2027-yilgacha 140 ming foydalanuvchi qamroviga ega raqamli ekotizim yaratiladi

15:22 23 May 2025 Jamiyat
130 0

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan “Ilmiy va innovatsion faoliyatni raqamlashtirish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar va kelgusidagi rejalar” mavzusida matbuot anjumani oʻtkazildi. Unda “Raqamli Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi asosida tizimni raqamlashtirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berildi.

Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan ilmiy va innovatsion faoliyatni raqamlashtirish maqsadida keng koʻlamli ishlar yoʻlga qoʻyilgani taʼkidlandi. Soʻnggi besh yilda 13 ta axborot tizimi joriy etilgani va ular orqali 90 mingdan ortiq foydalanuvchiga xizmat koʻrsatilayotgani maʼlum qilindi.

Ish yuritish bilan bogʻliq 11 turdagi hujjatlar aylanmasi toʻliq raqamlashtirilgani, raqamli xizmatlar soni 8 taga yetkazilgani qayd etildi. Shuningdek, 2024-yilda Raqamli hukumat tizimi orqali 39 turdagi maʼlumotlarni uzatish yoʻlga qoʻyilgani bildirildi.

Agentlik tomonidan sinov rejimida 3 ta yangi axborot tizimi — “Akademik harakatchanlik” dasturi, xorijiy ilmiy stajirovkalarni tashkil etish yagona elektron tizimi va startaplar platformasi ishga tushirilgani, shuningdek, Davlat ilmiy dasturlari va oliy taʼlimdan keyingi taʼlimni muvofiqlashtirish tizimlari takomillashtirilgani maʼlum qilindi.

Taʼkidlanishicha, raqamlashtirish tufayli arizalarni koʻrib chiqishda inson omili kamaygan, ishlash vaqti va qogʻoz hujjatlar hajmi sezilarli darajada qisqargan. Xususan, Davlat ilmiy dasturlari boʻyicha arizalarni koʻrib chiqish muddati 2023-yildagi 8–14 oydan 2024-yilda 5–9 oygacha qisqargan.

Oliy taʼlimdan keyingi taʼlim tizimida ham raqamlashtirish natijasida 54 ta jarayondan 53 tasi raqamlashtirilgani, tizimdan foydalanuvchilar soni 85 ming nafarga yetgani qayd etildi.

Agentlik kelgusida 2025–2027-yillarda 14 ta yangi axborot tizimini joriy etish va 3 ta mavjud tizimni takomillashtirishni rejalashtirayotgani, natijada raqamli xizmatlar soni 21 taga, foydalanuvchilar soni esa 140 ming nafarga yetkazilishi koʻzda tutilgani maʼlum qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер