Senatorlar “Turizm toʻgʻrisida”gi Qonunni maʼqulladi

13:09 21 Iyun 2019 Siyosat
2688 0

Foto: Hasan Paydoyev, "Xalq so'zi"

Munisxon Karimova, “Xalq soʻzi“. Oliy Majlis Senatida yigirmanchi yalpi majlis kun tartibidagi masalalar boʻyicha oʻz ishini davom ettirmoqda.

Senatorlar “Turizm toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini muhokama qildilar.

Hujjat turistik faoliyatni davlat tomonidan tartibga solishning huquqiy va institutsional bazasini shakllantirish, milliy turistik mahsulotni ichki va jahon bozorlarida tanitishga koʻmaklashish, sayohat industriyasini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida ishlab chiqildi.

Qonunda mazkur sohadagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari belgilab beriladi. Turizm sohasiga investitsiyalarni jalb qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish, soliq va bojxona imtiyozlarini belgilash, yangi ish oʻrinlari tashkil etish, innovatsion va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy etilishini qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish, turistik zonalar va turistik klasterlarning rivojlantirilishini ragʻbatlantirish kabi yoʻnalishlar shular jumlasidandir.

Bu sohada Vazirlar Mahkamasi vakolatlariga yagona davlat siyosati amalga oshirilishini taʼminlash, davlat dasturlarini ishlab chiqish va uni roʻyobga chiqarishni muvofiqlashtirish, turistik zonalar, turistik klasterlarni tashkil etish va ularda turizm sohasi subyektlari faoliyatini amalga oshirish tartibini belgilash, xizmatlarni sertifikatlashtirish, turistlar va ekskursantlarni sugʻurta qilish, ularga tibbiy, huquqiy hamda boshqa turdagi yordam koʻrsatish tartibini belgilash, byudjetdan tashqari Turizm sohasini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasining mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibini belgilash, turizm sohasiga investitsiyalarni jalb qilish va turizmni rivojlantirish loyihalarini amalga oshirish boʻyicha idoralararo hamkorlikni muvofiqlashtirish, mehmonxona xizmatlarini, turoperatorlar va tur agentlar xizmatlarini koʻrsatish qoidalarini tasdiqlash kabi vazifalar kiradi.

Qonun normalarida turizm sohasi subyektlarining huquqlari, erkinliklari, qonuniy manfaatlarini hamda xavfsizligini himoya qilish ustuvorligi, turizmni barqaror rivojlantirish va buning uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, turizm sohasida tadbirkorlikni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash va raqobatni rivojlantirish, turizm sohasida oshkoralik va ochiqlik kabi asosiy prinsiplar belgilanmoqda.

Bundan tashqari, Qonunda xalqaro va ichki turizm shakllari, shuningdek madaniy-tarixiy, ziyorat, ekologik, maʼrifiy, etnografik, gastronomik, ishbilarmonlik, ijtimoiy, sport, tibbiy, yoshlar turizmi, agroturizm kabi sayohat turlari mustahkamlanmoqda. Fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining va nodavlat notijorat tashkilotlarining turizm sohasi tadbirlaridagi ishtiroki mexanizmlari belgilanmoqda, ular turizmni rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqishda ishtirok etish, jamoatchilik nazorati, bu sohada takliflar kiritish, davlat organlari va tashkilotlar bilan hamkorlik qilishdan iborat.

Ushbu hujjat mamlakat iqtisodiyotining strategik tarmogʻi sifatida turizmni rivojlantirishga, pirovardida aholi turmush darajasi va sifatini oshirishga koʻmaklashishi qayd etildi. Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер