Adliya vaziri: eng katta yordamimiz — tadbirkorni tinch qoʻyish

00:42 17 Iyun 2021 Iqtisodiyot
520 0

Oʻzbekiston simpoziumlar saroyida Savdo-sanoat palatasining navbatdagi qurultoyi boʻlib oʻtdi.

Unda adliya vaziri R. Davletov ishtirok etib, Tadbirkorlik kodeksi, tadbirkorlikka oid qonunchilikdagi muammolar tahlili va ularning yechimlari toʻgʻrisida nutq soʻzladi.

Vazir oʻz axborotida vazirlik tomonidan ishlab chiqilayotgan Tadbirkorlik kodeksi va tadbirkorlikka oid qonunchilikdagi muammolar tahlili, ularning yechimlariga toʻxtalib oʻtdi.

— Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev “Tadbirkorning dardi bilan yashamagan rahbar siyosatni tushunmagan rahbar boʻladi” deb juda toʻgʻri taʼkidlaganlar.

“Hamma bitta narsani tushunishi kerakki, tadbirkorlikning asosiy mohiyati – bu foyda olish, samaradorlik va olingan foydani yana investitsiya qilishdan iborat. Yaʼni tadbirkor foydani qancha koʻp olsa, shuncha koʻp investitsiya qiladi va bu mamlakatning oʻsishiga xizmat qiladi. Demak, tadbirkorning oʻsishidan davlat manfaatdor” — deya taʼkidladi adliya vaziri.

Adliya vazirligi tomonidan tadbirkorlar uchun yagona huquqiy manba hisoblanmish Tadbirkorlik kodeksi loyihasi ishlab chiqilmoqda. Loyiha aqlli tartibga solish (smart regulation) konsepsiyasiga muvofiq qonun ijodkorligining zamonaviy uslublaridan hisoblangan “One in two out”, BPR tamoyillari asosida ishlab chiqilmoqda.

Kodeks nima uchun kerak?

Birinchidan, hozirda tadbirkorlik faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilik hujjatlari tarqoq holda va nihoyatda koʻp miqdorda qabul qilingan. Xususan, tadbirkorlik faoliyati bilan bogʻliq 5000 ga yaqin normativ-huquqiy hujjatlar mavjud.

Hujjatlarning nihoyatda koʻpligi ular oʻrtasida kolliziyalarni keltirib chiqarishi mumkin, zarur boʻlgan qonunchilik hujjatini topish hamda amalda qoʻllashda qiyinchiliklarni keltirib chiqarishi tabiiy bu esa tadbirkorlik subyektlarining asosli eʼtirozlariga sabab boʻladi.

Vazir oʻz axborotida «tadbirkor ishlashi, gʻoyalarini roʻyobga chiqarishi kerak, u faqat hujjat, katta byurokratiyani ichida koʻmilib ketsa, ishini kim qiladi? Shuning uchun unga qoʻlida bitta kompakt, tushunarli huquqiy meʼyorlar toʻplami zarur. Masalan, Yaponiyada tadbirkorning qoʻlida bittagina Savdo kodeksi boʻladi, u faqat shunga koʻra oʻz ishini olib boradi» deb aytib aytib oʻtdi.

Ikkinchidan, sohani huquqiy tartibga solishda zamonaviy tendensiyalardan kelib chiqib boʻshliqlarni bartaraf etish zaruriyati mavjud, yangi ijtimoiy munosabatlarni huquqiy jihatdan toʻliq tartibga solish masalasi turibdi. Masalan, “oʻrta biznes” mezonlari, innovatsion tadbirkorlik va elektron tijoratning kirib kelishi (startap-korxonalar, innovatsion klasterlar, texnologik parklar va b.).

Tadbirkorlik kodeksining qabul qilinishi tarqoq holda hamda turli kolliziyalar mavjud boʻlgan qonunchilik hujjatlarini yagona hujjatga birlashtirish, tadbirkorlik sohasidagi qonunchilik hujjatlarini barqarorlashtirish, davlatning tadbirkorlik sohasiga aralashuvini kamaytirish, shuningdek, tadbirkorlik huquqi sohasida yagona yondashuvni belgilashga xizmat qiladi. Bu loyiha albatta jamoatchilik muhokamasiga taqdim etiladi (sentyabr-oktyabr oylarida).

II. Tadbirkorlikka oid qonunchilik tahlili va oldinda turgan masalalar.

Davlat va tadbirkor munosabatlari huquqiy jihatdan toʻgʻri va iqtisodiy jihatdan samarali boʻlishi uchun qonunchilikda quyidagilar masalalar toʻliq va uzil kesil hal etilishi lozim.

Birinchidan, barqarorlik va xavfsizlikni taʼminlash. Davlat tadbirkorga sharoit yaratib, elektr, gazi, suvi, yoʻli, kreditini taʼminlashidan tashqari unga zarur huquqiy kafolatlarni berishi, mulk daxlsizligi, barqarorlik va xavfsizlikni taʼminlab berishi lozim.

Bu borada hozirgi kunda asosiy muammolar aniqlanib, ularni bartaraf etish uchun zarur choralar koʻrilmoqda. Birgina yer masalasini olaylik.

Tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyati uchun boʻsh turgan yer uchastkalarini auksion orqali berishning yangi tartibi amaliyotga toʻliq tatbiq etilmagani ortidan bu sohada turli korrupsion tuynuklar, noqonuniy yer sotish va yoki yerni tadbirkordan olib qoʻyish amaliyoti avj olib bormoqda.

Noqishloq yerlarini ajratishda auksionni chetlab oʻtishga yoʻl ochib beradigan qonunchilikda koʻplab mustasnolar mavjud edi (Obod mahalla, Yoshlar kelajagimiz, maxsus iqtisodiy, kichik sanoat zonalar, Yoshlar sanoat zonalari, kinoteatrlar).

Auksionga ishonch shakllanmasdan, aholi yer olish masalasida noqonuniy yoʻllar qidirishi ham bor gap.

Bu esa, oʻz navbatida, tadbirkorlikda raqobat muhitining buzilishiga olib keladi.

Kuni kecha qabul qilingan Prezident farmoni mana shu muammolarga chek qoʻyish orqali tadbirkorlarga ishonchli, barqaror biznes muhitini yaratishga va teng imkoniyatlarni taʼminlashga xizmat qiladi.

Ikkinchidan, tadbirkorlik faoliyatiga davlat aralashuvini minimallashtirish. Tadbirkorlik subyektlari va davlat oʻrtasidagi munosabatlarda davlat tomonidan tartibga solish va nazoratning aniq chegaralarini belgilanganligi muhimdir. Yaʼni tadbirkorlik faoliyatiga aralashuvni cheklab, ularni tinch qoʻyish kerak. Bunda davlatning ayrim funksiyalarini xususiy sektorga oʻtkazish, tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning samarali mexanizmlarini ishlab chiqish nazarda tutiladi.

Tadbirkorlik faoliyatini tartibga solish deb: ruxsat berish, ruxsatni bekor qilish, litsenziyalash kabi richaglar bilan biznes munosabatlariga ortiqcha aralashish bizning maqsadlarimizga mos samarani bermaydi. Bu, aksincha, yashirin iqtisodiyotni gullab-yashnatadi, tadbirkorlarni qonuniy faoliyat olib borishdan bezdiradi.

Sir emaski, litsenziya va ruxsatnoma olish koʻplab tadbirkorlarimizni qiynab kelayotgan edi. Chunki litsenziya va ruxsatnoma olishda tadbirkorlar koʻplab turli byurokratik toʻsiqlarga, ortiqcha ovoragarchilik, hattoki korrupsiya holatlariga duch kelar edi. Adliya vazirligiga ham bu masalada koʻplab ariza va shikoyatlar kelib tushar edi.

Mazkur sohadagi muammolarni batamom bartaraf etish boʻyicha oʻtgan yili tadbirkorlar bilan uchrashuvlar qildik, soʻrovlar oʻtkazdik, litsenziya va ruxsatnoma beradigan tashkilotlarda oʻrganishlar oʻtkazildi va xalqaro tajriba oʻrganildi.

Toʻplangan hujjatlar chuqur tahlil qilingan holda barcha ushbu sohadagi muammolarni bartaraf etish boʻyicha takliflar ishlab chiqildi.

Takliflar asosida oʻtgan yil avgust oyida Prezidentimizning “Litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni qabul qilindi.

Farmon bilan 104 ta litsenziya va ruxsatnomalar bekor qilindi. Maxsus “Litsenziya” axborot tizimi ishga tushirildi. Endilikda, xabardor qilish tizimi orqali 15 kun ichida emas 10 daqiqa ichida bemalol ishni boshlash mumkin.

Shuningdek, sohani tartibga soluvchi yagona “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi Qonun Senat tomonidan qabul qilinib, Prezident tomonidan imzolanish jarayonida.

Uchinchidan, byurokratiya va ovoragarchiliklarga chek qoʻyish. Tadbirkorlik subyektlari faoliyati bilan bogʻliq tartib va taomillar sodda, turli byurokratik toʻsiqlardan xoli boʻlishi lozim.

Qonun hujjatlarining tarqoqligi amalda ularni idrok etishni murakkablashtiradi. Bundan tashqari turli huquqiy tafovutlar va nizolarni keltirib chiqaradi. Tadbirkor uchun har bir nizoli holat – kutilmagan va ortiqcha xarajat deganidir.

Ortiqcha tartibga solish va byurokratiyani kamaytirish, xususan, tadbirkorlik subyektlari tomonidan huquqni qoʻllashda nomuvofiqliklar vujudga kelishining oldini olish maqsadida Adliya vazirligi tomonidan “tartibga solish gilyotinasi” usulini qoʻllagan holda qonunchilikni tizimlashtirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, tegishli hujjatlar bilan 2020-yil 500 ga yaqin, 2021-yil 400 ga yaqin Prezident Farmon va qarorlari bekor qilindi. Shuningdek, 2 000 ga yaqin hukumat qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb topildi.

Bu esa amaldagi qonunchilik bazasini deyarli 10 foizga ixchamlashtirishga imkon berdi.

Tadbirkorlarimiz faoliyatida ayniqsa koʻp duch keladigan texnik jihatdan tartibga soluvchi hujjatlarining tarqoqligi (SHNK, SANPIN, standartu boshqa texnik talablar) amaliyotda ularni tushunishni qiyinlashtirishga, haddan tashqari byurokratiyaga olib kelmoqda. Bu oʻz navbatida, texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarni tizimlashtirishni hamda eski va oʻz ahamiyatini yoʻqotgan normativ hujjatlarni bekor qilishni taqozo etadi.

Biz bu yoʻnalishda ham ishlyapmiz.

Bugungi kunda mamlakatimizda biznes yuritishdagi tartib-taomillarni soddalashtirish, tadbirkorlik subyektlariga qulayliklar yaratish hamda faol tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida amaldagi qonunchilik normalari tanqidiy qayta koʻrib chiqilib, aniqlanayotgan byurokratik toʻsiqlar bekor qilinmoqda

Tadbirkorlikka doir qonunchilikdagi barqarorlik, oʻyin qoidalarining aniq va oʻzgarmasligi tadbirkorga oʻz risklarni prognozlashtirish, biznesni rejalashtirish va rivojlanish kafolatlarini beradi. Davlatga boʻlgan ishonchni mustahkamlaydi. Shuning uchun hech boʻlmasa, yaqin 10 yillikda qonunchiligimizda barqarorlik va tizimlilikni taʼminlash lozim.

Toʻrtinchidan, hududlarda biznes uchun qulay muhit yaratish.

Tadbirkorlarni qiynayotgan yana bitta masala bu bevosita hududlardagi biznes uchun yaratilgan muhit. Yaʼni, hududlarda, har bir tuman (shahar)da tadbirkorlik uchun yaratilgan shart-sharoitning holatini yaxshilash.

Joylarda tadbirkorlar uchun yaratilgan sharoitlar boʻyicha muammolarni aniqlashning yangi usuli ishlab chiqildi.

Xususan, “BUSINESS INDICATOR” – hududlarning Biznes reytingi ishlab chiqildi. Reyting joylarda tadbirkorlik uchun yaratilgan sharoitlarni baholaydi. Baholashda tadbirkorlarni oʻzi ham bevosita ishtirok etishadi. Yaʼni ular soʻrovlarda qatnashadi va ularning bergan javobiga qarib reytingning ayrim yoʻnalishlari shakllantiriladi.

Masalan, oʻtkazilgan soʻrovlarda Surxondaryolik tadbirkorlar bank xizmatlaridan norozi boʻlishgan. Yoki boʻlmasa, koʻplab tadbirkorlarning fikriga koʻra tuman (shahar) hokimliklari va davlat soliq inspeksiyasiga ishonmasliklarini bildirgan.

Yoki boʻlmasa, soʻrovda ishtirok etgan tadbirkorlarning 44%, yaʼni sal kam 2 tadan 1 tasi majburiy homiylikka jalb qilinishini aytishgan.

Xullas, bu tizim, joylarda tadbirkorlarni muammolarini ochiq koʻrsatib berdi. Boshqacha qilib aytganda qozonda borini, choʻmichga chiqaradigan tizim boʻldi.

2020-yil yakunlariga koʻra, Biznes reytingda birinchi uchlikda Toshkent shahri, Namangan va Navoiy viloyatlari boʻlsa, oxirgi oʻrinlarda Samarqand, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari joy oldi. Bu Reyting har olti oyda qayta tuziladi.

Reytingda past oʻrinni egallagan hududlar demak, biznes muhitini yaxshilar, tadbirkorlar uchun sharoitlarni yaxshilash boʻyicha qator manzilli ishlashi kerak.

Mashhur global iqtisodchi DE SOTOning bitta mashhur gapi bor: “Agar biron sohani isloh qilmoqchi boʻlsangiz, chet eldan juda aqlli va nufuzli ekspertlarni jalb qilmasdan, bibliotekada oʻtirib nazariya oʻqimasdan, oʻrningizdan turib koʻchaga chiqishingiz va shahar koʻchalari va qishloq yoʻllaridagi ovozlarga quloq tutishingiz zarur” degan. Shunday ekan, yangilik yaratmasdan, yangi nazariya yaratmasdan, mavjud va sinovdan oʻtgan uslublar asosida tadbirkorlarga quloq tutsa, yechimi oʻz oʻzidan namoyon boʻladi.

Xulosa oʻrnida aytish lozimki, tadbirkorga halol boʻl deb, uning xatosini qidirib, tutib, jazolab tadbirkorlikni rivojlantira olmaymiz.

Tadbirkorga munosabatni oʻzgartirish lozim: unga avval boshdan potensial qonun buzuvchi emas, moddiy boylik yaratuvchi va iqtisodiyotni oʻstiruvchi sifatida qarash kerak.

Biz tadbirkorga yordam beramiz deb turli tashkilotlar, institutlar tuzib, qonunlar qabul qilib, unga yordam berishga urinmaylik, tan olish kerak, eng katta yordamimiz 2 narsadan iborat: barchaga teng sharoit yaratish va tadbirkorni tinch qoʻyish.

Yuqorida aytganimizdek, tadbirkorning foydasi – bu davlatning foydasi, demak, davlat va tadbirkor bir maqsad yoʻlidagi hamkorlardir. Hamkorlar oʻrtasida ishonch boʻlishi kerak. Tadbirkorga hadeb nima qilishini oʻrgatib, uni nazorat qilib, byurokratik toʻsiqlar qoʻyilsa, yaʼni davlat tadbirkorga ishonmasa, tadbirkor ham davlatga ishonmaydi. Uni hamkor emas, nazoratchi, tepadan bosim oʻtkazuvchi, jazolovchi sifatida qabul qiladi. Tartiblarni aylanib oʻtib, davlatdan yashirinishga harakat qiladi.

Shunday ekan, Adliya vazirligi aynan shunday yondashuvni targʻib qiladi, uni qoʻllab quvvatlaydi va boshqa mutasaddilarni ham shunga chaqiradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?