Oʻzbekiston Respublikasiiing maʼmuriy-hududiy tuzilishi masalalari deputatlar eʼtiborida

11:52 11 Mart 2020 Siyosat
978 0

Ayni paytda parlament quyi palatasining navbatdagi majlisi qizgʻin bahs-munozara va fikrlar qarama-qarshiligida oʻtmoqda. Xususan, “Oʻzbekiston Respublikasiiing maʼmuriy-hududiy tuzilishi toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi xalq vakillari tomonidan birinchi oʻqishda koʻrib chiqilyapti. Uni Agrar va suv xoʻjaligi masalalari qoʻmitasi raisi Ravshan Mamutov deputatlar eʼtiboriga taqdim qildi.

Taʼkidlanganidek, amaldagi 1996-yilda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasiiing maʼmuriy-hududiy tuzilish masalalarini hal etish tartibi toʻgʻrisida”gi Qonun yurtimizda maʼmuriy-hududiy tuzilish masalalarini tizimli hal etishni taʼminlay olmayapti. Maʼmuriy-hududiy tuzilish masalalari boʻyicha takliflarni davlat ekspertizasidan oʻtkazish tartib-taomillari ishlab chiqilmagan va tartibga solinmagan.

Maʼmuriy-hududiy tuzilish masalalari boʻyicha qaror qabul qilish uchun zarur boʻladigan hujjatlar roʻyxati mavjud emas. Bu kabi omillar sohaning rivojlanishiga toʻsiq boʻlyapti. Shuningdek, mazkur masalalarda chuqur tahlil qilinmagan qarorlarning qabul qilinishiga zamin yaratmoqda.

Ahamiyatlisi, yangi qonun loyihasiga yuqoridagi kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan moddalar kiritilgan. Xususan, maʼmuriy-hududiy tuzilish masalalari boʻyicha takliflarni davlat ekspertizasidan oʻtkazish mexanizmlari oʻrnatilgan va mazkur masalalarda maxsus komissiyalar tuzish hamda ularning faoliyatini tashkil etish huquqiy normalar asosida belgilangan.

Deputatlarning qayd etishicha, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi sohadagi huquqiy normalarni samarali amalga oshirishni taʼminlaydigan taʼsirchan mexanizmlarni joriy qilish, maʼmuriy-hududiy tuzilish masalalarini bosqichma-bosqich qaror qabul qilish va davlat ekspertizasidan oʻtkazishning aniq tartibini belgilash, maʼmuriy-hududiy birliklar va aholi punktlari Davlat reyestrini yuritish mexanizmlarini joriy etishda huquqiy asos boʻlib xizmat qiladi.

Majlisda qonun loyihasi birinchi oʻqishda konseptual jihatdan qabul qilindi.
Ziyoda ASHUROVA, "Xalq so'zi"

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер