Oʻlim koʻrsatkichi yuqori. Koronavirusning “britancha” shtammining oʻziga xos xususiyatlari qanday?

09:24 05 Fevral 2021 Dunyo
1619 0

Koronavirusning “britancha” shtammida yoʻtal, qattiq charchash, tomoq va mushaklarda ogʻriq kabi belgilar xos. Ammo hidning yoʻqolishi “xitoycha” turiga qaraganda kamroq seziladi. Ushbu maʼlumotlar Buyuk Britaniyaning Milliy statistika xizmati tomonidan maʼlum qilindi.

Xizmat bunday xulosaga Angliyada “Covid-19” bilan zararlangan 6 ming kishining maʼlumotlarini oʻrganib kelgan.

Hid va taʼmini yoʻqotish kabi alomatlar yangi shtammda kamroq uchraydi. Ammo bu mutatsiyada ham kasallikning uchta asosiy alomati — yuqori isitma, yoʻtal va taʼm sezishning oʻzgarishi kuzatilagan.

“Britancha” shtamm bilan zararlanganlarning aksariyatida ushbu uchta alomatdan kamida bittasini namoyon boʻlgan.

Dastlab 2020-yil sentyabr oyida Buyuk Britaniyaning Kent okrugida aniqlangan mazkur yangi shtamm virusning oldingi turiga qaraganda tezroq tarqalishi maʼlum boʻldi. Keyinchalik u mamlakatning barcha hududlarida qayd etildi va yangi yuqtirishlar sonining keskin koʻpayishiga olib keldi. Natijada Buyuk Britaniyada keng qamrovli cheklov choralari joriy etishga majbur boʻlindi.

Ushbu shtammda oʻlim koʻp kuzatiladi deb hisoblanmoqda, ammo buni tasdiqlash uchun hali yetarli ilmiy dalillar yoʻq.

Statistika xizmati bemorlarni “Covid-19”ning “britancha” shtammi tasdiqlanishidan bir hafta davomida nima bezovta qilganini ham tahlil qildilar va “xitoycha” variant bilan zararlanganlarni shunday maʼlumotlari bilan taqqosladi.

Bunda 2020-yil noyabr oyining oʻrtalaridan 2021-yil yanvar oyining oʻrtalariga qadar infeksiyani yuqtirganlarning maʼlumotlari oʻrganildi.

Natijada yangi shtammni yuqtirgan 3,5 ming kishidan iborat guruhidagilarning 35 foizini yoʻtal, 32 foizini charchoq, 25 foizini mushak va tanada ogʻriq, 21,8 foizini tomoq ogʻrigʻi bezovta qilgani maʼlum boʻldi.

“Xitoycha” shtamm bilan zararlangan 2,5 ming kishilik guruhdagilarning 28 foizi yoʻtal, 29 foizi charchoq, 21 foizi mushak va tanadagi ogʻriq, 19 foizi tomoq ogʻrigʻidan shikoyat qilgan.

Yangi shtammni yuqtirganlarning 16 foizi taʼm bilish, 15 foizi esa hid sezish qobiliyatini yoʻqotgan.

Eski shtamm bilan kasallanganlarda har ikki alomat 18 foizni tashkil qildi.

Bosh ogʻrigʻi, nafas olishning ogʻirlashishi, diareya va qusish kabi alomatlar har ikki guruhda bir xil kechgani kuzatildi.

Uorvik universiteti virusologi va molekulyar onkologiya professori Lourens Yangning aytishicha, yangi shtammda Uxan shahrida aniqlanganiga qaraganda 23 ta oʻzgarish aniqlangan.

“Virus tarkibidagi baʼzi bir oʻzgarishlar organizmning immun reaksiyasi va infeksiyani keltirib chiqaradigan alomatlarga taʼsir qilishi mumkin”, deydi olim.

Shuningdek, uning qoʻshimcha qilishicha, yangi shtammni yuqtirganlarning tanasida virus intensiv ravishda koʻpayib borishi kuzatiladi. Bu esa infeksiyaning butun vujudga keng tarqalishiga yoʻtal, mushaklar ogʻrigʻi va charchoqning ogʻirroq kechishi olib keladi.

Uning tarqalish tezligi sababi nimada?

AQSHlik va xitoylik biologlar koronavirus “britancha” shtammining tez tarqalishi sababini aniqlashga harakat qilishdi.

Ularning tadqiqotlari natijalari “bioRxiv2 jurnalida chop etildi. “SARS-CoV-2” ushbu “qobiliyat”ga “N501Y” mutatsiyasi tufayli erishmoqda. Olimlarning fikriga koʻra, aynan u virusni hujayralar yuzasidagi retseptorlari bilan bogʻlashga oʻn baravar yaxshi imkoniyat beradi.

“Koronavirusning “britancha” shtammi hujayra yuzasidagi “ACE2” retseptorlariga virusni biriktirishga masʼul boʻlgan “RBD” oqsilining tuzilishini oʻzgartiradigan “N501Y” mutatsiyasiga ega”, deya izoh berdi tadqiqotchilar.

Maʼlum boʻlishicha, ushbu kichik oʻzgarish virusning inson hujayralaridagi ushbu oqsillar bilan birikish qobiliyatini taxminan oʻn baravar yaxshilagan.

Afsuski, bu tadqiqotlarda aniqlangan yagona oʻzgarish emas. Yaʼni ushbu shtamm zarralariga antitanalarning samaradorligini sezilarli darajada pasaytirishi mumkin. Bu shuni koʻrsatadiki, mavjud “SARS-CoV-2” qarshi vaksinalar inson tanasini infeksiyadan himoya qiladi, ammo oldingi shtammlarga qarshi kurashda boʻlgani kabi samarali boʻlmaydi.

Koronavirusning “britancha” shtammi Oʻzbekistonga ham kirib kelgan. Sogʻliqni saqlash vazirligi maʼlumotlariga koʻra, u bilan 10 yoshli oʻsmir zararlangan. Mutaxassislarning bemorning ahvoli barqarorligini maʼlum qildi.

Fazliddin ABILOV, tayyorladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?