2020 — millatni ulgʻaytirgan yil
Dunyoning pastu balandini bilgan odamlar yilning kelishiga qarab undan nima kutishini ayta oladi. Ammo 2020-yil hammani shoshirdi. U yurtdoshlarimiz uchun ham, jahon ahli uchun ham ogʻir keldi. Men ham uzoq yillar siyosatning ichida yurgan, bu hayotda yaxshi-yomonni, oqu qorani yetarlicha koʻrgan va uni ajrata olish tajribasiga ega inson sifatida bu borada favqulodda bir tugal fikr aytishga, toʻgʻrisi, qiynalaman.
Negaki, shundoq koʻz oldimizda boʻlib oʻtgan voqealar, elimiz boshiga tushgan tashvishlar odamning xayolini shoshiradi, fikrlarini jamlashga izn bermaydi. Koʻrgan-kechirganlarimiz, majoziy aytganda, tragik filmlar motivlariga yoki bosirinqirov tushga oʻxshaydi.
Afsuski, bu koʻrayotganlarimiz tush emas. U real hayotda yuz bergan hamda berayotgan voqealar. Albatta, boʻlib oʻtgan va hamon davom etayotgan hodisalar silsilasi barchamizning oromimizni oʻgʻirladi, dilimizni xufton qildi. Biroq men Shavkat Miromonovichni uzoq yillardan buyon yaqindan biladigan, uning orzu-oʻylari, ichki kechinmalaridan xabardor bir safdoshi sifatida aytishim mumkinki, boshimizga tushgan bu tashvishlar eng koʻp shu insonning bagʻrini ezdi, dilini yaraladi.
Zotan, bu yildan barchamizdan ham koʻra uning umidlari koʻproq edi. Orzularki, elimiz turmush sharoitini oshirish, oddiy, mehnatkash odamlar kosasini oqartirish, bu dunyoga kelib, bir umr guvala devorli tomlar tagida roʻshnolik koʻrmay, “hayot shu ekan, peshonamizga bitilgani shu boʻlsa kerak”, deya koʻrgan kuniga-da rozi oʻtayotgan sodda, kamsuqum, sabr-bardoshli vatandoshlarimiz koʻnglini olish, ularning egilgan qaddini koʻtarish... Yana yangi Oʻzbekistonning yuzi boʻlmish «Toshkent siti», Toshkent metropolitenining yer usti liniyasi, aholi uchun yuzlab turarjoylar, oʻnlab zamonaviy zavod-fabrikalar, yuz minglab yangi ish oʻrinlari yaratish...
Biroq dunyo ishlari “tizgini” bandasining qoʻlida emas. Koʻrib turganimizdek, charx teskari aylandi. Koʻpni koʻrgan donolarimiz “Falokat kutilmaganda keladi, bir kelsa ustma-ust keladi”, deyishadi. Bu yil shunday boʻldi: xalqimiz va yurtimizni mana shu tashvishli qismat “aylantirdi”.
Gapimiz quruq boʻlmasin. Masalan, hamon dunyoni larzaga solib turgan koronavirus pandemiyasini oling. Uning naqadar jiddiy xavf ekani va keltirishi mumkin boʻlgan talafotlari koʻlamini chamalash uchun bu yil Tokioda boʻlib oʻtishi kutilgan toʻrt yillikning eng nufuzli sport musobaqasi — xalqaro Olimpiada oʻyinlarining qoldirilganini esga olish kifoya.
Yoki Buxoroda sodir boʻlgan shiddatli shamol. Dam oʻtmay Sardoba toshqini... Keyin Soʻx voqealari...
Taassufki, bu hodisalar basma-bas roʻy berdi. Biz kulfat bilan yuzma-yuz qoldik. Mana, chet ellarda boʻlgani kabi quyun tomlarni uchirib ketmoqda. Quturgan toshqin uylarga bostirib kirmoqda. Qisqacha aytganda, falokat.
Mana shu sinovli kunlar shu hikmatni berdiki, u bizga doʻst bilan dushmanni, qalbida adovati, kini va yoki samimiyati balqib turgan odamlarni yana bir bor tanitdi. Qarang, hatto shu koʻrgilik bahona baʼzi xorijiy matbuot va ijtimoiy tarmoqlarda boʻlayotgan voqealarga “beqasam toʻn kiydirib”, mamlakat hayotiga mudhish tus berish, odamlarni shoshirish, yoshlar ongini zaharlash kabi hollar roʻy berdi.
Albatta, bu yangilik emas. Hasad bor ekan, xusumat boʻladi. Lekin odamlarimiz bu mashaqqatni odatdagidek ogʻir-vazminlik bilan yengib oʻtdi. Xalqimizda “har yomon ishning ham bir xosiyati boʻladi”, degan gap bor. Bu har qanday tashvishu sitamlarning ham kishi uchun ibrat oladigan jihatlari boʻladi, qiyinchilik va sinovlar odamni toblaydi, degani aslida. Qolaversa, men bunday favqulodda holatlar katta shaxslar siyratidagi biz ilgari ilgʻamagan gʻayrishuuriy qudratni ham yuzaga chiqarishining guvohi boʻldim, desam, adashmayman.
Ochiq aytsam, men oʻsha gʻala-gʻovur, butun dunyoni toʻzgʻitib tashlagan, aytilgan gap besh daqiqadan keyin asliga toʻgʻri kelmaydigan, toʻgʻri qarorga kelish yuzdan bir foizga teng kezlarda Prezidentni qayta kashf etdim. Qariyb qirq yilga yaqin yonma-yon yurib, ish tartibi, qobiliyati va favqulodda isteʼdodi qirralarini yaxshi bilaman, deb oʻylaganim bekor ekan.
Prezident Mirziyoyev oʻsha ogʻir damlarda, kulfat va falokat ustimizga yopirilib kelgan damda men bilgan Shavkat Miromonovichdan yuz karra kuchli, matonatli hamda irodali, xalqi uchun, eli uchun jonini berishga tayyor bir yovqur afsonaviy vatan oʻgʻloniday koʻz oldimda namoyon boʻldi. Albatta, bu mulohazalarni vijdoni bor, boʻlayotgan voqea-hodisalarni koʻrib turgan har qanday odam tan oladi.
Oʻsha mushkul kunlarda ishni tez va toʻgʻri yoʻlga qoʻyib olishda davlatimiz rahbari alohida jonbozlik koʻrsatgani hech kimga sir emas. Hatto Oʻzbekistonning ogʻir ahvolga tushganini ilgʻagan, bundan chiqish strategiyasini, eng muhimi, toʻgʻri hamda tez samara beruvchi yoʻlni topa olganidan koʻpchilik xalqaro ekspertlar hayratini yashirmadi. Xolis va adolatli aytganda, kechmish falokat hamda fojialar mamlakatimiz yetakchisi har qanday mushkul vaziyatda ham jilovni qoʻlga olib, el-yurt ogʻirini yengil qilish uchun kurashishga, favqulodda hodisalarga zudlik bilan yechim topishga qodir strateg, pragmatik siyosatchi ekanini namoyish etdi.
Men endi, oradan maʼlum vaqt oʻtib, hovurlar hiyla bosilgach, oʻylayapmanki, Yurtboshimizga uzoq yillar tuman va viloyatlar hokimlari boʻlgan davri hamda Bosh vazir sifatida orttirgan tajribasi hamisha qoʻl keladi. Oʻsha davrda u kishi yurtimizning eng olis goʻshalarigacha kezgan, u yerda yashayotgan kishilar, oddiy odamlarning dardu oʻyi, orzu-istaklarini juda yaxshi bilgan, ularning azob-uqubatlarini, qiyinchiliklarini dilidan, jonidan oʻtkazgan. Ehtimol shuning uchun ham u siyosatining bosh boʻgʻinini oddiy odamlarning hayotini yorugʻ qilish, ularning oʻmganini koʻtarish, chin maʼnoda, hayotdan, koʻrayotgan kunlaridan rozi qilish etib belgiladi.
Soʻzimiz avvalida ortda qolayotgan yilda boshimizga tushgan tashvishu falokatlar haqida gapirdik, ularni sanaganday boʻldik. Keling, endi ularning tafsilotlari haqida qisqa gurung qilsak. Zotan, oʻtgan kunlardan saboq olish har doim xayrli boʻlgan.
Tahlikaning jilovlanishi
Bilasiz, Xitoyning Uxan shahrida koronavirus degan yuqumli kasallik tarqaldi. Ochiq aytsam, esimni tanigandan buyon bunday baloni koʻrgan-eshitgan emasman. U juda tezlikda keng yoyildi. Fransiya, AQSH, Braziliya, Meksika, Hindiston... 2020-yil 15-mart kuni Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti laboratoriyasida Fransiyaga borib qaytgan Oʻzbekiston fuqarosida COVID-19 aniqlandi...
Oʻzbekistonda ham sinov davri boshlandi. Oʻsha tahlikali kezlarda men Prezidentimiz oʻtkazgan bir necha yigʻilishlarda ishtirok etganman. Davlatimiz rahbari yigʻilganlar oldida oʻzini qanchalik vazmin va dadil tutmasin, ichida ogʻir bir xavotir, ismsiz dard kezinib yurgani koʻzlaridan sezilib turardi. Bu — dunyoga yoyilib ketayotgan ogʻir balo, tilsiz “yov”dan 34 million nufusga ega xalqimizni omon saqlash, imkoni boricha talafotlarni kamaytirish, odamlarning hayoti, turmushi va salomatligi uchun masʼullik xavotiri edi, nazarimda.
Ochigʻi, koʻpchilik qatori men oʻzim ham bu ofat haqida gap-soʻzlar paydo boʻlgan mahallar unga unchalik jiddiy eʼtibor qaratmagan, virus Xitoyda boʻlsa, chegaralarni yopsak xavf bartaraf boʻladi, deb oʻylaganman. Lekin masala biz oʻylaganday emas ekan. Obrazli aytganda, jin allaqachon koʻzadan chiqib ketgan, uni nazorat qilish imkonsiz ahvolga kelgan ekan.
Aynan shu jarayonda meni hayron qoldirgan jihat shu boʻldiki, koronavirus epidemiyasi hali pandemiyaga aylanmay turib, hatto Yevropa bu masalaga jiddiy qaramagan bir vaqtda, 29-yanvar kuni davlatimiz rahbari mazkur ofatning oldini olishga masʼul boʻlgan maxsus komissiya tashkil etish borasida farmoyish qabul qildi.
Esimda, oʻsha mahal Prezidentni masalaga ortiqcha baho berayotganlikda ayblaganlar ham boʻldi. Biroq voqealar rivoji uzil-kesil tashlangan qadamning ayni vaqtida boʻlganini tasdiqladi. Bu fazilat, albatta, shaxsdagi tan olish kerak boʻlgan, aslo koʻz yumib boʻlmaydigan xislatdir. Bu juda kam odamlarga Yaratgan tomonidan berilgan savqitabiiy — favqulodda qobiliyat hisoblanadi. Bu davlat rahbarini chin Millat Lideriga aylantira oladigan mumtoz donishmandlik belgisi edi.
Vaqt oʻtib anglayapmizki, Prezidentdagi uzoqni koʻra bilish qobiliyati, hali aytganimizdek, xavf solib turgan xatardan el-ulusni asrab-avaylab olib oʻtish, imkon qadar kam talafot berish uchun tamal toshi boʻlib xizmat qildi va qilayotir.
Yana bir gap. Odam koʻngli doimo oddiylik, soddalik hamda samimiylikka intiq boʻladi. U joni achib, yurakdan aytilayotgan soʻzni sezadi, unga jon deb quloq tutadi. Shu maʼnoda aytadigan boʻlsak, Prezidentimizning oʻsha kezlar odamlarni bu balodan ogoh etishga qaratilgan, hushyorlikka chaqiruvchi uygʻoq soʻz va murojaatlari hech kimni befarq qoldirgani yoʻq...
Bugun koʻrib turibmiz. Pandemiya jahon iqtisodiyoti hamda hayotiga jiddiy zarar yetkazdi. Dunyo boʻyicha ishsizlik darajasi oʻsmoqda. Hatto ayrim mutaxassislar koronavirus 1980-yillarning soʻngida, aniqroq aytganda, 1987-yili AQSHda yuz bergan iqtisodiy-moliyaviy boʻhrondan ham oʻtib ketdi, deyishmoqda. Oʻshanda “Јora dushanba” deb nom olgan mazkur inqiroz oqibatida Dou-Jons sanoat indeksi 22,6 foizga (bu uning tarixidagi shu paytgacha eng katta pasayish hisoblanadi) tushib ketgan va bu butun dunyo moliya-iqtisod siyosatini qariyb izdan chiqargan edi. Boshimizga tushgan bu balo yetkazgan ziyon-zahmat ham hali koʻp tahlil etilsa, ajab emas.
Ammo shuni aytish kerakki, mamlakatimizda har bir inson oʻz ishiga masʼul, hushyor va uygʻoq. Shukrki, oramizda, garchi yoʻqotishlar boʻlsa-da, ortiqcha sarosima, dovdirash hamda esankirab qolish holatlari uchramadi.
Mentalitetimizdan kelib chiqib aytadigan boʻlsak, har qanday ogʻir vaziyatda ham oiladagi muhit kattalarga bogʻliq boʻladi. Jamiyatimizda ham mavjud xatarlarga nisbatan xotirjamlik va boshga tushgan koʻrgiliklarni sabr-bardosh bilan yengish koʻnikmasi Prezidentimizdan, u kishining oʻzini tutishi, masalaga yondashishi, muxtasar aytganda, yaxshi kunlarga boʻlgan komil ishonchidan shakllandi. U kishining surati hamda siyratidagi qatʼiyat odamlarimiz va jamiyat hayotiga shundoq koʻchib oʻtdi, desam, hech mubolagʻa qilmagan boʻlaman. Bu borada, ayniqsa, tibbiyot xodimlari faoliyati tahsinga loyiq. Bularning hammasi, eng avvalo, Yoʻlboshchiga, uning odamlarni ishontira olish, ortidan ergashtirish qobiliyatiga bogʻliq.
Eʼtibor qiling, dunyoda xavfning nomi va keltiradigan xatari allaqachon maʼlum boʻlgan. Biroq hayot toʻxtab qolgan emas, odamlar bu “yov”ni tezroq bartaraf etish, yaqinlari, vatandoshlariga koʻmak berishga intilishdan bir daqiqa boʻlsin chekingan emas. Albatta, bu ishlarning boshida davlatimiz, Prezidentimiz turganini, u kishining xalqqa, odamlarga boʻlgan cheksiz mehrini, eng muhimi, bu tashabbuslar millatni yakdil harakat qilishga, yana-da jipslashtirishga xizmat qilayotganini har bir fikrli odam yaxshi anglab turibdi. Yurtboshimiz bu borada jiddiy harakatga kirishgan oʻsha yanvar oyidan buyon oʻtgan kunlarni koʻz oldingizdan oʻtkazsangiz, qaynoq jarayon bir zum ham tinmaganiga guvoh boʻlasiz. Qarang, poytaxt va viloyatlar, tumanlar markazlarida yangi shifoxonalar barpo etilmoqda, bu maskanlar chet ellardan keltirilgan tibbiy jihozlar, asbob-uskunalar, dori-darmonlar bilan uzluksiz taʼminlanmoqda. Hatto dunyoning eng nufuzli hamda malakali shifokorlari olib kelinib, xalqimiz xizmatiga kamarbasta etilmoqda. Baʼzi qoʻshnilarimiz tashqaridagi fuqarolarining aybini oʻz gardanlariga tashlab “darvozalarini” yopib olgan bir paytda, bizda minglab xorijdagi vatandoshlarimiz olib kelinmoqda, ularning sogʻligʻi, yashash sharoiti va kelgusi hayoti haqida mehribonlik qilinmoqda.
Endi ayting, bular oʻz-oʻzidan boʻladimi, yoki boʻlmasa, chet eldagi nufuzli shifo maskanlarida bir kunda minglab dollar topadigan shifokorlar issiq joyi, moʻmay daromadini tashlab bizning chiroyli qosh-qovogʻimiz hurmati uchun bu yerga kelib oʻtiribdimi?! Masalaga shu nuqtayi nazardan qarasak, juda koʻp narsa oydinlashadi.
Bugun dunyoda kechayotgan voqealarni kuzatib shu narsani sezdimki, davlatlar va hukumatlar siyratida ham xuddi odamlardagidek feʼllar boʻlarkan. Masalan, saxiylik, oʻz fuqarolariga mehribonlik, jonfidolik bu sharoitda hammada ham birdek koʻrinmadi. Baʼzi davlatlar masalani “bizda koronavirus yoʻq” deya “yumaloq yostiq” qilishgan boʻlsa, baʼzilari masʼuliyat va xavfdan himoyalanishni toʻgʻridan-toʻgʻri odamlarning zimmasiga osib qoʻydi.
Bu yerda gap, albatta, mablagʻ haqida ketayotir... Bizda esa bu masalaga juda keng hamda insoniy nuqtayi nazardan, aytish lozim boʻlsa, Mirziyoyevona qaraldi. Juda tez fursatda 1 milliard AQSH dollaridan oshiq mablagʻga ega Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasi shakllantirildi. Davlatga va gʻaznaga qanchalik iqtisodiy hamda sotsial taʼsiri boʻlmasin, butun mamlakatda qatʼiy karantin tartibi oʻrnatildi...
Bizda shu kunga qadar 40 823 nafar inson infeksiyaga chalingan va shuning 37 947 nafari, yaʼni 93 foizi shifo topgani ana shu gʻamxoʻrlik hamda chora-tadbirlarni joy-joyida qoʻllaganlik natijasi, desak, aslo xato boʻlmaydi. Qolaversa, bunda ortiqcha vahimaga berilmaslik, yaratilgan sharoit va imkoniyatlardan koʻngil toʻqligi ham muhim rol oʻynadi, desak, toʻgʻri boʻladi.
Koʻngli notinch odamning ishga, mehnatga qoʻli bormaydi. Bizda esa shu ogʻir sharoitda ham kishilarimiz yaratuvchanlik bilan band, Gʻalladan togʻ-togʻ xirmon koʻtarildi, shirin-shakar noz-neʼmatlar bozorlarimizni toʻldirib turibdi, chor-atrofda yosh-yalanglarning shodon qiyqiriqlari bir zum tinmaydi... Bu odamga xush kayfiyat bagʻishlaydi, albatta.
Mana shular haqida oʻylar ekansiz, oddiy bir haqiqat kunday ravshan boʻladi. Yaratganning bizga beradigan neʼmati — u xoh yaxshilik boʻlsin, xoh yomonlik — hammasi qanday yashashimizga, aniq aytganda, niyatga bogʻliq. Terak ekib, undan shaftoli kutib boʻlmaydi. Qaydadir urush, odamlar qon toʻkmoqda, bir-birini oʻldirmoqda. Qaydadir qoʻrqinchli suv toshqini, odamlar, qishloqlar, shaharlar haybatli toshqin ostida qolib ketmoqda. Qaygadir oʻrmon yongʻinlari alangasi koʻlankasi soya solmoqda. Qaydadir zilzila yoki koʻp-koʻp odamning uyini kuydirib yuborgan avtohalokat, poyezdning yoʻldan chiqib ketishi yoki boʻlmasa, samolyotning qulab tushishi...
Bu koʻrgiliklar XXI asrga kelib, oddiy hodisaga aylanib qoldi. Uchinchi ming yillikka kelib insoniyat oʻz tarixida kam uchratgan, oldinlari, hatto eshitmagan hodisalarga guvoh boʻlmoqda, unga unsizgina koʻnikishga majbur boʻlmoqda. Qarang, koronavirus tufayli dunyo musulmonlarining eng muqaddas amali Haj ziyorati taqiqlandi. Hali aytganimizdek, yozda boʻlishi koʻzda tutilgan Tokio olimpiadasi qoldirildi. Minglab yirik korxonalar ishni toʻxtatdi, qanchadan-qancha aviareyslar bekor qilindi. Davlatlar bir-biri uchun “darvozalari”ni yopdi...
Koʻrmayapsizmi, tabiiy ofatlar oldida odam bolasi ojiz. U yolgʻiz va himoyatalab. Shiddat bilan oʻzgarayotgan mana shu notinch dunyoda bizga yaxshilik hamda mehr-oqibat, himmat va rahm-shafqat, halol mehnat hamda yaxshi niyat togʻdek tayanch boʻladi.
Shukr qilishimiz kerakki, biz bugun shunday baxtdan bebahra emasmiz...
Hech kim himoyasiz emas
Yoʻl yurgan yoʻlovchi maʼlum manzilga yetgach, bir nafas toʻxtaydi. Bir ortga qarab, bosib oʻtgan yoʻlini sarhisob etadi, bir borajak manziliga boqib, rejasini tuzadi.
Mustaqilligimizning 29 yilligi eshik qoqib turgan shu qutlugʻ kunlarda qoʻlga kiritgan yutuqlar, qad rostlagan ulkan koshonalar, muqaddas dinimizning keng qanot yoyishi, oʻgʻil-qizlarimiz oʻz isteʼdodlarini namoyish etishi bilan bogʻliq ezgu ishlar bilan birga, yuqorida aytganimizdek, boshimizga tushgan tashvish va mashaqqatlarni xayoldan oʻtkazishimiz tabiiy.
Biroq shunisi quvonchliki, qisqa vaqtda boshimizga tushib aqlimizni shoshirgan, oromimizni buzgan talafotlar jarayonining birortasida odamlarimiz himoyasiz qolgan, oʻz holiga tashlab qoʻyilgan emas.
Hatto eng oddiy, koʻpchilik eʼtiborga olmaydigan jihatlar ham Prezidentimiz nazaridan chetda qolmadi. Bu, ayniqsa, 27-28-aprel kunlari Buxoroda kuchli shamol boʻlganida koʻzga yaqqol tashlandi. Oʻshanda mamlakatimizning juda katta qismini zabtiga olgan shamolning tezligi ayrim joylarda soniyasiga 30 — 35 metrga yetgan. Ofat, ayniqsa, Buxoro viloyatiga koʻp ziyon yetkazdi. Xoʻjalik tarmoqlari jiddiy zararlandi. Jumladan, neft-gaz, energetika va infratuzilma sohalari, ijtimoiy obyektlar — kasalxonalar, maktablar, maktabgacha taʼlim muassasalari, koʻp qavatli hamda aholining yakka tartibdagi uy-joylari, qishloq xoʻjaligi ekinlari, shuningdek, gʻalla, paxta, meva-sabzavot maydonlari va issiqxonalar katta talafot koʻrdi.
Tabiiyki, oʻsha paytning oʻzidayoq Prezidentimiz butun eʼtiborni Buxoro viloyatiga qaratdi. Birinchi navbatda, “Buxoro viloyatida yuz bergan tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish boʻyicha kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoyish qabul qilindi. Shu bilan birga, shu paytning oʻzida tabiiy ofat oqibatlarini koʻzdan kechirish, zarur chora-tadbirlar belgilash, odamlarning koʻnglini koʻtarish uchun viloyatga yetib bordi.
Ochigʻini aytganda, har qanday kutilmagan falokat odam bolasini shoshiradi. Tomlarning xazonday uchib yurishi yurakka vahm soladi. Bunday paytda har kim ham bir ogʻiz tahsinga mahtal boʻlib qoladi. Shunday pallada oʻsha voqealardan keyin Buxoroga safarim chogʻida suhbatlashganim, olotlik yigitning aytib berganlari beixtiyor xayolimda jonlanadi:
— Men oʻsha kech dalada ertagi ekinlarga suv tarayotgan edim, — deydi Asatulla Atoyev. — Avvaliga har doimgi shamolda, oʻtib ketar deb oʻyladim. Yoʻq, u soniya sayin avjiga olar, koʻngildagi vahimani oshirardi. Men ikki oʻt orasida edim. Nima muhim, uy, bolalarmi yoki mehnatim singgan, roʻzgʻorim koʻz tikib turgan tomorqammi?.. Odam bolasi ogʻir sharoitda baribir uyga — oʻlan toʻshagiga yugurarkan. Zoʻrgʻa yetib kelib koʻrdimki, bolalar sogʻ-omon. Faqat imoratim katta zarar koʻrgan, tom toʻliq uchib ketgan, ayvon qismi agʻdarilgan. Xullas, yashab boʻlmas ahvolda... Ochigʻi, buni koʻrib ichim huvillab qoldi. Chunki ota-onadan erta yetim qolib, hayotning koʻp sitamlarini boshdan kechirib, tunu kun mehnat qilib, umrim davomida topgan davlatim shu — boshpanam edi... Ogʻir va tushkun kayfiyatda qoldim. Tong yorishib koʻzim bilan koʻrdimki, talafot koʻrgan bitta men emas. Ofat juda koʻpchilikning roʻzgʻoriga katta zarar yetkazgan. Mahallada asta-sekin qoʻshnilar yigʻilib, biz tomonlarga Prezident kelarkan, degan xabar tarqaldi. Bunga kimdir ishonmaganini izhor etsa, kimdir, “u odam, albatta, keladi, mana koʻrasizlar”, deya gapini maʼqullatishga urinardi. Koʻp oʻtmay, viloyatimizga Prezident Mirziyoyev kelayotgani haqidagi xabarni ijtimoiy tarmoqdan oʻqib koʻnglimiz yorishdi. Toʻgʻrisi, koʻz tikkan dalasidan, uy-joyidan ajragan, bir etak bolasi bilan chorasiz, deyarli koʻchada qolgan mendek odamlar uchun bu, eng avvalo, katta madad edi. U kishi tumanimizga, biz tomonlarga ham keldi, odamlar bilan uchrashdi, dalalarni koʻrdi. Bilasizmi, men oʻsha kezlarda u kishining yuzidagi tashvish, koʻzlaridagi mung aralash mehrni koʻrib, beixtiyor rahmatli otamni esga oldim. Otam bizning qiyin ahvoldaligimizni koʻrsa, shunday ezilardi, bor mehrini, jonu tanini berguday harakatga tushardi... Shunday boʻldi. Prezidentimiz odamlarga barcha koʻrilgan zararlarni davlat oʻz zimmasiga olishini, hech kim eʼtibordan chetda qolmasligini vaʼda berdi. Biz koʻp oʻtmay buning ijobatini koʻrdik. Xudoga shukr, uyim oldingisidan ham ziyoda boʻldi. Tomorqadan koʻrgan zararlarni ham qoplab berishdi. Yangi hosil ham yomon emas. Oʻzim yosh koʻrinsam-da, yaqinda nabirali boʻlmoqchimiz. Niyat qilganmanki, tugʻilajak norasida oʻgʻil boʻlsa, ismini Shavkatjon qoʻyaman. Buni toʻgʻri maʼnoda tushuning. Odam oʻzidan oʻtganini oʻzi yaxshi biladi. Bu odam shundoq kelib, unday-bunday deb ketishi ham mumkin edi. Lekin Mirziyoyev unday qilmadi. Ofatdan zarar koʻrgan, roʻzgʻori yarim boʻlgan odamlar oldiga bordi, ularning boshini siladi, hech kim qilmaydigan himmatni koʻrsatdi. Bu mardlik, tantilik. Bizda buni soddagina qilib joʻmardlik ham deyishadi. Xoʻsh, endi ayting, nega endi men boʻlgʻusi zurriyodimning shu odam kabi chin inson, vatanparvar va millatparvar boʻlishini orzu qilmasligim kerak!
Buxoro toʻfoni va uning talafotlarini bartaraf etish haqida gap ketganda har safar shu yigit — Asatullaning yoniq soʻzlari xayolimda aylanadi. Ha, u oʻshanda yonib hikoya qilgandi. Soʻzlari samimiy, yurakdan edi. Odatda odam birovdan mehr koʻrsa, adolatning roʻyobini koʻrsa, shunday — hayotga ishonchi oshadi, qalbi yaxshilik va ezgulikka limmo-lim toʻladi.
Elni birlashtirgan tong
Hayotimizda sodir boʻlgan, elimiz boshidan oʻtkazgan sinovlar ichida bunisining zarbi boshqalarinikidan ortiq boʻlsa ortiqki, aslo kam emas.
...Oʻsha tongda Sardobada sodir boʻlgan toshqin koʻlami, uning ziyon-zahmati davlatga ham, odamlarimizga ham juda qimmatga tushgani bor gap. Toʻgʻon oʻpirilgach, 276 kvadrat kilometr maydonni suv bosgan, 24 ta mahalladan 90 ming nafarga yaqin fuqarolar zudlik bilan xavfsiz joylarga koʻchirilgan. Eng yomoni, bu ofat bir necha yurtdoshlarimizni ham oramizdan olib ketdi...
Albatta, davlatimiz talafotlar oqibatlarini bartaraf etish uchun zarur boʻlgan barcha ishni qildi. Hamma chora-tadbirlar koʻrildi. Bu toshqinning koʻngilda gʻashlik qoʻzgʻatadigan yana bir tomoni — qoʻshni Qozogʻistonga ham uning zarari yetdi. Sardobada roʻy bergan texnogen ofat tufayli Maqtaral tumanining ayrim aholi punktlari ham suv ostida qoldi. 845 ta uy vayron boʻlgan. 14 ta qishloqdan 31606 nafar odam evakuatsiya qilingan. Shubhasiz, qoʻshnilarning boshiga tushgan tashvish biznikidan kam emas edi...
Ofat sodir boʻlgan kunning ertasigayoq Prezident voqea joyiga yetib bordi. Oʻzi poyu piyoda toshqin bosgan hudud, mahalla hamda xonadonlarni loy kechib koʻzdan kechirdi. Sovuqdan diydirab, nima boʻlganini ham tushunmay qolgan odamlar bilan uchrashdi. Shu yerning oʻzida qilinishi kerak boʻlgan ishlar rejasini ishlab chiqdi. Aniq va puxta strategiya belgilandi. Shu oʻrinda bir narsaga ahamiyat qaratish oʻrinliki, biz toʻrt yildan buyon mamlakat Prezidentining oddiy odamlar orasida yurishiga, tap tortmay, dalami, qir-adirmi oralab, kechib ketaverishiga, eng muhimi, oʻzining oʻrnini oddiy odamlar orasida, deb bilishiga oʻrganib qolgan ekanmiz.
Biroq biz uchun oddiy holatga aylanib borayotgan Yurtboshimizning bu xalqchil harakatlari va oʻziga xos xarakteri qozoq birodarlarimizni joʻshtirib yubordi. Jumladan, oʻsha tahlikali kezlarda talafotdan biz bilan birdek aziyat chekkan bovurlarimiz ijtimoiy tarmoqlarda Prezident Mirziyoyevga nisbatan hurmatlari va hayratlarini yozib qoldirishdi.
Ulardan biri — Nasiba Ibragimova. U «Feysbuk»dagi sahifasida shunday fikr qoldirgandi: “oʻzbeklar talafot koʻrgan birodarlariga kiyim-kechak, yeguliklar, koʻrpa-toʻshak tarqatyapti. Biz ham aziyat chekkan qozoqlarimizga saxovat koʻrsataylik. Oramizdan tashkilotchi chiqib, bu tadbirni butun Qozogʻistonga yoyaylik... Oʻzbeklarni koʻrmaysizlarmi, Prezidentining oʻzi, suv kechib, yoʻqotgan hamma narsalaring, hujjatlaringgacha yangilab beramiz, deyayotir...”
Munira Saktanovaning qisqagina izohi ham shu mazmunda:
“Oʻzbekiston Prezidentiga oson tutib boʻlmaydi hozir, hammasini oʻzim qilib beraman, deb gardaniga oldi. Bovurlarimizga sabr bersin!”
Venera Yeleushenova “Talafot joyida shaxsan Oʻzbekiston Prezidentining oʻzi turib, qutqaruv ishlariga bosh boʻlmoqda” deb yozsa, Alifbek Aminov degan foydalanuvchi “Bundan oʻrnak olsa arziydi”, deb uning fikrini maʼqullaydi.
Xullas, Prezidentimiz va xalqimiz birdamligiga tasanno aytib qoldirilgan bunday fikrlarga ijtimoiy tarmoqlarda juda koʻp duch kelish mumkin edi oʻsha kunlari. Bu yerda yana bir muhim omil borki, buni gapirmaslikning hech iloji yoʻq. Bu, xalqning, millatning yakdilligi, birikishi haqidagi mulohaza. Toʻgʻri, xalqimiz oʻz boshidan koʻp koʻrgiliklarni, balo-qazolarni oʻtkazgan. Har damda bir-birini suyagan, dardiga darmon boʻlgan. Lekin xalqning Sardoba toshqinidan jabr koʻrgan vatandoshlarga yordamga chogʻlanganiday uyushqoqlik, safarbarlik kamyob hol, nazarimda.
Xabaringiz bor, uysiz, kiyim-kechagu koʻrpa-toʻshaksiz, yeguliksiz sovuqda diydirab qolgan sardobaliklarga saxovat koʻrsatish uchun butun mamlakat aholisi, xalqimiz oyoqqa turdi. Buni butun dunyo koʻrdi, xalqning jipslashishi, bir yoqadan bosh chiqarishiga tasannolar aytdi. Shu oʻrinda XX asrning buyuk yozuvchisi Frans Kafkaning kundaliklarida millatimiz sharafiga bitgan kichik bir fikri xayolimda aylanadi.
U “Toshkent — non shahri” asarini oʻqib boʻlgach, kundaligiga “bunday xalqni hech qachon yengib boʻlmaydi”, deya oʻz iqrorini yozib qoʻygan...
Albatta, xalqimiz buyuk oʻtmishga, shonli tarixga ega. Bu muqaddas tuproq koʻplab jasoratli va qahramon oʻgʻlonlarga beshik boʻlgan. Ana shu mard, tanti hamda millatparvar yoʻlboshchilar millatimizning nomini tarix zarvaraqlariga oltin harflar bilan bitib qoʻygan. Xalqni adolat va hurriyat sari ortidan ergashtira olgan, oʻz millati, xalqini bir maqsad yoʻlida jipslashtira olgan yoʻlboshchilar tarixda kam uchraydi. Biz yuqorida sanagan voqealar jarayoni, ayniqsa, Sardoba masalasida bu jihat millatning birikishi omili yana-da boʻrtibroq koʻrindi.
Biroq har gal boʻlganidek, bu safar ham vaziyatdan foydalanib, oʻrtaga adovat urugʻini sochmoqchi boʻlgan qora kuchlarning taʼsiri shundoq sezilib turdi. Ammo oʻtmishiyu kechmishi, tarixiy ildizlari biz bilan bir boʻlgan qozoq birodarlarimiz fojiaga keng qarashdi. Bagʻributunlik xusumat alangasini oʻchirdi. Ikki orani buzmoqchi, etni tirnoqdan ajratmoqchi boʻlgan qora kuchning gʻarazli niyati amalga oshmadi. Azal-azaldan yon qoʻshni — jon qoʻshni, quda-anda boʻlib yashab kelgan xalqlarimiz oʻsha sertashvish kunlarda ham bir-birlariga hamdam, hamnafas, togʻdek tayanch boʻldi. Sinovli damlarda gina-kuduratga oʻrin qolmadi.
— Qozogʻistonlik birodarlarimizga bu ofat oqibatlarini bartaraf etishda, albatta, kerakli yordamni beramiz, — dedi Prezident. Va shunday ham boʻlayotir!
Esingizda boʻlsa, oʻsha kezlar davlatimiz rahbari Qozogʻiston rahbariyati bilan bir necha bor telefon orqali ochiq suhbat qildi va oʻzaro kelishuvga erishdi. Kuchlar birlashdi. Hozir ikki davlat hamkorlikda talafot oqibatlarini bartaraf etayotir.
Ogʻir kunlar ortda qoldi. Bir-birimizga koʻrsatgan mehr-oqibat va yaxshilik hamisha koʻnglimizga oydinlik hamda quvonch bagʻishlab turadi...
Qoʻshnichilik — ming yilchilik
Yil ogʻir keldi. Qarang, Buxoroda soʻnggi 50 yilda bunday ofat boʻlgan emas. Sardobada roʻy bergan toshqin ham hazilakam zarba emas. Ustiga-ustak, Soʻx voqealari...
Shuni aytish kerakki, keyingi yillarda qirgʻiz xalqi bilan, qirgʻiz birodarlarimiz bilan koʻp xayrli ishlarni qildik. Oʻylaymanki, bundan keyin ham shunday boʻlib qoladi. Qoʻshnichilik — ming yilchilik. Ammo afsuski, Soʻxda oʻsha koʻngilsiz voqea sodir boʻldi. Bu koʻz yumib boʻlmaydigan fakt. Biroq buning sababini millatlararo nizo, oʻzaro chiqisholmaslik deb qarash notoʻgʻri boʻladi, nazarimda. Zotan, Soʻx voqealarini yuzaga olib chiqqan sabab faqat, aytilayotganidek suv talashish emas. Uzoq yillar koʻz yumib kelingan ijtimoiy muammolar, qozonning qopqogʻini yopganday qilib berkitib tashlangan xalqning dardu tashvishlari oqibatida, sabr kosasining toʻlishi fonida yuzaga chiqdi bu koʻngilxiraliklar. Oʻzingiz oʻylang, bir suveren davlatning fuqarosisizu oʻsha davlat xalqi foydalanadigan imkoniyatlar va imtiyozlardan mahrum boʻlsangiz, hatto viloyat markaziga borish uchun kimlargadir qulluq qilsangiz, bolangizni joʻnatib, kelgunicha qon yutib oʻtirsangiz... Bunday koʻrgiliklarga odam bolasi qancha chidashi mumkin?! Soʻxdagi voqealarni shunga oʻxshash uzoq yillardan buyon hal etilmay kelayotgan adolatsizliklar sahnaga olib chiqdi, desak, toʻgʻriroq boʻladi, menimcha.
Endi shu oʻrinda Soʻx toʻgʻrisida maʼlumot berib oʻtsak. Zero, aytmoqchi boʻlgan fikrlarimizning unga daxli bor. Qolaversa, tarix va aniq maʼlumotlar mohiyatni chuqurroq ochishda yordam beradi.
Demak, Soʻx tumani 1942-yil tashkil topgan. 1959-yilgacha Rishton tumani tarkibiga kiritilgan. 1990-yil 27-fevral kuni u yana alohida tuman sifatidagi maqomini tiklagan. Markazi — Ravon shaharchasi.
Soʻx aholisi va maydoni jihatidan dunyodagi eng katta eksklav hudud hisoblanadi. Maydoni — 352 km2. Aholisi 80 ming nafarga yaqin. Tuman aholisining katta qismini tojik millatiga mansub fuqarolar tashkil qilsa-da, bu yerda azaldan oʻzbek, qirgʻiz va boshqa millat vakillari ham bahamjihat, ogʻa-inidek yashab kelishadi.
Soʻxning tarixi koʻp koʻhna. Xususan, Chashma bulogʻi ham shunday. Bu yerda azaldan ahil-inoq yashab kelayotgan xalqlar bir buloqdan suv ichishadi.
Sobiq ittifoq davrida qoʻshni davlat bilan chegara hududda boʻlgan buloq joylashuvi boʻyicha hujjatlarda aniqlik kiritilmagan. Shu sababli mustaqillikka erishilganidan soʻng bu maskan bahsli hududga aylanib, ikki mamlakat fuqarolari oʻrtasida suv talashish sabab bahsu munozaralar ilgarilari ham boʻlib turgan.
Shu yilning 31-may kuni “Chashma” uchastkasidagi voqealar markazida yana shu buloq paydo boʻldi. Koʻziga qon toʻlgan har ikki tomon oʻzi haqligini isbot etish uchun maydonga chiqdi. Vaziyat oʻta qaltis edi. Arzimagan narsadan chiqqan chaqin olovga aylanishi mumkin edi. Buni biz oʻz yaqin tariximizda ham, dunyoda boʻlayotgan voqea-hodisalar misolida ham koʻrib turibmiz. Buni anglagan Prezidentimiz odatiga koʻra, tez hamda toʻgʻri qaror qabul qildi. Masalani paysalga solmay joyida kesdi.
Davlatimiz rahbarining topshirigʻi bilan Bosh vazir Abdulla Aripov voqea sodir boʻlgan kuni Soʻxga yetib keldi va vaziyat toʻliq nazoratga olindi. Ikki davlat delegatsiyalari uchrashib, hamkorlikda mazkur masala yechimini muhokama qilishdi. Hududda vaziyat barqarorlashishiga erishildi.
Voqealarning asl holatini bilish uchun oʻsha qaynoq kunlarda ommaviy axborot vositalarida chop etilgan bir insonning fikrlariga eʼtibor qaratsak:
— Chashma qishlogʻida noxush voqealar sodir boʻlib, bir qancha odamlar aziyat chekdi, — deydi Fargʻona davlat universiteti oʻqituvchisi, soʻxlik Rahmatjon Arslonzoda. — Oʻn yilga yaqin chegaralar yopiq boʻlib, koʻp qiyinchiliklarni koʻrdik. Prezidentimiz qoʻshni davlatlar bilan mustahkam hamkorlikni yoʻlga qoʻyib, chegaralarni ochib berdi. Bundan barchamiz minnatdormiz. Albatta, muammo bor. Lekin uning yechimi biz oʻylagandek oson emas. Bu davlatlararo munosabatlar bilan bogʻliq boʻlib, uni hissiyotga berilib hal qilish mumkin emas. Davlat rahbarlari muzokaralar yoʻli bilan bu muammoga yechim topadi, albatta. Biz azaldan oʻzaro ahil-totuv, quda-anda boʻlib yashab kelganmiz. Bundan buyon ham shunday boʻlib qoladi.
Soʻxda yuzaga kelgan asosiy muammo chegara bilan bogʻliq. 2013-yil Rishtondagi nazorat oʻtkazish punkti yopilgan. Soʻxliklarning viloyat markaziga borib kelishi yana-da qiyinlashgan. Nimaga desangiz, Fargʻona shahriga borib kelish uchun ikki davlat hududidagi bir necha chegara va bojxona nazoratidan oʻtish lozim. Qoʻshni mamlakat hududida yoʻl yurish kerak, bu — yana tekshiruv degani. Shuning uchun soʻxliklar Rishton tumani boʻylab yoʻl ochib berishni soʻramoqda. Xullas, masala yechimi chegara bilan bogʻliq. Bu boʻyicha hukumatimiz bir necha yildan buyon muzokara olib bormoqda. Rishton hududi orqali chegara postini ochish masalasi ham chegara bilan bogʻliq ish. Bu oʻz-oʻzidan, xamirdan qil sugʻurganday bitadigan ish emas. Bunda amaldagi tartib-qoidalarga rioya etish kerak boʻladi.
Bosh vazirimiz Abdulla Aripov Soʻx tumani aholisi bilan uchrashuvda odamlarni qiynayotgan muammolar tugal yechim topishiga alohida urgʻu berdi. Yigʻilgan aholiga Prezidentimizning dil soʻzlarini, Soʻx boʻyicha rejalarini yetkazdi. Shundan soʻng respublika vazirlik va idoralari, viloyat boshqarma boshliqlari tumanga kelib, odamlar bilan suhbat oʻtkazdi, ularning talab hamda takliflarini oʻrgandi.
Afsuski, ijtimoiy tarmoqlar mazkur hududda boʻlgan oʻsha mojaroni hamon turlicha talqin etayotir. Bu esa odamlarni chalgʻitmoqda. Vaziyatdan foydalanib, qora kuchlar oʻt chiqarishga urinmoqda. Ammo xalqimiz bunday hodisotni koʻp koʻrgan, hech qachon qutqularga uchgan emas. Asl bilan roʻyoni farqlay oladigan xalqimiz bor. Bugun soʻxliklar Prezidentimiz mehrini dildan his qilib, hayotlaridagi oʻzgarishlarni oʻz koʻzlari bilan koʻrishmoqda. Qarang, tumandan viloyat markaziga havo parvozlari yoʻlga qoʻyilishi, oliy taʼlimga test sinovlarida tuman yoshlariga qoʻshimcha imtiyozlarning berilishi, infratuzilmaning zamonaviylashishi, tadbirkorlarga alohida preferensiyalarning joriy etilishi... Qolaversa, aholining tabiiy gaz taʼminotini yaxshilash, shuningdek, uy-joy bilan taʼminlash borasida qilingan va qilinayotgan ishlar fikrimizning tasdigʻidir.
Ochigʻini aytganda, Prezidentimizning “2020-2021-yillarda Fargʻona viloyatining Soʻx tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori tuman ahli uchun katta imkoniyatlar eshigini ochdi. Bunday qaror tarixda boʻlgan emas. Eʼtibor qiling, unga koʻra, 639 milliard soʻm qiymatga ega 146 ta loyiha amalga oshiriladi.
Zamonaviy va raqobatbardosh sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish, sohani qoʻllab-quvvatlash, qishloq xoʻjaligini rivojlantirish, taʼlim hamda tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, aholi bandligini taʼminlash kabi ezgu maqsadlar mazkur loyihalar negizini tashkil etadi.
— Keyingi yillarda qoʻshni davlatlar bilan chegaradosh joylardagi koʻp muammolarni hal qilishga erishdik, — deydi davlatimiz rahbari. — Soʻxdagi voqealar qirgʻiz xalqi bilan doʻstligimizga, bordi-keldimizga, rejalarimizga taʼsir qilmasligi kerak. Vazmin, sabr-toqatli, mehr-oqibatli boʻlishimiz zarur. Qoʻshnichilik — ming yilchilik... Darhaqiqat, biz necha ming yillardan buyon bir-birimizga yelkadosh boʻlib, bir-birimizni suyib yashab kelayotgan xalqlarmiz. Birimizning Gʻalabamiz doim ikkinchimizni xursand qilgan. Elning buyuklari, isteʼdodlari ham doim oʻrtada ardoqli boʻlgan.
Ulugʻ yozuvchi Chingiz Aytmatovning oʻlmas asarlari ona tilimizda qayta-qayta chop etilayotgani, goʻzal poytaxtimiz Toshkent shahridagi eng koʻrkam koʻcha uning nomi bilan atalishi, hammaning havasini keltirayotgan obod va tarovatli Manas shaharchasi oʻzbek hamda qirgʻiz xalqlari doʻstligining mumtoz namunasidir.
Oʻzbekistonning yangi “marvaridi”
Bugun butun turkiy xalqlar Samarqandu Buxoro bilan haqli ravishda iftixor qiladi. Siz yaxshi bilasiz, bu afsonaviy shaharlar bir kunda bino boʻlmagan. Ulugʻlarimiz, ota-bobolarimiz asrlar davomida qon bilan, peshona teri bilan, mehr bilan ularga sayqal bergan.
Mustaqillik boshlarida va hatto bundan toʻrt-besh yil ilgari ham Moʻynoq desa, odamlarning tepa sochi tikka boʻlar edi. Onalar oʻlimi, bolalar oʻlimi, dengiz oʻrnidan koʻkka uchayotgan haybatli chang-gʻubor haqida ayyuhannos solar edi. Bugun Orolboʻyi yashil hududga aylantirilmoqda, Moʻynoq zamonaviy shaharcha tusini olmoqda. Yaqinda esa Moʻynoqda yana bir koʻrkam bino qad rostladi. U Boʻzotovda joylashgan. Nomi — “Oq kema”. Bolalar sogʻlomlashtirish maskani.
Oromgohning ochilish marosimida «Argumentы i fakti»da oʻqigan bir fikr xayolimdan oʻtdi: «Ilgari, — deb yozadi unda koinotshunos olim, — dengiz oʻrnidan koʻtarilgan chang-tuz Sharqqa qarab harakatlanar edi. Hozir esa bu xavfli-xatarli toʻzon gʻarbga qarab siljiyotir»...
Olim bu bilan Orol muammosi naqadar global ahamiyat kasb etayotganini taʼkidlaydi. Prezidentimiz tomonidan keyingi yillarda Orol atrofida amalga oshirilayotgan koʻkalamzorlashtirish va obodonlashtirish ishlari nafaqat biz uchun, ehtimolki, bizdan olislarda yashayotgan, bizni hatto tanimagan odamlar hayoti uchun ham gʻoyat ahamiyatlidir. Gap Moʻynoq haqida ketar ekan, shaharcha ayni davrda oʻzining yangidan tugʻilish davrini boshdan oʻtkazmoqda. Unda qad rostlagan muhtasham oromgohda oʻgʻil-qizlarimiz maroqli dam olish bilan birga, jismonan chiniqadi, oʻzlarining intellektual salohiyatlarini oshiradi... Uning hududi 12,7 gektar. U ezgu niyatlar bilan “Oq kema” deya atalgan.
Prezidentimiz koʻrsatmasi va topshirigʻi bilan Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi bu inshoot qurilishi uchun 36 milliard soʻm ajratdi. Qurilish ishlarini «Shoraxan qurilish montaj» MCHJ amalga oshirdi.
“Oq kema” oromgohi bir navbatda 250, yil davomida 600 nafar bolani qabul qiladi. Markaz yotoqxonalari bejirim jihozlar bilan taʼminlangan. Futbol, basketbol, voleybol maydonchalari va suzish hovuzi mavjud. Stol tennisi, shaxmat-shashka oʻyinlari uchun maxsus joylar qilingan. Amfiteatr va kitobga boy kutubxonalar ishlab turibdi. Tibbiyot xonalari, oshxonalar zamonaviy uskunalar bilan taʼminlangan. Oromgoh xizmatchilari 50 tadan ortiq. Bu yangi ish oʻrinlari degani...
Men bu misolni oʻz koʻzim bilan koʻrgan, boʻlayotgan ishlarning bevosita ishtirokchisi boʻlganim uchun keltirmoqdaman. Holbuki, bugun Moʻynoqda oʻnlab ana shunday bunyodkorliklar amalga oshirilmoqda. Xalqning turmushi farovonligi uchun mislsiz eʼtibor qaratilmoqda. Nasib boʻlsa, Moʻynoq Oʻzbekistonning “marvaridi”ga aylanadi.
Kuni kecha esa Moʻynoq aeroportiga samolyot qoʻndi... Bu Oʻzbekistonning eng chekka va uzoq yillar eʼtibordan chetda qolgan, eng katta ofat — qurigan Orolning sitamlarini tortib kelayotgan moʻynoqliklarga hayotning totli nasimlari mudom esib turganini, shu bilan birga, xalqning dardini bir dam unutmaydigan Yoʻlboshchining ulkan islohotlari samarasini koʻrsatadi.
...Jonajon Oʻzbekistonimiz boʻylab, garchi shuncha tashvishlarga qaramay, amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari esa alohida mavzu...
Eʼtibor qildingizmi, qisqagina 7-8 oy ichida xalqimiz, mamlakatimiz qanday tashvishlarni boshidan oʻtkazdi?! Albatta, har qanday jarohat ham qizigʻida bilinmaydi. Lekin uni bartaraf etish, jamiyat hayotida uning “ogʻriq”larini imkon qadar kuchsizlantirish, odamlarning koʻnglini olish, boshini silash, ularni rozi qilish, hech kimning koʻzidan yosh oqizmasdan shu ogʻir yuk bilan oldinga, taraqqiyot va yorugʻ kunlarga intilish... Nima, bular oʻz-oʻzidan boʻladimi?!
Agar sezgan boʻlsangiz, biz shu qisqa fursatda mamlakatimiz va xalqimiz hayotida sodir boʻlgan 3-4 muhim, tashvishli voqea tafsilotlarini muxtasargina sharhladik. Zotan, ayni oʻsha omillar bugun yurtimizda yuz berayotgan tarixiy, ogʻir kechmishli jarayonlarning mundarijasini belgilaydi. Mavjud vaziyatdan kelib chiqib tutilgan oqilona yoʻl, hassos donishmandlik, xalqchil qarorlar, kuchli siyosiy iroda va yengilmas sabr-matonat, bu gʻalabaning asosi boʻladi. Oʻylab koʻring, dunyo davlatlari birgina koronavirus pandemiyasi bilan olishib, iqtisodiyoti, ijtimoiy ahvoli karaxt holga kelib qolgan, vaziyatlari taranglashgan bir paytda, Oʻzbekiston davlati va xalqimiz ijtimoiy-iqtisodiy taʼsir zarbasi pandemiyanikidan kam boʻlmagan yana bir necha ogʻir “siltovlar”ni ham boshidan kechirdi.
Bu faqat aytishga oson. Koʻrib turibmiz, koʻplab davlatlar sarosimada oʻz suverenitetini xavfga qoʻyib boʻlsa-da, siniq karsonini koʻtarib dunyo kezib chiqdi. Biroq Oʻzbekiston oʻz siyosiy pozitsiyasidan ogʻishmadi, har turli iqtisodiy ekspansiyalardan himoyalandi. Bunday qarorlarni qabul qilish, ogʻir vaziyatda toʻgʻri yoʻl tanlash odamdan, albatta, katta bilim, yuksak tafakkur talab etadi.
Mana, poytaxt koʻchalariga chiqing, viloyatlar, tumanlar markazlari, olis qishloqlarni kezing, barcha goʻshada qurilish, bunyodkorlik. Koʻrib, koʻzingiz quvonadi. Eng muhimi, odamlar koʻzida ertangi yorugʻ kunlarga ishonch porlab turibdi. Yaratish, oʻqish-oʻrganish va mehnat shavqi bolalarimiz yuz-koʻzlarida balqimoqda. Oʻrni kelganda shuni aytishim kerakki, boshimizdan kechirgan hamda kechirayotgan shuncha koʻrgiliklar fonida jamiyatda bunday qatʼiy ishonch paydo qilish uchun, avvalo, Yoʻlboshchining oʻzida shu ishonch va matonat boʻlishi kerak.
Bizning baxtimiz shundaki, Prezidentimiz tomirlarida xuddi yovqur bobolarimiz Jaloliddin Manguberdi, sohibqiron Amir Temurnikidek haqqa va adolatga, yaratuvchanlik hamda bunyodkorlikka tashna qon oqib turibdi. Bu jafokash va matonatli xalqimizning baxtidir!
Qudratilla RAFIQOV,
Oʻzbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senati aʼzosi,
siyosatshunos.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring