«Abru bahor»ning ikkinchi bahori
«Abru bahor» qogʻozni badiiy bezash usuli sanaladi. Fors tilidan olingan mazkur atama “Bahor bulutlari” maʼnosini bildiradi. Qadimiy kitoblarda bu sanʼatning ajoyib namunalarini uchratish mumkin.
- Ajdodlarimiz «Abru bahor» qogʻozini tayyorlashda suv boʻyoqdan foydalanishgan. Suyuqlik ustidagi ranglar jilosi bahor bulutlaridek musaffo, toza va rang – barang shakllar hosil qilgani uchun bu usulga qadimda shunday nom berilgan,- deydi Buxoro shahridagi «Abru bahor» tasviriy sanʼat markazi rahbari, Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi ijodkorlar uyushmasi aʼzosi Rahim Hakimov. - U azal – azaldan kitobnavislik sanʼatida ishlatilgan va hozirgacha oʻz mohiyatini yoʻqotgan emas. Bu usul kitobni mazmunan boyitish, kitobxonni oʻziga jalb qilish nuqtayi nazaridan muhim ahamiyat kasb etgan.
Mutaxassislar «Abru bahor»ning vatani qayerda, degan masalada turli fikr – mulohazalar bildirishadi.Ular orasida «Abru bahor» Buxoroda tugʻilib, Eronda ravnaq topgan, Turkiyada yashab qolgan», degan taxminni ilgari surganlar ham oz emas. Agar Turkiyada u gullab – yashnayotgani inobatga olinsa, bu gapda jon bor, degan fikrga borasan, kishi.

«Abru bahor» qogʻozini tayyorlash oʻta sinchkovlik, nozik did va mahorat talab qiladigan jarayon sanaladi. Uning oʻziga xos texnologiyasi bor. Biz bu haqda batafsil toʻxtalish niyatida emasmiz. Eʼtiborni shu bilan bogʻliq boshqa bir jihatga qaratmoqchimiz.
Gap shundaki, yurtdoshimiz Rahim Hakimov «Abru bahor»ning tamoman yangi zamonaviy yoʻnalishini yaratgan ijodkor sanaladi.
- Ish jarayoni bir – biriga oʻxshash, - deydi rassom. - Ammo farqli jihatlari ham koʻp. Qadimiy usulda suvga kitra yaʼni butasimon oʻsimlik shirasi qoʻshilib yoki gulqogʻozni devorga yopishtirishda ishlatiladigan yelim aralashtirilib quyuq holatga keltiriladi. Biz taklif qilayotgan usulda suvga hech narsa qoʻshilmaydi. Birinchi usulda suvda eriydigan boʻyoqlar, ikkinchisida esa moy boʻyoqlar ishlatiladi. Ikkala usulda ham suv ustidagi ranglarga toza qogʻozlar bostirib olinadi. Keyin ular obdan quritiladi. Bizning usulda bosmadan chiqqan qogʻozlarda tasviriy sanʼat asarlari yaratish imkoniyati koʻproq.
Aytish joizki, Rahim Hakimov «Abru bahor»ning zamonaviy usulidan foydalanib, samarali ijod qilmoqda.Uning “Umar Xayyom”, “Tushdagi parvoz”, “Sirli uchrashuv”, “Pir”, “Moziydan sado” singari asarlari oʻziga xosligi bilan ajralib turadi. Buni Misr, Turkiya, AQSH, Fransiya, Rossiya, Niderlandiya singari davlatlaridan kelgan sayyohu milliy sanʼatimiz ixlosmandlarining markaz estalik kitobiga bitgan soʻzlari ham tasdiqlaydi. Jumladan,Rossiya Jurnalistlar uyushmasi aʼzosi Bela Panayevaning “Noyob, betakror, oʻziga xos sanʼatingiz oldida taʼzimdaman”, deb yozib qoldirgani fikrimiz isbotidir.
Rahim aka Fransiyalik ikki rassomga mahorat sabogʻi ham oʻtadi. Dunyoning turli burchaklaridan maktublar olmoqda. Bularning barchasi «Abru bahor»ning ikkinchi bahori kelganidan nishonadir.
Izlanuvchan musavvir hozir 70 yoshda.Xitoy, Eron, Rossiyada koʻrgazmalari tashkil etilgan.Dunyoning koʻplab davlatlari muzeylari, shaxsiy kolleksiyalarda asarlari bor.Shogirdlari koʻp.Kasbini yaxshi koʻradi.Yoshlarimiz unut boʻlayozgan bu sanʼatni oʻrganishsin, xorijliklar «abru bahor»ning ildizlari qayerdaligini bilishsin, degan maqsadda uch tilda maxsus risola ham yozib nashr ettirdi.
Istam IBROHIMOV,
“Xalq soʻzi”
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Loʻlilar faqat tilanchimi?...” Ular yashayotgan mahalladan fotoreportaj
- Yangilanayotgan Markaziy Osiyo: birlik, doʻstlik va hamkorlikning yangi bosqichi
- Hokimlik Toshkentni “yuva boshladi“. Xoʻsh, suv sepish havo ifloslanishini kamaytiradimi?
- Nogironligi boʻlgan fuqarolarga 30 mln soʻmgacha foizsiz ssuda ajratiladi
- “Adabiyot va hayot”: Sultonboy Dehqonovning shaxsiy fotokoʻrgazmasi ochildi (+fotoreportaj)
- Kambagʻallikni qisqartirish: pul emas, aql-idrok va bilim muhim
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring