Soʻxda 101 mlrd. soʻm boʻlgan 73 loyiha amalga oshiriladi

Xabar berganimizdek, kecha Oʻzbekiston Respublikasi Bosh Vaziri Abdulla Aripov rahbarligida Soʻx tumani hokimligida yigʻilish boʻlib o'tdi. Unda yurtimizdagi yagona anklav hududni tez fursatda eng obod maskanga aylantirish, tumanni har tomonlama rivojlantirish davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan muhim vazifalardan biri ekanligini maʼlum qilindi.
Taʼkidlanishicha, Prezident topshirigʻi bilan tumanga tashrif buyurgan turli vazirliklar oʻz sohalari boʻyicha ikki kun davomida mavjud muammolarni oʻrganib, uni toʻlaligicha bartaraf etish uchun manzilli dastur loyihasi ishlab chiqildi. Bu esa joriy yil davomida olis Soʻxda ulkan oʻzgarishlar roʻy berishidan dalolat.
Oʻz navbatida Soʻx — Rishton yoʻli va boshqa mavjud muammolarni bartaraf etish maqsadida takliflar bildirildi.
Hududda investitsiya sohasida joriy yil davomida qiymati 101 mlrd. soʻm boʻlgan 73 loyiha amalga oshiriladi. Buning natijasida 4,5 ming yangi ish oʻrinlari yaratilishi kutilmoqda. Banklar koʻmagida 82 loyiha amalga oshirilib, buning uchun birgina Soʻx tumani uchun 153 mlrd. soʻm kredit yoʻnaltiriladi.
Yigʻilish davomida soʻxlik tadbirkorning sement zavodi qurish boʻyicha tayyorlagan loyihasi ham qoʻllab quvvatlandi. Ushbu taklifni amalga oshirish uchun tegishli vazirliklarga topshiriqlar berildi. Oltita mahalla fuqarolar yigʻinlarida kichik sanoat hududlari tashkil etilishi belgilab olindi. 3 ta dam olish maskani yaratiladigan boʻldi. Zero, Soʻxning tabiati maftunkor va betakror.
Tumandagi markaziy shifoxona hamda qishloq vrachlik punktlari zamonaviy qiyofada taʼmirlanib, zamonaviy tibbiyot uskunalari bilan jihozlanadi. Tumanda oliy maʼlumotli kadrlar yetishmovchiligi inobatga olindi.Davlatimiz rahbari tomonidan soʻxlik yoshlarning oliy oʻquv yurtlariga qabul qilinishi uchun 500 ta kvota ajratiladigan boʻldi. Yaqin kelajakda taʼlim sohasidagi muammolar ham toʻliq bartaraf etilib, yangi maktab va qoʻshimcha binolar qurilishi rejalashtirildi. Endilikda, soʻxlik yoshlar oliy oʻquv yurtlariga qabul qilinayotganida oʻz ona tillari – tojik tilida imtihon topshirishlarini ham yigʻilishda maʼlum qilindi.
Soʻxda yillar davomida oʻz yechimini topmayotgan yana bir asosiy muammo — ichimlik va ekinlarni sugʻorishda ishlatiladigan obi hayot masalasi oʻrtaga tashlandi. Suv xoʻjaligi vazirining maʼlumotlariga koʻra, tumanda suv zaxirasi yetarli, ammo asosiy muammo uning yetkazib berilishida. Tez fursatlarda bu masala ham oʻz yechimini topadi.
Simodon, Kasminon, Hushyor, Malbud va Vargan hududlarida ikki oy davomida tik quduqlar oʻrnatilib, boʻsh turgan yerlar oʻzlashtiriladi. Tumandagi eski aerodromni qayta taʼmirlab, viloyat markaziga havo yoʻllari orqali borib kelishni yoʻlga qoʻyish masalasi ham davlatimiz rahbarining eʼtiborida.
Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, tumandagi barcha muammolarni bartaraf etish uchun Prezident qarorining loyihasi tayyorlanmoqda va mazkur qaror loyihasi boʻyicha tumanning iqtisodiy-ijtimoiy jihatdan rivojlantirish uchun 1 trln. soʻmga yaqin mablagʻ ajratilishi koʻzda tutilgan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Saudiya Arabistonida “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” davom etmoqda
- Super oy: Bugun Yerning tabiiy yoʻldoshi odatdagidan ancha katta koʻrinmoqda
- Aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish tartibi belgilandi
- Samarqandda YUNESKOning 43-sessiyasiga tayyorgarlik avjida
- Markaziy Osiyo pedagoglari Nukusda jam boʻldi
- Hududlarda 34 ta yuqori texnologiyali sanoat loyihalari amalga oshiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring