10 mingdan 130 ming AQSH dollargacha: Davlat xavfsizlik xizmati noqonuniy yer sotish holatlarini aniqladi

10:34 06 Avgust 2024 Jamiyat
199 0

Davlat xavfsizlik xizmati tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda Respublikamizning Fargʻona, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida noqonuniy yer savdosi bilan shugʻullangan huquqbuzarlarni aniqladi. Bu haqda DXX matbuot xizmati maʼlum qildi.

Qayd etilishicha, Fargʻona viloyati Uchkoʻprik tumanida yashovchi, 1968-yilda tugʻilgan shaxs oʻzganing tekstil mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan MCHJga qarashli, Fargʻona shahridagi aksiyadorlik tijorat banklaridan birida garovda turgan, 12 sotix yer maydonini 130 ming AQSH dollariga sotishga kelishib, oldindan 109 ming AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Yana bir holat Samarqand viloyati Urgut tumanida qayd etilgan. Maʼlum boʻlishicha, Urgut tumanida yashovchi, 1991-yilda tugʻilgan fuqaro tumandagi gʻallachilikka ixtisoslashgan fermer xoʻjalikning sugʻoriladigan yer maydonidan 50 sotixini 80 ming AQSH dollariga sotishga kelishib oladi.

Shundan soʻng, huquqbuzar kadastr idoralaridagi tanishlari orqali hujjatlarini rasmiylashtirib berishini aytib, kelishilgan pul mablagʻidan 30 ming AQSH dollarini olgan vaqtida qoʻlga olingan.

Yana bir huquqbuzarlik holati Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamentining hududiy boshqarmasi bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda Qarshi tumani hokimligining qishloq xoʻjaligi boʻlimi boshligʻi oʻrinbosari bilan sodir boʻlgan.

U chorvachilik yoʻnalishida foydalanish maqsadida fuqaroga tuman hokimligi zaxirasidagi 25 gektar yer maydonini mansabdor tanishlari orqali uning nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 10 ming AQSH dollari talab qilib, 5 ming AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

“Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda”, deyiladi xabarda.

Avvalroq, Prezidentimiz Raqobatni rivojlantirish konsepsiyasi bilan tanishgandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?