Putin Aliyev bilan AZAL samolyoti halokati sabablarini muhokama qildi

19:38 09 Oktyabr 2025 Dunyo
290 0

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 2024-yil dekabrda sodir boʻlgan AZAL aviakompaniyasi samolyoti bilan bogʻliq hodisada Rossiya havo mudofaasi raketalari samolyotni bevosita urib tushirmagani, balki raketalar samolyotdan bir necha metr uzoqlikda portlaganini maʼlum qildi. Bu haqda Putin bugun, 9-oktyabr kuni Dushanbe shahrida Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev bilan uchrashuvda gapirgan.

Rossiya yetakchisining aytishicha, fojiaga ikki omil sabab boʻlgan:

birinchisi — Ukrainaga tegishli uchta dron Rossiya chegarasini kesib oʻtgan;
ikkinchisi — Rossiya PVO tizimida texnik nosozliklar kuzatilgan.

“Uchirilgan raketalar samolyotga tegmagan, ehtimol, oʻz-oʻzini yoʻq qilish tizimi ishlagan va ular taxminan 10 metr masofada portlagan”, degan Putin.

Uning qoʻshimcha qilishicha, samolyotga asosan raketa parchalari teggan va shu bois pilot buni qushlar toʻdasi bilan toʻqnashuv deb oʻylagan. U bu haqda dispetcherlarga xabar bergan va bu maʼlumotlar “qora quti”da ham tasdiqlangan.

Rossiya prezidenti Ilhom Aliyev bilan suhbatda AZAL samolyoti bilan bogʻliq “fojia” Rossiya osmonida sodir boʻlgani uchun allaqachon uzr soʻraganini aytgan. Shuningdek, halokatda qurbon boʻlganlarning oilalariga yana bir bor hamdardlik bildirib, Rossiya halokat sabablarini oʻrganishda yordam berayotganini ham alohida qayd etib oʻtgan.

2024-yil 25-dekabr kuni Ozarbayjon Havo yoʻllarining 8432-reysi Checheniston poytaxti Grozniy shahriga yoʻl oldi va Qozogʻistonning Aqtau shahri yaqinida halokatga uchradi. Oqibatda samolyot bortida boʻlgan 67 kishidan 38 nafari halok boʻldi, yana 29 kishi turli darajadagi tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер