Advokatlik litsenziyasini olishda yuridik mutaxassislik boʻyicha 2 yillik ish staji talabi bekor qilinadi

20:25 15 May 2023 Siyosat
764 0

“Adolat” SDP fraksiyasining navbatdagi yigʻilishida dastlab “Advokatura toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 31-moddasiga oʻzgartirish kiritish haqida”gi qonun loyihasi qizgʻin muhokama qilindi.

Advokatura zamonaviy davlat huquqiy tizimining eng muhim instituti boʻlib, uning asosiy vazifasi fuqarolar va yuridik shaxslarga malakali va davlatdan mustaqil huquqlar, erkinliklar va qonuniy manfaatlarning himoyalanishini taʼminlashdir.

Shu bois, mamlakatimizda sud-huquq sohasida inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishni taʼminlashning samarali institutlaridan biri boʻlgan advokaturaning roli va ahamiyatini oshirish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, advokatura institutini va advokatlarning mustaqilligini taʼminlash, sud ishini yuritishning barcha bosqichlarida taraflarning tortishuvchanlik prinsipi asosida ishni tashkil etishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilib, advokatlarning oʻz professional faoliyatini bajarishlari uchun zarur qonunchilik bazasi takomillashtirildi.

Shu bilan birga, advokatura sohasiga yosh mutaxassis kadrlarni keng jalb qilish, sohaning jozibadorligini koʻtarish orqali mamlakatimizda aholiga malakali yuridik yordam koʻrsatuvchi advokatlar salmogʻini oshirish bilan bogʻliq muammolar hanuzgacha saqlanib qolmoqda.

Ushbu qonun loyihasi bilan advokatlik litsenziyasini olishga imtihon topshirish uchun talabgor shaxsning yuridik mutaxassislik boʻyicha kamida ikki yillik ish stajiga ega boʻlishi talabining bekor qilinishi oliy taʼlim tashkilotlari bitiruvchi huquqshunoslari orasida advokatura sohasiga boʻlgan qiziqishning oshishiga, sohada kadrlar almashinuvi jarayonlari tez va sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarilishiga xizmat qiladi.

Yigʻilishda deputatlar partiya maqsad va vazifalaridan kelib chiqqan holda, qonun loyihasini yanada takomillashtirish boʻyicha bir qator takliflar berishdi. Koʻplab asosli takliflar ilgari surildi. Uzoq davom etgan savol-javoblardan soʻng, ushbu qonun loyihasi deputatlar tomonidan qoʻllab-quvvatlandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер