Ilm — ulugʻvorlik sari eltuvchi mustahkam poydevor
Sanʼat va jasorat, ilm-u maʼrifat bilan nom qozongan Surxondaryo bugun taraqqiyotning mutlaqo yangi pogʻonasiga qadam qoʻymoqda. Vohada amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, hayotga tatbiq etilayotgan yangilanishlar hamda qoʻlga kiritilayotgan salmoqli natijalar hududning jadal rivojlanayotganini yaqqol koʻrsatadi.
Deylik, bundan 8-yil avval viloyatda yagona Termiz davlat universiteti faoliyat yuritgan boʻlsa, bugun davlat rahbarining xalq manfaatiga qaratilgan adolatli siyosati samarasi oʻlaroq, oliy taʼlim muassasalari soni yettitadan oshdi. Ana shu taraqqiyparvar islohotlar zamirida 2020-yildan eʼtiboran Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti ham oʻz faoliyatini boshladi.
Ayni paytda taʼlim muassasasida 329 nafardan ortiq professor-oʻqituvchilar mehnat qilishmoqda. Ular orasida toʻqqiz nafarini fan doktori, sakson nafarga yaqini fan nomzodlari, toʻrt nafari professor, oʻttiz nafarga yaqini dotsentlar, sakson nafardan ziyodi katta oʻqituvchilari hamda 130 nafar assistent oʻqituvchi mavjud boʻlib, umumiy ilmiy salohiyat 27 foizni tashkil etmoqda. Bu koʻrsatkichlar oliygohda ilm-fanga alohida eʼtibor qaratilganidan dalolat beradi, albatta.
Xalqaro hamkorlik va ilmiy salohiyat uygʻunligi
Darhaqiqat, “Ilmning chegarasi yoʻq”, degan hikmat bugun ham oʻz ahamiyatini yoʻqotgani yoʻq. Shu bois institut xalqaro hamkorlikni keng yoʻlga qoʻymoqda. Ayni paytda saksondan ortiq xorijiy davlatlar universitetlari bilan hamkorlik memorandumlari imzolangan boʻlib, ular taʼlim jarayoni hamda ilmiy-tadqiqot ishlariga samarali tatbiq etib kelinyapti.
Misol uchun, Rossiya Federatsiyasining Oltoy davlat universiteti bilan hamkorlikda (1+1) magistratura mutaxassisligi boʻyicha qoʻshma taʼlim dasturi amalga oshirilmoqda. Ushbu dastur doirasida 20 nafar magistrant tahsil olmoqda. Shuningdek, Afgʻoniston, Qatar, Turkiya, Indoneziya, Malayziya, Janubiy Koreya, Tojikiston va Qozogʻistondagi nufuzli oliygohlar bilan ham hamkorlik aloqalari izchil yoʻlga qoʻyilgan.
Aytish joizki, zamonaviy talablardan kelib chiqib, institutda talabalar uchun barcha qulayliklar yaratilgan. Uchta oʻquv binosida joylashgan 114 ta oʻquv auditoriyasi, jumladan, 23 ta maʼruza xonasi, 66 ta amaliy mashgʻulot xonasi, 18 ta seminar hamda 12 ta laboratoriya xonasi, shuningdek, 5 ta sport zali hamda oʻyingohlar yoshlar ixtiyorida. Barcha binolarda barqaror Wi-Fi zonalari mavjud boʻlib, auditoriyalar internet tarmogʻiga ulangan, oʻquv jarayonlarini masofadan kuzatish tizimi ham joriy etilgani ayni muddao boʻlmoqda.
Joriy yilning birinchi yarmida institutda 2 nafar professor-oʻqituvchi fan doktori (DSc) hamda 10 nafar professor-oʻqituvchi falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini qoʻlga kiritdi. Ilmiy faollikni oshirish maqsadida professor-oʻqituvchilar tomonidan 30 ta Scopus hamda hamkor xorijiy oliy taʼlim muassasalari bilan birgalikda 3 ta Scopus bazalariga kiruvchi ilmiy jurnallarda maqolalar chop etildi. Shuningdek, respublika anjumanlarida 125 ta, xalqaro anjumanlarda 220 ta, mahalliy OAK jurnallarida 200 ta va xorijiy OAK jurnallarida 190 ta ilmiy maqolalar eʼlon qilindi.
Ilm-maʼrifat manbai
Ilmga chanqoq, izlanuvchan ustozlar saʼy-harakati natijasida institut talabalari ham yuksak yutuqlarga erishmoqda. Xususan, toʻrt nafar talaba Prezident stipendiyasi, toʻrt nafar Islom Karimov nomidagi, oʻn nafar Alisher Navoiy nomidagi, ikki nafar Mirzo Ulugʻbek nomidagi va yana ikki nafar Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi Davlat stipendiyalari sovrindori boʻldi.
Ilm-maʼrifat manbai boʻlgan kitobxonlikka ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Institut Axborot resurs markazi fondi 14 ming 387 nomda 33 ming 435 nusxadagi — siyosiy, ilmiy, badiiy, oʻquv va xorijiy adabiyotlarni oʻz ichiga oladi. Talabalar uchun tinch hamda yorugʻ muhitda oʻqish, izlanish va tayyorgarlik koʻrish uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
Bu hali hammasi emas. Uzoq hududlardan kelgan va ijtimoiy himoyaga muhtoj talabalar uchun 975 oʻrinli toʻrtta talabalar turarjoyi mavjud boʻlib, ularda kir yuvish, quritish hamda yuvinish xonalari toʻliq moslashtirilgan.
Maʼlumot oʻrnida aytish joizki, ayni paytda institutda 4 ta fakultet va 16 ta kafedra faoliyat koʻrsatmoqda. Eʼtiborli jihati shundaki, bugungi kunning dolzarb yoʻnalishlaridan biri boʻlgan turizm va mehmondoʻstlik sohasi ham yoʻlga qoʻyilgan. Chunki Surxondaryoda Al-Hakim at-Termiziy, Iso Termiziy, Sulton Saodat, Jarqoʻrgʻon minorasi, Soʻfi Olloyor ziyoratgohi, Kampirtepa, Fayoztepa, Xoʻjaipok, Sangardak sanatoriysi va sharsharasi, Oq ostona, Dalvarzintepa, Omonxona kabi koʻplab tarixiy hamda tabiiy maskanlar mavjud. Bu boy merosni dunyoga tanitish uchun bilimli, zamonaviy mutaxassislarga ehtiyoj katta, albatta.
Shu maʼnoda, malakali kadrlar tayyorlash va ularning bandligini taʼminlash har bir rahbar oldida turgan ustuvor vazifadir. Maʼnan va jismonan yetuk, bilimli yoshlargina jamiyat taraqqiyotini tezlashtiradi.
Prezidentimizning yoshlar maʼnaviyati haqida aytgan fikrlari har bir vatanparvar yigit-qizning hayotiy shioriga aylanishi zarur. Chunki zamon shiddat bilan oʻzgarib borayotgan bu davrda yoshlar oʻz davri bilan hamnafas boʻlar ekan, ayni paytda oʻzligini, buyuk ajdodlar merosini unutmasligi kerak.
Orzulari osmon, maqsadlari ulugʻ yoshlar
Darvoqe, soʻnggi ikki-uch yil ichida Denov shahri tanib boʻlmas darajada oʻzgardi. Keng koʻlamli qurilish va bunyodkorlik ishlari, yangi infratuzilma, qator maktab va bogʻchalar, shifoxonalar hamda koʻpqavatli uylar shahar qiyofasini yanada koʻrkam etmoqda. Bu yangilanishlar esa yangi gʻoya va tashabbuslarni talab etadi.
Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti ana shu jarayonda Vatan ravnaqiga hissa qoʻshadigan ilgʻor, bilimli mutaxassislarni tayyorlashda peshqadam boʻlishga intilmoqda. Orzulari osmon, maqsadlari ulugʻ yoshlar ilm pillapoyalaridan yuksalib, ona Vatan xizmatiga kamarbasta boʻlmoqda.
Usmonjon BOʻTAYEV,
Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti
oʻquv ishlari boʻyicha prorektori.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻrta Osiyodagi eng baland yangi yil archasi — Namanganda
- Oʻzbekistonda YTT va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar QR-kodsiz faoliyat yuritsa jarimaga tortiladi
- Yaldo tuni: Yerliklar bugun eng uzun tun va eng qisqa kunga guvoh boʻladi
- Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofot sovrindorlari maʼlum boʻldi
- Xonanda Rahmatillo Yusupov 44 yoshda vafot etdi
- Hokim yordamchisi kimga yordamchi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring