HAMAS Gʻazodagi sulh bitimi doirasida qurollarini topshirishga rozi boʻladimi?

15:33 10 Oktyabr 2025 Dunyo
339 0

HAMASni qurolsizlantirish boʻyicha muzokaralar Isroilning Gʻazoga qarshi urushini butunlay toʻxtatish yoʻlidagi asosiy toʻsiq boʻlishi mumkin.

Isroil va HAMAS Amerika Qoʻshma Shtatlari tomonidan qoʻllab-quvvatlangan sulh bitimining birinchi bosqichiga rozi boʻlgan boʻlsa-da, ikki tomonda ham bahsli kelishmovchiliklar bor. Ayniqsa, Falastin guruhining qurollari taqdiri haqida gap ketganda muammo yanada chigallashadi.

Isroil uzoq vaqtdan beri HAMASdan qurollarini topshirishni, Falastin anklavini boshqarishdan voz kechishni, tashkilot sifatida guruhni tarqatib yuborishni talab qilib keladi. Oʻz navbatida, HAMAS oʻz qurollaridan voz kechish haqidagi chaqiriqlarni ochiqchasiga rad etgan, biroq ekspertlarning taʼkidlashicha, guruh oʻz arsenalining bir qismini topshirishga ochiqligini ham bildirgan.

Tahlilchilarning fikricha, HAMAS arsenaliga oid muzokaralar sulhga putur yetkazishi va Isroilni Gʻazodagi qamalda qolgan Falastin aholisiga qarshi genotsid urushini qayta boshlashga undashi mumkin.

Qurolli guruh xalqaro insonparvarlik huquqiga muvofiq qurol olib yurish va bosqinchi kuchga qarshilik koʻrsatish huquqiga ega. Bu urush paytida tinch aholini himoya qilish uchun moʻljallangan asosiy qoidalardan biri.

Shunga qaramay, Isroil va uning Gʻarb ittifoqchilari tarixan Falastin hududlari ustidan Isroilning ishgʻolini tugatishga qaratilgan tinchlik jarayonini boshlashning birinchi sharti sifatida Falastin fraksiyalaridan qurolli qarshilikdan voz kechishni talab qilishgan. Bu 1990-yillarda oʻsha paytdagi Falastin va Isroil rahbarlari tomonidan imzolangan Oslo tinchlik kelishuviga asos boʻlgan jihat edi.

Xalqaro inqiroz guruhi tadqiqotchisi, falastinlik Azmi Keshaviyning soʻzlariga koʻra, Isroil bu safar ham xuddi shunday talablarni qoʻyishga urinib koʻrishi mumkin. Biroq HAMAS toʻliq qurolsizlanmaydi. Keshaviyning aytishicha, guruh qisqa va uzoq masofali raketalar kabi baʼzi qurollarini topshirishi mumkin. Shunday boʻlishiga qaramay, HAMAS oʻqotar va yengil qurollaridan voz kechmaydi. Isroilga qarshilik koʻrsatish uchun oʻnlab yillar davomida qurgan murakkab tunnel tarmogʻi xaritasini ham topshirmaydi.

HAMAS 2023-yilning 7-oktyabrda Isroil janubiga zarba bergan va Gʻazodagi bir necha qurolli guruhlarning eng kattasi edi. Ushbu guruhlardan baʼzilari Falastin Islomiy Jihodi, Falastinni ozod qilish uchun xalq fronti va Al-Aqsa shahidlari brigadalarini oʻz ichiga oladi. Bu guruhlar uzoq vaqtdan beri Isroilga qarshi qurolli qarshilik koʻrsatib kelgan va soʻnggi ikki yil ichida yahudiy davlatining tinimsiz bombardimonlari taʼsirida qay darajada tanazzulga uchragani nomaʼlum.

Isroil genotsidi davomida oʻzining urush maqsadi goʻyoki HAMASni yoʻq qilish ekanini daʼvo qildi. Ammo tadqiqotchi Keshavining aytishicha, HAMAS hech qachon toʻliq magʻlub boʻlmaydi.

Unga koʻra, guruh kelgusi yillarda minglab qashshoq va qasoskor yigitlarni oʻz safiga jalb qiladi. Koʻpchilik uchun HAMAS shunchaki tashkilot emas, balki qarshilik ramzi boʻlgan gʻoyadir.

Shunga qaramay, guruh pragmatik boʻlib qolmoqda va sulhni iloji boricha uzoqroq muddatga uzaytirish uchun yon berishga tayyor.

Tadqiqotchining aytishicha, oʻt ochishni toʻxtatishning barqarorligi oxir-oqibatda AQSH prezidenti Donald Tramp va boshqa Gʻarb yetakchilarining Isroilni jilovlashi hamda uning yuqori talablariga bogʻliq.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер