Afsonalarga aylangan haqiqatlar yoxud xorazmshoh buyrugʻi bilan Amudaryoga choʻktirilgan Majdiddin Bagʻdodiy kim edi?

1984-yilning yozida “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasining yoʻllanmasi bilan Turkmaniston Respublikasi hududida joylashgan Koʻhna Urganch shahri tarixiy obidalari haqida maqola yozish maqsadida bu qadim shaharga borish nasib etdi. Bu sayohatda menga xorazmlik iqtidorli shoir, tarix bilimdoni Matnazar Abdulhakim yoʻldoshlik qildi. Shahar vayronalari bagʻrida saqlanib qolgan yodgorliklar ziyoratidan keyin “Koʻhna Urganch” muzey-qoʻriqxonasi rahbarlari hamrohligida bu yerda XX asr boshlarida barpo etilgan Tosh masjidga yoʻl oldik. Masjidda shahar xarobalaridan topilgan noyob arxeologik osori-atiqalar saqlanar ekan. Ularning orasida gʻaroyib bir yodgorlik — qabr toshi koʻproq eʼtiborimizni jalb etdi. U qora toshdan yasalgan boʻlib, uzunligi 2 metr, eni va boʻyi 50 santimetrdan iborat edi. Uning asosi toʻrtburchak shaklda, ustki qismi esa uchburchak holatda ishlangandi. Qabrtoshining bosh va oyoq qismidagi tomonlarga eni ham, boʻyi ham 30 santimetr hajmda oq koshinlar qoplangan boʻlib, koshinlar yuzasida niliy rangdagi uchib ketayotgan qush, qushning tumshugʻida esa dumaloq shaklli qip-qizil donga oʻxshash narsa aks ettirilgan edi. Bu tasvir hayratomuz tarzda goʻzal yaratilgan va u nihoyatda yaxshi saqlangandi.
— Ushbu tasvirning qabrtoshda aks ettirilishi bejiz emas. Tarixiy osori-atiqalar, bashoratnomalar va taqdirnomalarda bitilishicha, inson vafotidan keyin uning ruhi yoki jonini Yaratgan huzuriga turli xil qushlar timsolidagi farishtalar olib borarmishlar. Qabrtoshdagi tasvirda ham ana shu holat ifodasini topgan. Qabrtoshi ulugʻ insonga qoʻyilgan boʻlsa kerak. Unda tasvirlangan qush qaldirgʻochga oʻxshaydi, — deya fikr bildirdi Matnazar Abdulhakim.
— Bu qabrtoshini Najmiddin Kubro maqbarasining janubiy tomonidagi devor yaqinidan topdik, — deya soʻzga qoʻshildi turkmanistonlik arxeolog Hamro Yusupov. — Bu tosh qabrlar oraligʻida, 1,5-2 metr yer ostida qolib ketgan ekan. Demak, bu tosh qoʻyilgan qabrda ulugʻ shayxga yaqin boʻlgan insonlardan biri dafn etilgan. Bu inson Najmiddin Kubroning farzandlaridan, qarindoshlaridan yoki shogirdlaridan biri boʻlishi mumkin. Tarixiy maʼlumotlarga koʻra, ulugʻ shayx moʻgʻullarga qarshi kurashib oʻz xonaqosi yaqinida shahid boʻlgan. Najmiddin Kubroga sadoqatli insonlar uni shahid boʻlgan joyiga dafn etganlar. Keyinchalik qabri ustiga alohida bino tiklangan. Eski xonaqo buzilib, yangisi barpo etilgan. Xonaqo va qabr ustidagi xona qoʻshilib, yaxlitlikda Najmiddin Kubro maqbarasi paydo boʻlgan. Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, Najmiddin Kubro maqbarasi yonidagi qabr va qabrtoshini uning shogirdi Majdiddin Bagʻdodiyga nisbat bersa boʻladi. Chunki Najmiddin Kubroning Majdiddin Bagʻdodiydan boshqa shogirdlaridan birortasi unga yaqin joyga dafn qilinmagan.
Ushbu qabr va qabrtosh Majdiddin Bagʻdodiyga tegishli ekanligi haqidagi maʼlumot boshqa manbalarda ham uchraydi. Masalan, Xiva xoni Olloqulixon hukmdorlik qilgan (1825-1842) yillarda bu yerda Eron davlati elchisi boʻlib ishlagan muarrix Rizoqulixon Koʻhna Urganchga safari taassurotlari haqida toʻxtalib, shunday deb yozadi: «Shayx Najmiddin Kubro maqbarasini ziyorat qilganimizdan keyin shu yerda xizmatni ado etadigan inson bizga shayx Majdiddin Bagʻdodiy qabrini ham koʻrsatdi. U Najmiddin Kubro maqbarasiga nihoyatda yaqin edi. Majdiddin Bagʻdodiy qabridagi tosh Najmiddin Kubro maqbarasidagi “Yettita xorazmshoh” qabrtoshlariga oʻxshardi, lekin bu qabrtosh ularga nisbatan mukammal ishlangandi.»
Xorazmda yaratilgan, muallifi nomaʼlum “Najmiddin Kubro haqida qissa” asarida ham Majdiddin Bagʻdodiy qabri toʻgʻrisida maʼlumot beriladi. Bu asarda faqat Majdiddin Bagʻdodiy obrazi Najmiddin Kubroning sevimli shogirdi Jamiljon ismli yosh yigit timsolida namoyon boʻladi. Majdiddin Bagʻdodiy qabri ulugʻ shayxga sadoqat bilan xizmat qilgan Jamiljon qabri deb koʻrsatiladi.
Bulardan tashqari, Koʻhna Urganchda arxeologik va meʼmoriy jihatdan ilmiy tadqiqotlar olib borgan rus sharqshunos olimlari A.Yakubovskiy 1930-yilda yozgan “Urganch xarobalari”da, V. Pilyavskiy 1948-yilda nashr qildirgan «Urganch va Mizdaxkon» asarlarida ham ushbu qadim shaharning tarixiy yodgorliklari qatorida Majdiddin Bagʻdodiyga nisbat qilingan qabr haqida ham maʼlumotlar beradilar. Ular maʼlumotlariga koʻra, bu qabr Najmiddin Kubro va mashhur kurashchi, shoir Pahlavon Mahmudning otasi Piryor Vali maqbaralari oraligʻida joylashgan boʻlgan. Qabrning ustiga bino tiklangan, ammo bu bino davrlar oʻtishi bilan buzilib ketgan. V.Pilyavskiy bu bino poydevorining qoldiqlarini ochib oʻrgangan, oʻlchamlarini aniqlagan. Oʻlchamlariga koʻra, qabr ustidagi bino ikki xonali tarzda, baland qilib barpo etilgan. Kirish yoʻlagi janub tomonda boʻlib, peshtoqli tarzda tiklangan. Afsuski, vaqt oʻtishi bilan davr talotumlari tufayli qabr ham, uning ustidagi bino ham buzilib, yoʻq boʻlib ketgan. Ulugʻ shayx Najmiddin Kubroning sevimli shogirdi Majdiddin Bagʻdodiy nomi bilan bogʻliq ziyoratgoh hayot koʻzgusidan oʻchgan.
Arxeologlar tomonidan qazib olingan Majdiddin Bagʻdodiyga nisbat berilayotgan qabrtoshni ziyorat qilayotib hayotning abadiy qonuniyatini namoyon qiluvchi bir haqiqatni — inson bu dunyo uchun omonat, umr oʻlchovli, tiriklik unga qarz uchun berilganligini, lekin bu zaminda yaxshilik uchun xizmat qilganlar, oʻlmas gʻoyalar yaratganlar, umrboqiy soʻz aytganlar, bashariyat uchun ulugʻ amallarni bajarganlar tarix bagʻrida yoʻq boʻlib ketmasligini, ular mangulik ekanliklarini yana bir karra chuqurroq anglab yetdim. Shayx, soʻfiy shoir esa ruboiylaridan birida oʻz taqdiri, achchiq qismati haqida bashorat qilib, shunday deb yozadi:
Dunyosi tugab, qorongʻulik kelsa siqib,
Boshlar koʻtarilganda mozorlarni yiqib,
Bechora shahid tanim ham oʻz qoniga gʻarq.
Toʻzoni qiyomat ichra kelmasmi chiqib?..
* * *
Majdiddin Bagʻdodiy hayoti, faoliyati haqida aniq tarixiy maʼlumotlar bizgacha nihoyatda kam yetib kelgan. Odatda bunday holatda ulugʻ insonlar, allomalar, valiylar, buyuk shaxslar, umuman, mashhur ajdodlarning hayoti borasida aniq maʼlumotlar, tarixiy faktlar kam boʻlsa yoki boʻlmasa ahli omma orasida ular haqida har xil afsonalar, rivoyatlar toʻqiladi. Tarix oʻrnini rivoyatlar egallaydi. Xaloyiq mashhurlar hayotini yuksak maqomlarda koʻrsatishga intiladi. Shu maʼnoda Majdiddin Bagʻdodiy hayoti borasida xalq orasida turfa xil afsonalar yaratilgan.
Rivoyatlardan birida Majdiddin Bagʻdodiy 10-12 yoshlar atrofidagi Jamiljon ismli bola sifatida taʼriflanadi. U Xorazmning Bagʻdod nomli kentidan boʻlib, onasi iltimosiga muvofiq Najmiddin Kubro xizmatiga kiradi. Yana bir rivoyatda u xush suratli, aqlli-xushli yahudiy yigit tarzida tasvirlanadi. Islomni qabul qilib, ulugʻ shayxga murid tushadi. Boshqa bir rivoyatda esa uning xalifalik markazi Bagʻdoddan kelgan tabib oilasiga mansubligi, akasi Xorazmshohlar saroyida, oʻzi esa Najmiddin Kubro xizmatida boʻlganligi aytiladi.
Tarixiy manbalarda Majdiddin Bagʻdodiyning 1150-yilda tavallud topganligi, Najmiddin Kubro xizmatiga kelganida yoshi ulugʻ inson boʻlganligi keltiriladi. Buyuk mutafakkir shoir Alisher Navoiy «Nasoyimul muhabbat» asarida u haqda tarixiy maʼlumotlar va rivoyatlarga asoslangan holda shunday deb yozadi: «Kunyati Abu Saiddur, oti Majduddin Sharaf ibn Muyayad ibn Abdulfath al-Bagʻdodiy. Asli Bagʻdoddandur. Xorazmshoh Bagʻdod xalifasidan tabibe tiladi. Aning otasin yubordi. Va baʼzilar debdurlarki, Bagʻdoddandurki, Xorazm kentlaridandur. Va ul sultonning muqarriblaridan erdi. Shayx Rukniddin Alouddavla quddisa sirruhu buyurubturki: «Ulki derlar, ul amrad» (yosh yigit) ermishki, Hazrat shayx xidmatigʻa yetibdur, bu xilof voqiʼdur. Ul yoshqa yetgan ulugʻ yigit erdi, ammo latif surati va hayʼati bor erdi. Hazrat shayx ani avval mutavvazzo xidmatigʻa amr qildi. Volidasi eshitti va ul tabiba erdi. Hazrat shayx ham tabib erdi, aytib yubordikim: «Farzand Majduddingʻa xidmat buyurgʻon ermishsiz va ul nozik kishidur. Agar murod ul xidmatdur, men oʻn turk qul yuborayin, to ul xidmatni bajo kelturgaylar va anga oʻzga xidmat buyurung». Shayx dedilarki: «Anga aytingki, men eshitibmenki, tib ilmin bilursen, sendin bu soʻz ajabdur. Agar sening oʻgʻlingʻa safroviy isitma tashvish bersa, men daruni ul qullarga bersam, ul sihhat toparmu? “ Ul javob topmadi. Va bu navʼ tarbiyatkim, Hazrat shayx quddisa sirruhu shayx Majdudingʻa bunyod qildilar. Bir necha vaqtdin soʻngrakim, riyozatlar tortib suluklar qildi, oliy marotib hosil qilib, buyuk maqomlargʻa qadam qoʻydi».
Alisher Navoiy Majdiddin Bagʻdodiy hayoti haqida soʻz yuritganda shu bilan cheklanib qolmaydi. U «Nasoyimul muhabbat»ning «Roziyuddin Ali al-Lola» qismida uning tarixiga yana bir aniqlik kiritib, shunday deb yozadi: «Shayx Ali Lola musofir boʻlib shayx Najmiddin Kubro xidmatlarigʻa keldi va sulukka mashgʻul boʻldi. Andin keyin koʻp muddatdin soʻngra shayx Majduddin Bagʻdodiy Hazrati shayx xidmatlarigʻa musharraf boʻldi. Shayx oʻtuz besh yoshlarida taxminan sulukka mashgʻul boʻlubturlar va shayx Majduddin toʻrt-besh yosh shayx Ali Loladin ortuq emish». Bu maʼlumotdan keyin shayx Majdiddin Bagʻdodiyning 1185-yildan keyin Najmiddin Kubro xizmatiga kirganligi maʼlum boʻladi. Shayx Najmiddin Kubro “Koʻnglim koʻzi bilan koʻrganlarim” risolasida insonning “oxirat safari” haqida mulohaza yuritar ekan, haq ahli, yaʼni odamlar hayotlari davomida qayerda boʻlmasin, qanday ish bilan shugʻullanmasin, kim bilan suhbat qurmasin, qay oʻlkalarga bormasin, nimalar haqida soʻz yuritmasin, bu ishlarning, amallarning barchasidan kelib chiqadigan yaxshiliklar va yomonliklar uchun Yaratgan oldida javob beradi, degan xulosaga keladi. Majdiddin Bagʻdodiy Najmiddin Kubro xizmatida suluk qilib, buyuklik maqomiga erishganidan keyin “oxirat safari” paytida oʻzi uchun qiyin boʻladigan ujb yoʻlini tutib, tahassurlik qiladi. Alisher Navoiy taʼbiri bilan aytganda, «sukri gʻolib boʻladi». Ulugʻ shoir «Nasoyimul muhabbat»da bu xususda shunday deb davom etadi: «Derlarki, shayx Majduddin bir kun darvishlar bila oʻlturub edi. Anga sukri gʻolib boʻldi: Deydi: «Biz oʻrdak tuxumi erduk daryo qiyrogʻida va Ulugʻ shayx qushe erdiki, qanoti ostida bizni parvarish berib tarbiyat qildi, to ul tuxumdin chiqtuq. Chun oʻrdak bolasi erduk, daryogʻa kirduk va ulugʻ shayx qiyroqta qoldi». Va hazrat shayx karomat nuri bilan ul soʻzga voqif boʻldilar va muborak tillarigʻa keldiki: “Daryoda oʻlgay”.
Albatta, Majdiddin Bagʻdodiy oʻzining bu parishonlik bilan aytgan soʻzidan va ulugʻ shayxning bashoratidan qoʻrquvga tushadi. Lekin aytilgan soʻz, otilgan oʻq. Alisher Navoiy yana davom etib yozadi: «Shayx Majduddin bu soʻzni eshitib qoʻrqti va shayx Saʼduddin Hummuyi (Hamaviy) qoshigʻa kelib, koʻp tazarruʼ qildikim: «Bir kunki Hazrat shayxning vaqtlarin xush topsang, manga xabar qil. To hazratlarigʻa kelib uzri qilay». Bir kunki, shayx hazratlari samoʻda xushhol boʻlib erdi, shayx Saʼduddin shayx Majduddingʻa xabar qildi. Ul oyogʻ yalang keldi va bir tashtda oʻt toʻldirib, boshigʻa koʻtarib, kashfgohda turdi. Chun shayx hazratlarining muborak nazari anga tushti. Dedilarki: «Chun darvishlar tariqi bilan parishon soʻzung uzrini qilasen, bu bilan imon va din salomat etting, ammo boshing borgʻay va daryoda oʻlgʻaysen va biz ham sening boshinggʻa borgʻaybiz va sardorlar boshi va Xorazm mulki ham sening boshinggʻa borgʻay va olam xarob boʻlgʻay.» Shayx Majduddin shayx hazratlarining muborak oyogʻlarigʻa tushti. Va oz fursatda Hazrat shayxning muborak nafasi zohir boʻldi».
Demak, voqealar rivojidan maʼlum boʻlayotibdiki, hazrat shayxning muborak nafasi zohir boʻlgan, yaʼni shayxning bashorati amalga oshishi aniq. Najmiddin Kubro suyukli shogirdning boshiga olov tutib turgan holda qilgan uzrini qabul qilmagan. Shunday holda roviylar tilidan fasona boshlanadi: «Jamiljon shayx xizmatiga hozir boʻldi. Shayx unga daryodan tahorat suvi keltirishni buyurdi. U daryo tomon ketdi. Ammo ikki kun Jamiljondan darak boʻlmadi. Uchinchi kun u bir qoʻlida tahorat uchun olingan koʻzadagi suv va ikkinchi qoʻlida kesilgan boshi bilan shayx huzurida paydo boʻldi. Bu holni koʻrgan Najmiddin Kubro “Demak, dushman xuruj boshlabdi, mamlakat va xalq boshiga ogʻir tashvish tushadi, yurt vayronaga aylanadi”, dedi. Shayx bashorati toʻgʻri boʻlib chiqdi».
Alisher Navoiy esa «Nasoyimul muhabbat»da tarixning boshqa bir haqiqatini keltiradi: «Shayx Majduddin Xorazmda vaʼz aytur erdi va Xorazmshohning onasi aning vaʼziga borur erdi. Va jamila zaifa erdi. Dushmanlar fursat asradilar va Xorazmshoh mast ekanda onga ayttilarki: «Onang Imom Abu Hanifa mazhabi bila shayx Majduddinning nikohiga kiribdur».
Sulton bagʻoyat mutagʻayyir boʻldi va buyurdikim, shayx Majduddinni Jayhun suyigʻa soldilar. Chun shayx Majduddinni olti yuz yettida, yo oltida shahid qildilar».
Afsona va tarix haqiqatlari qorishigʻi asosida namoyon boʻluvchi shayx Majdiddin Bagʻdodiy hayoti haqidagi maʼlumotlar mana shunday yakun topgan. Lekin tarixning bir haqiqati aniq: hazrat shayx Najmiddin Kubro bashorat qilganidek, shayx Majdiddin Bagʻdodiy Amudaryoga choʻktirib oʻldiriladi. Biroq uning oʻldirilish sanasi va sababi haqida har xil maʼlumotlar va fikrlar keltiriladi. Alisher Navoiy keltirgan hijriy 606-607-yil sanasi milodiyga aylantirilsa, 1210-1211-yillar kelib chiqadi. Baʼzi manbalarda shayxning shahid qilinishi sanasi 1217-yil deb keltiriladi. Oʻlimining sabablari haqida ham turli mulohazalar mavjud. Alisher Navoiy bunga sabab qilib Majdiddin Bagʻdodiy bilan Xorazmshohning onasi Turkon xotun oʻrtasidagi munosabatlarni keltirsa, yana boshqa bir manbada Majdiddinning Xorazmshohlar saroyidagi qizlardan biri bilan ishqiy munosabatlari tufayli u Amudaryoga choʻktirilgani aytiladi. Yana bir manbada “Tangri nazdida eng maʼqul jihod zolim podshohga aytilgan haq soʻzdir”, degan hadisga amal qilib, Muhammad Xorazmshohni toʻgʻri yoʻlga solishga uringani uchun shayx Majdiddinni Amudaryoga choʻktirganlar» deyiladi.
Eronlik olim A.Atorudiy esa Majdiddin Bagʻdodiy hayotini oʻrganish asosida uning oʻlimiga sabab boʻlgan boshqa omil haqida soʻz yuritadi. «Majdiddin Bagʻdodiy Xorazmshohning Bagʻdod xalifasi huzuriga yuborgan elchilari safida boʻlgan. Elchilik paytida xalifaga “Men Xorazmshohning fuqarosi boʻlsam ham sening qulingman”, degan fikrni aytgan. Uning dushmanlari bu fikrni notoʻgʻri talqin qilib, Xorazmshohga yetkazgan. Xorazmshoh bilan xalifalik oʻrtasida munosabatlar keskinlashgandan keyin Majdiddin Bagʻdodiy daryoga choʻktirib oʻldirilgan».
Alisher Navoiy «Nasoyim ul-muhabbat»da Majdiddin Bagʻdodiy haqidagi maʼlumotlarni Najmuddin Kubroning u haqdagi bashoratlari bilan bogʻlab «Har ne Xorazmshoh va Xorazm ahli va oʻzi bobida va olamning xarob boʻluri sababida Hazrat shayx deb erdi, barcha vujud tutti» deb yakunlaydi. Va oradan koʻp oʻtmay barcha vujud tutgan voqea sodir boʻladi. Moʻgʻullar bosqini nafaqat Xorazmshoh va Xorazm ahlini, butun olamni zulmat qoʻyniga choʻktiradi. XIII asr tasavvuf taraqqiyotiga katta hissa qoʻshgan, Farididdin Attor, Najmiddin Roziy, Roziddin Ali Lola kabi ulugʻ shayxlarga ustozlik qilgan “Safar risolasi”, “Yaxshilar sovgʻasi” kabi tasavvufga oid koʻplab risolalar yaratgan, soʻfiyona ruboiylar bitgan va oʻzidan katta maʼnaviy meros qoldirgan Majdiddin Bagʻdodiyning afsona va tarixiy haqiqatlar bilan uygʻunlashgan hayoti ana shunday kechgan. Ulugʻ shayx oʻz taqdirini bilgandek oʻlimi oldidan ruboiylaridan birida shunday deb yozadi:
Ul bahri muhitga kirmak istar koʻnglim,
Yo choʻksamu yo injuga toʻlsa qoʻynim.
Etsaydim ado — bu ish xatarli garchi,
Ishq rangiga evrilsa yuzim yo boʻynim...
Kamol MUHAMMAD YOQUB
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 2024 yildan yangi uy sotib olganlarga QQSning yarmi qaytarib beriladi
- O‘zbekiston Prezidenti Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi mintaqaviy hamkorlikni yanada mustahkamlash yuzasidan muhim tashabbuslarni ilgari surdi
- Shavkat Mirziyoyevning Chilonzor tumaniga tashrifidan fotoreportaj
- Buxoroda Kushon davriga oid devor qoldiqlari topildi
- AQSHning ikki nafar yetakchi professori Namaganda uzoq muddatli faoliyatini boshladi
- O‘zbekistonga Erondan issiq havo massalari kirib kelmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring