420 mln soʻmga qurilgani aytilgan maktab aslida boʻm-boʻsh yer boʻlib chiqdi – Norboyeva

21:58 23 Aprel 2021 Jamiyat
2615 0

Oliy Majlis Senatining bugungi yalpi majlisida Senat raisi Tanzila Norboyeva parlament uchun birinchi galdagi muhim masalasi – bu byudjet masalasi ekanini qayd etdi. Bu sohada talon-torojliklarga chek qoʻyish kerak.

- Oʻtgan yilda 2,5 mingdan ziyod byudjet muassasasida 301 milliard soʻmdan ortiq byudjet mablagʻlari talon-taroj qilingan, - dedi Senat raisi. - Narxlarni sunʼiy oshirish orqali davlat xaridlarini amalga oshirish holatlari aniqlanganligi tashvishli hol. Korrupsiyaga qoʻl urgan mansabdor shaxslar soni koʻpayib borayotgani (2019-yilda 1 ming 339 nafar, 2020-yilda 1 ming 723 nafar) mazkur illatga qarshi kurashishni yana-da kuchaytirishni taqozo etadi.

Tahlillarga koʻra, qurilish sohasidagi 44 qonun hujjati ekspertizadan oʻtkazilganda, ularning yarmida (23 tasida) 124 ta; sogʻliqni saqlash sohasidagi 70 qonun hujjatining 19 foizida (13 tasida) 41 ta; Taʼlim sohasidagi 96 qonun hujjatining 18 foizida (17 tasida) 81 korrupsiyaviy omillar aniqlangan.

T.Norboyeva shulardan kelib chiqib, prokuratura mazkur yoʻnalishdagi ishlarda taʼsirchan va qatʼiy choralar qoʻllashi, Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashiga aniq takliflar kiritishi zarurligini taʼkidladi.

Majlisda tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash borasida joylardagi mutasaddilar masʼuliyatni toʻla his qilmayotgani tanqid qilindi. 

Xususan, 5 ming 200 dan ziyod tadbirkor huquqlari buzilgan. Tadbirkorlar manfaatlariga zid keluvchi 350 dan ziyod noqonuniy hujjat chiqarilgan. 24 mingga yaqin tadbirkorning turli yoʻnalishlardagi (kredit, yer, bino, kommunikatsiya, litsenziya) muammolari faqatgina prokuratura organlarining aralashuvidan keyin hal qilingan.

Qishloq xoʻjaligida yerdan samarali foydalanishga yetarlicha eʼtibor qaratilmaganligi oqibatida 10 ming gektardan ziyod yer oʻzboshimchalik bilan egallangan. Qariyb 14 ming gektar yerdan maqsadsiz foydalanilgan.

– Ayrim sohalarida byudjet mablagʻlarini talon-toroj qilish holatlariga barham berilmayotganini umuman tushunib boʻlmaydi, – dedi Tanzila Norboyeva. – Xalq taʼlimi tizimida 192 mlrd soʻmdan ziyod moliyaviy xato va kamchiliklar aniqlangan. Soxta hujjatlar asosida 40 mlrd soʻmdan ortiq mablagʻ, jumladan, Dehqonobod, Chiroqchi, Qamashi, Yakkabogʻ tumanlari xalq taʼlimi boʻlimlarida 8,7 mlrd soʻmlik ish haqi noqonuniy oʻzlashtirilgan, milliardlab mablagʻlar samarasiz loyihalarga ajratilgan. Tizimdagi qurilish-taʼmirlash ishlarida qariyb 6 mlrd soʻm mablagʻ notoʻgʻri sarflangan. Beruniy tumanida 420 mln soʻmga qurilib, foydalanishga topshirildi deb koʻrsatilgan maktab filiali aslida boʻm-boʻsh yer boʻlib chiqqanini aqlga sigʻdira olmaymiz.

Senat majlisida shu kabi kamchiliklarni bartaraf etish, kelgusida yoʻl qoʻymaslik boʻyicha topshiriqlar berildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?