4 viloyatda fuqarolarni “Haj” va “Umra” ziyoratiga noqonuniy ravishda yubormoqchi boʻlgan shaxslar qoʻlga olindi (+video)

11:42 24 Aprel 2025 Jamiyat
146 0

Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahri boʻyicha boshqarmasi hamda Bosh Prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida tezkor tadbir oʻtkazildi. Bu haqida “Xavfsizlik” Telegram kanalida xabar berildi.

Mazkur tezkor tadbir davomida aniqlanishicha, Toshkent viloyatining Toshkent tumanida yashovchi, 1968-yilda tugʻilgan, muqaddam sudlangan shaxs “Haj” ziyoratini tashkil etishga vakolati boʻlmasada, mahalliy fuqaroning ishonchiga kirib, 8 ming AQSH dollari evaziga uning ota-onasini joriy yilda “Haj” ziyoratiga yuborishni vaʼda qilib, oldindan 2 ming AQSH dollari olgan vaqtida qoʻlga olingan.

Shu kabi qonunbuzilish holati Fargʻona viloyatida ham qayd etilgan. Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan Yozyovon tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbirda, Andijon viloyatining Shahrixon tumanida yashovchi, 1987-yilda tugʻilgan, turistik firma rahbari 4 nafar fuqaroni “Umra” ziyoratiga yuborish evaziga 4 ming 200 AQSH dollari olgan vaqtida ushlangan.

Bundan tashqari, shu kabi yana bir holat Sirdaryo viloyatida ham kuzatilgan. Maʼlum boʻlishicha, Oqoltin tumanida yashovchi, 1974-yilda tugʻilgan shaxs oʻzini goʻyoki sayyohlik firmasi vakili sifatida tanishtirib, 3 nafar fuqaroni “Umra” safariga yuborish evaziga jami 3 ming 450 AQSH dollari talab qilgan. Ushbu shaxs oldindan 1 ming 100 AQSH dollari hamda 1 million 290 ming soʻm olgan vaqtida tezkor tadbir xodimlari tomonidan ushlangan.

Shuningdek, Qashqadaryo viloyatida Qarshi shahrida faoliyat yurituvchi xususiy aviakassa rahbari mahalliy fuqaroning ishonchiga kirib, uning qarindoshini “Umra” safariga yuborishini aytib, buning evaziga 1 ming 200 AQSH dollari talab qilgan Uning koʻrsatmasi bilan aviakassa xodimi oldindan 10 million soʻm olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olingan.

“Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda”, — deyiladi xavfsizlik xabarida.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер