Adliya vazirligi: fuqarolardan asossiz ravishda turli maʼlumotnomalar soʻrash qonunga zid

11:04 15 Oktyabr 2020 Jamiyat
1135 0

Fuqarolar turli davlat tashkilotlari bilan munosabatga kirishganida, mahalladan maʼlumotnoma, qarzdorlik yoʻqligi toʻgʻrisida maʼlumotnoma, manzil-maʼlumot axboroti va boshqa shunga oʻxshash hujjatlar talab qilish ortiqcha ovoragarchiliklarni yuzaga keltiradi.

Adliya vazirligi qoshidagi Davlat xizmatlari agentligi mutaxassislari tomonidan «qaysi maʼlumotnomalar koʻp soʻralyapti va qaysi davlat idoralari ularni talab etyapti» degan savollarga javob topish uchun oʻtgan 1 oy davomida fuqarolarning DXMlarga maʼlumotnoma soʻrab qilgan murojaatlari oʻrganildi.

Aniqlanishicha:

– ruhiy kasalliklar boʻyicha dispanser hisobida turish yoki turmaslik toʻgʻrisida – 39 950 ta;

– narkologiya boʻyicha dispanser hisobida turish yoki turmaslik toʻgʻrisida – 35 066 ta;

– fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlari haqida – 30 609 ta;

– sudlanganlik (yoki sudlanmaganlik) haqida – 20 714 ta;

– fuqaroning nomida shaxsiy uy-joyi borligi yoki yoʻqligi toʻgʻrisida – 5 421 ta;

– manzil-maʼlumot axboroti – 981 ta;

– turar joyning maydoni toʻgʻrisida – 12 ta maʼlumotnoma berilgan.

Prezidentning tegishli qarori bilan 2020-yil 1-yanvardan boshlab davlat organlari va tashkilotlari tomonidan fuqarolardan talab qilinishi, shuningdek, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari tomonidan berilishi mumkin boʻlmagan 28 ta hujjatlar roʻyxati tasdiqlandi. Bu bilan millionlab fuqarolarning vaqti, asabi, moddiy mablagʻlari tejalishi, shuningdek, ushbu hujjatlarni tayyorlab beruvchi davlat organlari va tashkilotlariga yuklamalarning kamayishiga olib kelishi nazarda tutilgan edi.

Biroq amalda monitoring natijalari shuni koʻrsatdiki, hamon turli tashkilotlar va idoralar tomonidan fuqarolardan ortiqcha maʼlumotnomalar talab qilish holatlari kuzatilmoqda.

Monitoring natijasida ushbu hujjatlar asosan ishga kirish uchun soʻralayotgani maʼlum boʻldi.

Misol uchun, ruhiy kasalliklar va narkologiya dispanseri hisobida turishi/turmasligi haqidagi “spravka” aksariyat hollarda tibbiyot birlashmalari va muassasalari hamda ichki ishlar organlariga ishga kirish, tijorat banklaridan kredit olish uchun talab qilinayotgan ekan. Ushbu maqsadlar uchun maʼlumotnoma 45 mingdan ortiq fuqarodan talab qilingan.

Toʻgʻri, qonunchilikda mazkur turdagi maʼlumotnomalarni soʻrash mumkin boʻlgan holatlar mavjud. Masalan, nikohdan oʻtishda, haydovchilik guvohnomasini olishda va hokazo.

Ayrim turdagi maʼlumotnomalar esa, asosiy hujjatga ilova sifatida belgilanmaganligi yoki normativ hujjat asosida bekor qilinganligi baʼzi davlat idoralari eʼtiboridan chetda qolmoqda.

Davlatimiz rahbarining tegishli Farmoni bilan joriy yilning 1-sentyabridan boshlab, sudlanganlik/sudlanmaganlik haqida maʼlumotnoma hamda manzil-maʼlumot axboroti fuqaroning roziligi bilan davlat organlari tomonidan idoralararo elektron hamkorlik orqali olinib, fuqarolardan talab qilish tartibi bekor qilingan.

Shunga qaramay, amaliyotda sentyabr oyida fuqarolardan 22 mingga yaqin ushbu turdagi maʼlumotnomalar talab qilingan.

Sababi oddiy – davlat idoralari hujjat bilan belgilangan integratsiya ishlarini oʻz vaqtida yakunlamadi. Oʻrtada esa fuqarolar ovora.

Shuningdek, tahlillarga koʻra, fuqaroning nomida shaxsiy uy-joy bor yoki yoʻqligi toʻgʻrisida maʼlumotnomani eng koʻp talab qilgan tashkilot va idoralar, bu – mahalliy hokimliklar 1 782 ta, mahalla va oilani qoʻllab quvvatlash organlari 1 069 ta, mudofaa organlari 899 ta, ichki ishlar organlari 292 ta, kadastr organlari 242 ta, tijorat banklari 229 ta va bandlik organlari tomonidan 119 ta holatda.

Vaholanki, kadastr organlari maʼlumotnomani soʻragan tashkilotga tizimdan orqali yuborishi ham mumkin.

Hurmatli ish beruvchilar, hokimliklar, kadrlar boʻlimlari, idoralarning yuristlari!

Adliya vazirligi sizlarni fuqarolarni ovora qilmasdan, maʼlumotlarni masʼul organlarning oʻzlaridan olib, insonlarni rozi qilish yoʻli hamjihatlikda qadam tashlashga chorlaydi. Shuningdek, qonunchilikdagi yangiliklardan, xususan, maʼmuriy tartiblarga kiritilayotgan oʻzgarishlardan xabardor boʻlib borish hamda ishni qonunga mos ravishda tashkil etish muhimligini eslatib oʻtadi.

Adliya vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?