2022/2023 oʻquv yili uchun davlat oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari toʻgʻrisida

01:58 16 Iyun 2022 Hujjatlar
3094 0

Arxiv surat

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoyishi

Yoshlarni oliy taʼlim bilan yanada kengroq qamrab olish, oliy taʼlim tashkilotlari oʻrtasida sogʻlom raqobatni kuchaytirish maqsadida, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 15-iyundagi “Davlat oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish jarayonlarini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PQ–279-son qaroriga muvofiq:

1. 2022/2023 oʻquv yili uchun davlat oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari:

a) bakalavrlar tayyorlash boʻyicha:

kunduzgi taʼlim shakliga – 77 477 nafar etib 1-ilovaga muvofiq;

sirtqi taʼlim shakliga – 26 095 nafar etib 1a-ilovaga muvofiq;

kechki taʼlim shakliga – 3 725 nafar etib 1b-ilovaga muvofiq;

masofaviy taʼlim shakliga – 3 410 nafar etib 1v-ilovaga muvofiq;

b) magistrlar tayyorlash boʻyicha – 10 688 nafar etib 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. Moliyaviy mustaqillik berilgan davlat oliy taʼlim muassasalarining kuzatuv kengashlariga hamda qabul parametrlarini Vasiylik kengashi qarori bilan tasdiqlash vakolati berilgan oliy taʼlim tashkilotlariga tegishli qabul parametrlarini 2022-yil 20-iyunga qadar tasdiqlash tavsiya etilsin.

3. Davlat oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish jarayonlarini muvofiqlashtirish boʻyicha davlat komissiyasi besh kun muddatda 2022/2023 oʻquv yili uchun:

sogʻliqni saqlash, xalq taʼlimi, veterinariya, tibbiy-ijtimoiy xizmatlar sohalarida oliy maʼlumotli kadrlarga ehtiyoj yuqori boʻlgan hududlar uchun davlat buyurtmasi parametrlarining davlat granti asosidagi qabul koʻrsatkichlari doirasida manfaatdor vazirlik va idoralarning buyurtmalariga muvofiq maqsadli qabul parametrlarining tuman (shahar)lar kesimidagi taqsimotini;

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, tizimida oliy taʼlim muassasasi boʻlgan vazirlik va idoralarning takliflari asosida davlat buyurtmasi parametrlarining taʼlim tillari boʻyicha taqsimotini tasdiqlasin va eʼlon qilsin.

4. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bir oy muddatda:

Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda 2022/2023 oʻquv yilida yangi kiritilayotgan bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari hamda magistratura mutaxassisliklari boʻyicha Oliy taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklari klassifikatoriga belgilangan tartibda oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritsin;

davlat oliy taʼlim muassasalarida yangi kiritilayotgan bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklarining malaka talablari, oʻquv rejalari hamda fan dasturlarining ishlab chiqilishini va belgilangan tartibda tasdiqlanishini taʼminlasin.

5. Mazkur farmoyishning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A. Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti  Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2022-yil 15-iyun

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?