Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ijtimoiy rivojlanish boʻyicha ikkinchi Butunjahon sammitidagi nutqi
Hurmatli Rais Xonim Oliyalari!
Hurmatli Bosh kotib Janobi Oliylari!
Hurmatli davlat va hukumat rahbarlari!
Qadrli birodarim, Qatar Amiri Shayx Tamim Ol-Soniy Aʼlo Hazratlariga Butunjahon sammitini yuksak darajada tashkil etayotganlari va samimiy mehmondoʻstlik uchun chuqur minnatdorlik izhor etaman.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish Janobi Oliylariga ushbu anjumanni oʻtkazishdagi ulkan shaxsiy hissasi uchun alohida tashakkur bildiraman.
Global ijtimoiy taraqqiyot uchun muhim platforma boʻlgan sammitning aynan Doha shahrida oʻtkazilayotgani katta ramziy maʼnoga ega.
Qatar Davlati soʻnggi yillarda ijtimoiy inklyuzivlik va jadal taraqqiyotning global markaziga aylanmoqda. Bunday olamshumul yutuqlar bilan Qatar xalqini chin dildan tabriklayman.
Bugungi kunda ijtimoiy farovonlikni taʼminlash, aholi turmushini yaxshilash borasida dunyo hamjamiyati va milliy hukumatlar birgalikda harakat qilayotgani eʼtiborga molikdir.
Oʻzbekiston barqaror taraqqiyot sari barcha xalqaro hamkorlik formatlari va tashabbuslarini doim qoʻllab-quvvatlaydi.
Hurmatli xonimlar va janoblar!
Biz keyingi yillarda Yangi Oʻzbekistonda “Inson qadri uchun” degan tamoyil ustuvor boʻlgan, ijtimoiy adolat taʼminlangan, ehtiyojmand aholi samarali himoya qilingan jamiyat barpo etmoqdamiz. Bu yoʻldagi qatʼiy pozitsiyamiz yangi Konstitutsiyamizda mustahkamlab qoʻyildi hamda mamlakatimizning ijtimoiy davlat sifatidagi maqomi eʼlon qilindi.
Avval tarqoq boʻlgan ijtimoiy himoya dasturlari yagona tuzilma – Ijtimoiy himoya milliy agentligi asosida birlashtirildi. Yangi ijtimoiy himoya modelimiz jamiyatning quyi boʻgʻini boʻlgan mahalladan boshlab, har bir xonadon va oilani qamrab olmoqda.
Oxirgi yillarda kambagʻallik darajasini 35 foizdan 6,6 foizgacha qisqartirishga erishdik. Biz bu yoʻldagi islohotlarni bundan keyin ham davom ettiramiz.
Hurmatli sammit ishtirokchilari!
Jahonda murakkab iqtisodiy-ijtimoiy jarayonlar kechayotgan hozirgi sharoitda quyidagi takliflarni ilgari surmoqchiman.
Birinchidan, kambagʻallikka qarshi kurashishda xalqaro hamkorlikni yangi bosqichga koʻtarish muhim.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining maʼlumotlariga koʻra, bugungi kunda dunyoda 1 milliard 100 million aholi kambagʻallikda umr kechirmoqda.
Rivojlanayotgan davlatlarning ijtimoiy dasturlariga resurslarni keng jalb etish maqsadida kambagʻallikka qarshi kurashishning yangi moliyaviy arxitekturasini yaratish vaqti keldi, deb hisoblaymiz.
Bu borada ijtimoiy tengsizlikni kamaytirish, kambagʻallikni qisqartirishga amaliy yordam beradigan Global ijtimoiy adolat fondini taʼsis etishni taklif etamiz.
Ikkinchidan, bandlik masalasini samarali hal etishda yangi, zamonaviy mexanizmlarni ishga tushirish dolzarb ahamiyatga ega.
Xalqaro mehnat tashkilotining hisobotiga koʻra, 2024-yilda global ishsizlik darajasi 5 foizni tashkil etdi. Yuqori texnologiyalar, sunʼiy intellektning jadal kirib kelayotgani dunyoda millionlab ish oʻrinlarining yoʻqotilishiga olib kelmoqda.
Bunday sharoitda hukumatlar va biznes ijtimoiy hamkor sifatida xodimlarni qoʻllab-quvvatlashga katta ahamiyat berishi zarur. Shu munosabat bilan ijtimoiy masʼuliyat va munosib mehnat boʻyicha global tashabbusni ishlab chiqish haqidagi taklifimizni maʼqullaysiz, deb ishonamiz.
Uchinchidan, barcha uchun taʼlim imkoniyatlarini kengaytirish orqali ijtimoiy muammolarga samarali yechim topish mumkin.
Hozirgi davrda savodsizlikning yillik iqtisodiy zarari 1,4 trillion AQSH dollariga teng, deb baholanmoqda. Bu esa yosh avlodni ijtimoiy hayot va mehnat bozorida oʻz oʻrnini topishini qiyinlashtirmoqda hamda tengsizlikning keskin oʻsishiga sabab boʻlmoqda.
Biz kecha oʻtgan Ochlik va qashshoqlikka qarshi kurash boʻyicha Global alyansning ilk uchrashuvi qarorlarini toʻliq maʼqullaymiz. Uning kelgusi sammitlaridan birini Oʻzbekistonda oʻtkazishni va taʼlim masalasini asosiy kun tartibi sifatida belgilashni taklif qilamiz.
Toʻrtinchidan, mehnat migrantlari va ularning oila aʼzolarini tizimli himoya qilish zarurati ortib bormoqda.
Hozirgi kunda dunyoda 300 milliondan ortiq migrantlar oʻzga yurtlarda mehnat qilmoqda. Afsuski, ularning haq-huquqlari buzilishi bilan bogʻliq holatlar koʻplab uchramoqda.
Kelgusi yili xalqaro mehnat va migratsiya tashkilotlari bilan birgalikda Oʻzbekistonda Migrantlar va ularning oilalarini ijtimoiy va huquqiy himoya qilish boʻyicha xalqaro forum oʻtkazish va Global dastur qabul qilishni taklif etaman.
Beshinchidan, barchamiz iqlim oʻzgarishining ijtimoiy hayotga taʼsirini yaqqol sezib turibmiz.
Ekstremal ob-havo, choʻllanish, bioxilma-xillikning yoʻqolishi, eng avvalo, zaif qatlamlar – dehqonlar, mavsumiy ishchilar, murakkab ekologik vaziyatdagi mintaqalar aholisi hayotiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.
Iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashni bandlik dasturlari bilan uygʻunlashtirish boʻyicha kompleks choralarni koʻrish – juda dolzarb vazifa. Bu borada Biz Birlashgan Millatlar Tashkiloti rezolyutsiyasi bilan ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi, deb eʼlon qilingan Orolboʻyi mintaqasida Ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotning yangi modelini ishga tushirish niyatidamiz. Va bu yoʻnalishdagi tajribamizni jahon hamjamiyati bilan oʻrtoqlashishga tayyormiz.
Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!
Bugun biz qabul qilayotgan qarorlar jahondagi millionlab odamlarga ishonch va umid bagʻishlashi, barqarorlik va farovonlikni taʼminlashga salmoqli hissa qoʻshishi shubhasiz.
Xalqaro taraqqiyot yoʻlida ijtimoiy kelishuvni yangilash, har bir inson uchun munosib hayot tarzini yaratish bizning asosiy burchimizdir.
Shu maʼnoda, bugun qabul qilinayotgan Doha siyosiy deklaratsiyasini toʻliq qoʻllab-quvvatlaymiz. Biz unda belgilangan tamoyillarni hayotga toʻliq tatbiq etishga tayyormiz. Hech shubhasiz, ushbu tarixiy deklaratsiya Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yoʻlida umumiy saʼy-harakatlarni kuchaytirishga xizmat qiladi.
Soʻzimning yakunida barchangizga omad va yutuqlar, Butunjahon sammiti ishiga esa muvaffaqiyat tilayman.
Eʼtiboringiz uchun rahmat.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring