15 yillik turmush qadri

12:59 15 Noyabr 2024 Jamiyat
330 0

Odatda, ish yuzasidan turli taqdir egalari bilan uchrashamiz. Bu har kungi holat boʻlgani bois ularning aksariyati ajablanarli emas. Biroq bugungi voqea meni oʻylashga majbur qildi.

— Turmush oʻrtogʻim bilan 15 yil birga yashadik, — deydi ayol suhbat chogʻida. — Bu orada uch nafar farzandli boʻldik. Birgalikda savdo sohasida faoliyat yuritdik. Oʻzimdan, roʻzgʻordan orttirib, kredit asosida avtomobil ham sotib oldim. Taqdir emas ekan, oʻtgan yili ajralishimizga toʻgʻri keldi. Ishsiz qolganim yetmaganidek, sobiq erim mashinamni bermay qoʻydi. Men-ku, shunga ham rozi edim, lekin tadbirkorlik faoliyatimga doir soliq va boshqa qarzdorliklar haqida xabar kelgach, boshim qotib qoldi. Sababi, bugungi kunda daromad manbaim yoʻq, qarzlarni esa toʻlashim kerak. Shu bois Majburiy ijro byurosi (MIB)ga kelib, turmush oʻrtogʻimda qolib ketgan mening nomimdagi avtomobilni topib berishlarida yordam soʻradim.

Qarshimda oʻtirgan ayolning soʻzlariga quloq solar ekanman, xayolimda javobsiz savollar paydo boʻla boshladi. Nahotki, inson bolasi mehnat qilsa topiladigan mol-mulkni deb 15-yillik turmushiga, ayolining qadr-qimmatiga, uch nafar farzandining yuziga oyoq qoʻyishi mumkin boʻlsa?! 15-yil ichida, garchi, bir tan-u bir jon boʻlishning uddasidan chiqa olmagan boʻlsalar-da, bir-birini qalban tushunib, his qilishlari, oʻz gʻam-tashvishlari-yu quvonchlarini baham koʻra olish darajasiga yetishlari kerak emasmidi? 15-yillik turmush qadri uchun mol-mulkni yashirish shart emasdi. Bilmadim, bu holatga qanday baho berish mumkin...

Shunday qilib, fuqaro D.Q.ning murojaatiga asosan qarzdorliklar boʻyicha qidiruvda boʻlgan “NEXIA 3” rusumli avtomashina Andijon shahar “Toʻqqiz ariq” MFYda yashovchi sobiq turmush oʻrtogʻi O.D.ning xonadonidan topilib, jarima maydonchasiga olib kelindi.

Qarzdorlik shu tariqa oʻz yechimini topishi muqarrar. Biroq mening koʻz oldimdan 15-yil davomida ishongan suyanchi, farzandlarining otasi tomonidan zarracha mehrga tashna ayolning nigohi-yu hammasiga oyoq qoʻygan otaning gʻazabli qarashlari ketmayapti... Afsuski, bu holatga tushgan birgina shu ayol emas. Tahlillar shuni koʻrsatmoqdaki, yilning oʻtgan davri mobaynida MIB Andijon viloyati shahar va tumanlardagi boʻlimlari orqali qarzdorliklarga oid jami 6,8 trln soʻmlik 608 mingta hujjatlar ijroga yoʻnaltirilgan boʻlib, natijada 4,3 trln soʻmlik 318 mingda ziyod hujjatlarning ijrosi taʼminlandi. Har bir hujjat ortida turli kechmishlarga yuz tutgan taqdir egalari mavjud.

Azizlar, inson baxtli yashashi uchun bir chimdim mehr, bir hovuch qadr boʻlsa kifoya... Iltimos, bir-birimizdan muhabbatimizni ayamaylik.

Oyistaxon ABDURAHMONOVA,

MIB Andijon viloyat boshqarmasi katta inspektori.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер