Adliya vaziri Qoʻshrabotda odamlar dardini tingladi

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Davlatimiz rahbarining “Kambagʻallikni qisqartirish va aholi turmush farovonligini oshirish borasidagi chora-tadbirlarni yangi bosqichga olib chiqish toʻgʻrisida”gi Farmoni koʻra, joriy yilda 1 million aholini kambagʻallikdan chiqarish vazifasi belgilangan boʻlib, bunda Adliya vazirligi ham hududlarda alohida chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda.
Xususan, Adliya vaziri Akbar Toshqulov Samarqand viloyati markazidan qariyb 100 kilometr olisda joylashgan Qoʻshrabot tumaniga borib, oʻrganishni 10 dan ortiq turli millat va elat vakillari yashayotgan Xonnazar mahallasidan boshladi.
III guruh nogironi boʻlgan 55 yoshli Karomat Ismoilova yoshligida oʻrgangan tikuvchilik kasbi orqali bugun hamqishloqlarini koʻrpa, yostiq, beshiklarga zeb beradigan yopinchiqlar bilan taʼminlab keladi. A.Toshqulov bilan suhbatda Karomat opa shogirdlarni koʻpaytirish, kasbini hamqishloqlariga oʻrgatib, qoʻshimcha ishchi kuchi olishni istayotganini, buning uchun tikuv mashinasiga ehtiyoji borligini aytdi. Unga zamonaviy tikuv mashinasi berildi.
Maʼlumotlarga koʻra, joriy yilda mahallada “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi” doirasida 800 million soʻmlik imtiyozli kredit ajratish hisobiga 40 nafar, “Kichik biznesni uzluksiz qoʻllab-quvvatlash dasturi” doirasida 12 nafar, “Biznesga birinchi qadam” dasturi doirasida 43 nafar aholining bandligi taʼminlanadi.
Xitoy tajribasi asosida 10 dan ortiq loyihalar amalga oshirilishi ham koʻzda tutilgan. Natijada yil yakunigacha 52 ta oila kambagʻallikdan chiqarilsa, 102 nafar fuqaro doimiy ish joyiga ega boʻladi.
Vazir mahalladagi kambagʻal oilalarga kirdi, xonadonda yashovchilar bilan suhbatlashdi, ularning nima muammosi borligi, qanday yordam koʻrsatish kerakligi bilan qiziqdi.
Xonnazar mahallasida oilaviy tadbirkorlik bilan shugʻullanayotgan Ahmad Adilov mayizni qayta ishlash uchun qoʻshimcha joy olish borasidagi muammosini maʼlum qildi. Murojaat vazir nazoratiga olindi.
Madina Elmurodova esa ikki yil ilgari turmush oʻrtogʻidan ayrilgan. Uch nafar farzandiga ham ota, ham ona. Vazir bu oilaning turmush tarzi bilan tanishar ekan, fuqaroning orzu-istaklari, muammolarini soʻradi. Oila bekasi soʻroviga javoban tikuv mashinasi berildi.
Akbar Toshqulov mahalla masʼullari bilan uchrashuvda nochor oilalarni kambagʻallikdan chiqarish tartibi, buni amalga oshirish mexanizmlari, fuqarolar huquqiy va ijtimoiy muammolari bilan ishlashda adliya organlari bilan hamkorlik borasida soʻz yuritdi.
Oʻrtaga tashlangan masalalar, savollarni tinglab, zarur tavsiyalar berdi. Murojaatlar nazoratga olinishini maʼlum qildi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Oygul Xalilova vafot etdi
- “Yurakka ko‘milar asl shoirlar”
- Kartoshka narxi qachon pasayishi maʼlum boʻldi
- “Hamza Hasanovdan Gʻaybulla Tursunovgacha”: “Yangi Oʻzbekiston yulduzlari” mukofoti gʻoliblari aniqlandi
- Kelgusi hafta uchun ob-havo maʼlumoti eʼlon qilindi
- “Bilmak Navoiyni — zoʻr maʼrifat nishoni...”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring