Mehnat huquqlari va muhofazasi aholi bandligini taʼminlashning muhim shartidir

14:52 31 Oktyabr 2025 Jamiyat
200 0

Xalqaro Mehnat tashkilotining “Oʻzbekiston Respublikasi uchun munosib mehnat dasturi 2021-2025” hisobotida xodimlar huquqlarini himoya qiluvchi yagona organ sifatida Kasaba uyushmalari federatsiyasi faoliyatini xalqaro mehnat standartlariga moslashtirish va vakolatlarini oshirish taklif qilingan edi. Oʻtgan yillar sarhisobi bunga amalda erishilayotganini tasdiqlab turibdi. Zero, yurtimizda har bir insonning huquq va erkinligini taʼminlash, mehnatini muhofaza qilishu munosib ish oʻrniga ega boʻlishi davlat siyosati darajasiga koʻtarilgan.

Davlatimiz rahbari shu yil 17-oktyabrda Oʻzbekiston kasaba uyushmalari faollari va faxriylari bilan uchrashuv chogʻida 500 mingga yaqin xodimlarning qonuniy huquqlari himoya qilingani, natijada ularning foydasiga 267 milliard soʻm undirib berilganini uyushma xizmati sifatida eʼtirof etdi. Chindan ham, keyingi paytda uyushma faoliyati jonlandi. Uning aralashuvi bilan ishdagi baxtsiz hodisalar tufayli jabrlangan ming nafardan ortiq xodimga 35 milliard soʻm tovon puli undirib berildi, 13 mingdan ortiq nohaq ishdan boʻshatilganlar oʻz vazifasiga qaytarildi.

Ochigʻini aytish kerak, ilgari fuqarolarning chet ellarga, xususan, rivojlangan Yevropa davlatlariga borib ishlash imkoniyati cheklangan edi. Asosiy mehnat bozori qoʻshni Qozogʻiston, Rossiya hisoblangan. Prezidentimizning uzoqni koʻzlab olib borayotgan siyosati tufayli mavjud toʻsiq va gʻovlar olib tashlanmoqda. Natijada Amerika, Yevropa davlatlariga borish, oʻsha mamlakatlarda ishlash kundan kunga osonlashmoqda.

Yana bir quvonchli yangilik shuki, milliy mahsulotlarimiz uchun 26 ta yangi bozorlar ochildi. Yevropaga eksportimiz 5 karra koʻpayib, ayni chogʻda 1,5 milliard dollarni tashkil etmoqda. Germaniya, Angliya va boshqa davlatlarga mavsumiy ishchilarni jalb etish borasida ham takliflaru yangiliklar koʻpaymoqda. Faqat malakali mutaxassis boʻlish, chet tilini chuqur oʻrganish talab etiladi, xolos. Negaki, qayerda boʻlmasin aqlu zakovatga tayanish hamisha yuqori baholangan, ish haqining baland boʻlishi ham ayni shu jihat bilan bogʻliq. Koʻpincha ishsizlik ortidan qiynalib yurgan odamlarda muqim kasbning oʻzi boʻlmaydi, baʼzilar kasbga oʻqish yo til oʻrganish uchun mablagʻi yetishmasa, qayerga murojaat qilishni bilmaydi.

Davlatimiz rahbari aholining xuddi shu ogʻriqli muammosiga ham jiddiy eʼtibor qaratmoqda. Prezidentimizning 2018-yil 20-avgustdagi tegishli qarori bilan Toshkent shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazi tashkil etilishi bunga yaqqol misoldir. Ushbu maskan ishsiz fuqarolarni davlat hisobidan qisqa muddatli kasb-hunarga oʻqitishning innovatsion modeli sifatida oʻz faoliyatini boshladi. Oʻtgan yili u “Respublika kasbiy koʻnikmalar markazi” sifatida qayta tashkil etildi.

Bugun kunda kasbiy koʻnikmalar markazidagi kurslarda asosiy eʼtibor tinglovchilarni ruhlantirishga, oʻziga boʻlgan ishonchni koʻtarishga qaratilgan. Chunki ertangi kunga ishonch tugʻilishi, tilni chuqur oʻrganish orqali xorijdami, shu yerdami, yuqori haq toʻlanadigan kasb egasi boʻlish istagi insonni tirishqoqlik koʻrsatishga undaydi. Qalbi uygʻongan odamni esa aslo toʻxtatib boʻlmaydi.

Oʻrganishlarga qaraganda, elektrpayvandlovchi, uqalovchiIT mutaxassisi, elektr usta, ayollar sartaroshi va buxgalteriya bugungi kunda eng talabgir boʻlgan kasblar hisoblanadi. Shu bois ishsiz fuqarolarni ushbu kasblarga yoʻnaltirish uchun ular yuqori malakali va tajribali oʻqituvchilarimiz tomonidan oʻqitib kelinyapti. Markazlar yuqori texnologiyali asbob-uskunalar, zamonaviy oʻquv materiallari va taʼlimga moʻljallangan maxsus jihozlar bilan taʼminlangan. Oʻqish muddati 1 oydan 3 oygacha boʻlib, dars jarayonlari 30 foiz nazariy va 70 foiz amaliy shaklda. Malakaviy imtihondan muvaffaqiyatli oʻtgan bitiruvchilarga oʻrta maxsus diplomga tenglashtirilgan davlat namunasidagi sertifikat beriladi.

Shu bilan birga, markazlarda malaka oshirish, xorijiy va mahalliy ish beruvchilar buyurtmasi asosida oʻqitish, dual taʼlim hamda inklyuziv taʼlim tizimlari ham joriy etilgan. Eshitish va gapirishda nuqsoni boʻlgan fuqarolar uchun surdo tarjimon biriktirilgani inklyuziv taʼlimga boʻlgan eʼtiborning yaqqol ifodasidir. Chunki jamiyatimizda hech kim, irqiyu millati, jismoniy nuqsonidan qatʼiy nazar eʼtibordan chetda qolmasligi kerak.

Taʼlim sifati va samaradorligini yanada oshirish maqsadida Migratsiya agentligi, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi, “Artel”, “Wyndham Tashkent” mehmonxonasi,Toshkent tibbiyot akademiyasi, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti, “Hududgaz Poytaxt”AJ, Suvchilar maktabi, Energetiklar assotsiatsiyasi, Boshqaruv servis kompaniyalari, Oʻzbekiston Sartaroshlar va kosmetologlar uyushmasi kabi qirqqa yaqin idoralar bilan hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyganmiz.

Bugun dunyo sunʼiy intellekt (SI) texnologiyalari orqali yangi sivilizatsiya bosqichiga oʻtmoqda. Buni Prezidentimiz shu yil 21-oktyabr kuni shu mavzuga bagʻishlab oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida ham alohida taʼkidladi. Shu bois biz ham “Python” dasturlashi boʻyicha maxsus oʻquv kurslarini ochib, tinglovchilarimizga sunʼiy intellektdan maksimal darajada foydalanishni oʻrgatmoqchimiz.

Umuman olganda, kompyuter savodxonligi, kompyuter grafikasi va web-dasturchi kurslari yildan-yilga yoshlarni oʻziga koʻproq jalb etyapti. Bu bejiz emas, albatta. Chunki kompyuter savodxonligi raqamli dunyoga ilk qadam qoʻyuvchilar uchun mustahkam poydevor vazifasini oʻtaydi. Bu yerda oʻquvchilar “Microsoft Office” dasturlari, internet texnologiyalari va raqamli xavfsizlik asoslarini oʻrganadi. Kompyuter grafikasi kursida esa grafika dizayni, banner, logotiplar, broshyuralar, reklama va vizual kontent yaratish hamda SMM dizayn boʻyicha chuqur bilimlarga ega boʻladi. Bu, ayniqsa, ijodkor, zamonaviy kommunikatsiya vositalariga qiziqqan yoshlar orasida ommalashmoqda. Veb-dasturchi yoʻnalishi esa zamonaviy dasturlash tillarini oʻzlashtirish orqali tinglovchilarga veb-saytlar yaratish, maʼlumotlar bazasi bilan ishlash, mustaqil IT loyihalarni yuritish imkonini bermoqda. Zero, raqamli dunyoda muvaffaqiyat kaliti — bu doimiy oʻrganish, oʻz ustida ishlash va yangi bilimlarga intilishdir. Shu bois axborot texnologiyalarini egallash har bir yosh uchun zamon talabi, kelajak sari dadil qadamdir.

Aygul SATTAROVA,

Respublika kasbiy koʻnikmalar markazi direktori.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер