-bosqich koʻpaytirish, ayniqsa, qizlar oʻrtasida erta yoshdan gimnastika sport turlarini ommalashtirish koʻzda tutilgan. Mamlakatimizda salomatlikni mustahkamlaydigan, immunitet tizimini yaxshilaydigan, umurtqa pogʻonasi va yurak kasalliklarining oldini oladigan ushbu badiiy gimnastikani ommalashtirish, bu boradagi musobaqalar, xalqaro turnirlarda yoshlarni munosib ishtirokini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilayotganining boisi ham shunda. Nukus, Fargʻona shaharlari qatorida Samarqandda ham zamonaviy moddiy-texnika va oʻquv-mashq bazasiga ega hududiy gimnastika sport turlariga tayyorlash markazlari tashkil etilmoqda.

Xususan, Samarqand shahrida gimnastika markazini qurish ishlari boshlangan boʻlib, quruvchi bosh pudratchi tashkilot — “Agromir Buildings” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan ulkan ishlar amalga oshirilmoqda.

— Mazkur obyekt qurilishini 2023-yilda boshlaganmiz, — deydi “Agromir Buildings” MCHJ injeneri Saidmurod Kunuzoqov. — Hozirda binoning fasad va ichkarisida pardozlash ishlari olib borilmoqda. Oshxona va yotoqxonalar qurilishi davom etmoqda. Joriy yilda bu ishlar toʻliq yakunlanib, markaz foydalanishga topshiriladi.

Markazga 2025-2026 oʻquv yilidan 7 yoshdan 18 yoshgacha boʻlgan 132 nafar iqtidorli oʻquvchi-sportchilar qabul qilinadi. Oʻqish muddati 11-yil boʻlib, bitiruvchilarga gimnastika sport turlari murabbiyi mutaxassisligi beriladi.

— Gimnastika markazi gimnastika sport turlariga ixtisoslashgan sport maktabi negizida barpo etilmoqda, — deydi ushbu maktab direktori Jasur Nurmonov. — Markaz sport zal, besh qavatli yotoqxona va oshxona hamda maʼmuriyat binosidan iborat. Mazkur inshoot Samarqand, Buxoro, Navoiy, Jizzax, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari uchun xizmat qiladi. Yoshlar badiiy gimnastika, sport gimnastikasi, sport akrobatikasi va tramplin turlari bilan shugʻullanadi.

Bugungi kunda Samarqand shahrida viloyat sport turlariga ixtisoslashgan sport maktabi faoliyat koʻrsatmoqda. Tuman va shahar sport maktablarida gimnastika sport turlari boʻyicha 20 ga yaqin boʻlim faoliyat koʻrsatmoqda.

Viloyatdagi 160 nafarga yaqin murabbiy qoʻl ostida bugungi kunda 4,5 ming nafardan ziyod sportchi gimnastika sport turlari bilan shugʻullanadi. Viloyat gimnastika sport turlariga ixtisoslashgan sport maktabi respublikada yetakchi boʻlib, maktabning 25 nafar sportchisi milliy terma jamoaning asosiy va zaxira tarkibiga qabul qilingan. Bundan tashqari, tuman va shahar sport maktablarida gimnastika sport turlari boʻyicha 20 ga yaqin boʻlim faoliyat koʻrsatmoqda. Gimnastikachilarning 80 nafardan ortigʻi Oʻzbekiston, 6 nafari Osiyo chempioni, 2 nafari Osiyo oʻyinlari gʻolibi, 2 nafari jahon kubogi chempioni va sovrindori boʻlgan.

Kelgusida zamonaviy yangi markaz ish boshlagach, gimnastika sport turlari yanada rivojlanadi. Yoshlarning sportga qamrovi oshadi. Iqtidorli sportchilar seleksiya qilinib, terma jamoalarga yetkazib beriladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер