Senat raisi Qarshidagi toʻyda 70 nafar fuqaroning zaharlanganini eslab, dehqon bozorlarining sanitariya - epidemiologik holatini tanqid qildi

10:49 03 May 2019 Jamiyat
2281 0

Munisxon Karimova, “Xalq soʻzi Online”. Oliy Majlis Senati Raisi mamlakatdagi dehqon bozorlarining sanitariya - epidemiologik holati talabga javob bermasligini taʼkidladi.

“Maʼlumotlarga koʻra, jami 300 ga yaqin dehqon bozori va ularning 150 dan ortiq shoxobchasining aksariyati ichimlik suvi bilan toʻliq taʼminlanmagan, savdo rastalari yetishmaydi, tez buziluvchi oziq-ovqat mahsulotlarini sotish uchun maxsus rastalar va sharoitlar yaratilmagan, dedi u.

Veterinariya - sanitariya laboratoriyalari tashkil etilmagan, chiqindilarni yigʻish uchun maxsus joylar ajratilmagan.

Shuningdek, dehqon bozorlarida sanitariya - gigiyena talablariga javob bermaydigan, bozor hududining ochiq maydonlarida yoki uy sharoitida tayyorlangan taomlar bilan savdo qilish amaliyoti tobora avj olmoqda.

2018 yilda oʻtkazilgan sanitariya nazorati tadbirlarida dehqon bozorlaridagi 46 855 nafar sotuvchi tibbiy koʻrikdan oʻtmaganligi aniqlangan.

Ana shunday bir sharoitda oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish, tashish, saqlash va realizatsiya qilish hamda xizmat koʻrsatish paytida sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga oʻz vaqtida rioya etilishini taʼminlash boʻyicha sanitariya - epidemiologiya xizmatining nazorat faoliyati cheklanganicha qolmoqda.

Yaʼni qonunchilikka muvofiq, sanitariya - epidemiologiya xizmati tekshiruv oʻtkazish uchun vakolatli organga buyurtma beradi.

Buyurtma vakolatli organ tomonidan uch ish kunidan kechiktirmasdan koʻrib chiqiladi hamda tekshiruvni oʻtkazish kelishilganligi yoki rad etilganligi toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi.

Bunday amaliyot sanitariya - epidemiologiya xizmati zimmasiga yuklatilgan vazifalarni toʻliq roʻyobga chiqarish, ayniqsa, inson hayoti va sogʻligʻiga xavf tugʻdirishi mumkin boʻlgan har qanday holatlarga nisbatan tezkor choralar koʻrish imkoniyatini deyarli yoʻqqa chiqarmoqda.

Birgina misol: 2018 yilning sentyabrida Qarshi shahridagi “Baxtli oila” toʻyxonasida oʻtkazilgan toʻyda 70 nafar fuqaro ovqatdan zaharlangan.

Shunga qaramasdan, sanitariya-epidemiologiya markaziga ushbu obyektdagi zaharlanish holatini tekshirish va profilaktik choralarni amalga oshirish maqsadida qisqa muddatli sanitariya nazoratini oʻtkazishga ruxsat berilmagan.

Shu bois, Nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik subyektlari faoliyati tekshiruvlarini kelishish va oʻtkazish tartibi haqidagi 2018 yil 7 sentyabrda roʻyxatdan oʻtkazilgan vaqtinchalik nizomga tegishli oʻzgartishlar kiritish dolzarb ahamiyatga ega.

Xususan, davlat sanitariya nazoratini barcha obyektlarda, shu jumladan, tadbirkorlik subyektlariga qarashli savdo va xizmat koʻrsatish obyektlarida istalgan vaqtda, hech qanday moneliksiz, moliya - xoʻjalik faoliyatiga aralashmagan holda oʻtkazish mumkinligini belgilash masalasini koʻrib chiqishni maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер