Toshkent viloyatida Abdulla Oripov uy-muzeyi ochildi
Toshkent viloyatining Qibray tumanidagi “Doʻrmon” qoʻrgʻonida Abdulla Oripov uy-muzeyining ochilishiga bagʻishlangan tantanali marosim boʻlib oʻtdi.
Uy-muzeyi tashkil etish anʼanasining tarixi bir necha oʻn yilliklarga borib taqaladi. Hozirgi kunda birgina Toshkent shahrining oʻzida oʻnlab atoqli adib va ziyolilarimiz yashagan xonadonlar uy-muzeyiga aylangan. Ammo keyingi yillarda bu anʼana biroz toʻxtab qolgandek edi, goʻyo. Zero, xalqimiz uy-muzeyi sifatida tashkil etilishini intiq kutayotgan koʻplab ziyolilarimiz yashagan hovlilar oz emas. Bu tabarruk manzillarda fidoyi allomalarimizning shaxsiy buyumlari, qoʻlyozmalari, bir soʻz bilan aytganda, nafasi saqlanib qolgan, desak, mubolagʻa boʻlmaydi.

Abdulla Oripov – oʻzbek xalqining ardoqli farzandi, atoqli shoiri, ozod Oʻzbekiston madhiyasi matnining muallifi. Sobiq ittifoqning bir yoqlama mafkurasi qilichi ziyolilarimizning qutlugʻ qoni bilan boʻyalgan va bu qon hali qurib ulgurmagan, ijodkorlarimiz boshi uzra qatagʻon siyosati koʻlankasi solib turgan tahlikali davrda “Oʻzbekiston – Vatanim manim!” deya oʻz yurtini baralla tarannum etish uchun hamma ham oʻzida jurʼat topmagan. Mana shunday jasur qalam ahli eslanganida, shubhasiz, Abdulla Oripov nomi birinchilar qatorida zikr qilinadi. Qolaversa, millionlab qalblarni oʻzining lirik nazmiy asarlari orqali ezgulik va mehr-oqibat, pokiza ishq va vatanparvarlik tuygʻusi bilan toʻldirgan ham Abdulla Oripov edi.
Doʻrmon ijod uyiga tutash hovlida Abdulla Oripov 1996-2016-yillarda yashab, ijod qilgan. Joriy yil qahramon shoirimiz tavalludiga 85 yil toʻldi...

— Bu uy-muzeyini tashkil etishda davlatimiz rahbarining tashabbusiga minnatdorlik bildirgan holda katta bunyodkorlik va oʻzgarishlarga beminnat koʻmak bergan atoqli shoirimiz oilasi, jumladan, Hanifa aya Mustafoyevaga minnatdorlik bildiramiz, — dedi Toshkent viloyati hokimi, senator Zoyir Mirzayev tantanali tadbirda. — Chunki oʻz eʼtibor berilmaganida, bugun bu yangi uy-muzeyining, pirovardida, kelajak avlodning madaniy mulkiga aylangan noyob eksponatlar, tarixiy qoʻlyozma va suratlar koʻz qorachigʻidek asrab-avaylanmaganida, ularning yoʻq boʻlib ketish ehtimoli ham yoʻq emasdi.
Tadbirda davlat va jamoat arboblari, shoir va yozuvchilar, xususan, Abdulla Oripovning shogirdlari soʻzga chiqdi, xalqimizning yangi madaniyat dargohi bilan samimiy tabrikladi.

— Doʻrmon ijod uyi oʻz vaqtida juda fayziyob joylar boʻlgan, — deya eslaydi Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, bekobodlik shoir Olloyor Begaliyev. — Bu yerda ijarada bir muddat yashaganman ham. Kunlarning birida bogʻni aylanib kelay deya tepasi uzum ishkomli yoʻlakdan bogʻ etagi tarafga keta boshladim. Bu tarafda deyarli binolar yoʻq boʻlib, oʻrtaroqdagi bir qavatli dacha shoir Zulfiyaning farzandiga tegishli ekan. Ikkinchi bino yonidan oʻtib ketayotib, qiya ochiq darvozadan taxta soʻrida oʻtirgan Yozuvchilar uyushmasi raisi Abdulla Oripovni koʻrib qoldim, koʻk zirabeqasam toʻn, boshda oq doʻppichada koʻchaga qarab oʻtirgan ekan. Darvoza tashqarisidan salom berib, keyin ichkariga kirib borib, qoʻl berib koʻrishdim. Abdulla aka yaxshi yuribsanmi, qayerda ishlayapsan deya surishtirgan payti, Hanifa aya dasturxonga usti sariyogʻli shirguruch olib keldi. Abdulla aka bilan shirguruch yegancha gaplashib oʻtirdik. Oʻsha payti Abdulla aka uyushmaga rais boʻlganiga endigina bir yillar boʻlib, bu dachada yashay boshlaganiga ham shuncha boʻlib qolgan ekan. Ulugʻ ayyomlar arafasida mana shunday bagʻrikeng xonadon uy-muzeyi sifatida koʻpchilik uchun bagʻrini ochdi.
Qayd etish kerak, keyingi yillarda mamlakatimizda Oʻzbekiston xalq shoiri Abdulla Oripovning nomini adabiylashtirish yuzasidan keng qamrovli ishlar amalga oshirildi. Toshkentdagi Adiblar xiyobonida haykali oʻrnatildi, Qashqadaryo viloyatida Abdulla Oripov ijod maktabi faoliyat yuritmoqda, asarlari qayta-qayta nashr etilmoqda. Xalqimizning maʼnaviy yuksalishi yoʻlidagi bu xayrli ishlar tizimli tartibda davom ettirilmoqda.

Toshkent viloyatida ochilgan ushbu maskan Abdulla Oripovning betakror ijodiy merosini keng targʻib etish, ayniqsa, yoshlar qalbida Vatanga sadoqat, milliy gʻururni mustahkamlash, avlodlarni yuksak insoniy fazilatlar ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi.
Tantanali marosimda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Ruslanbek Davletov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari – Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi raisi Zulayho Mahkamova ishtirok etdi.
Otabek ISROILOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga kirish narxlari eʼlon qilindi
- Tramp Erondagi harbiy operatsiya “deyarli yakunlanganini” maʼlum qildi
- Toshkent – Samarqand pullik yoʻli qurilishi 2 milliard dollardan ziyodga baholanmoqda
- Toshkentda tunnel devori oʻpirilib tushdi
- Bir asrlik tarixga guvoh bino taqdiri
- Prezident raisligida videoselektor yigʻilishi boshlandi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring