Saudiya Arabistonida “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” davom etmoqda

Saudiya Arabistoni Podshohligida 2–11-oktyabr kunlari “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” boʻlib oʻtmoqda. Tadbir ikki mamlakat oʻrtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlikni mustahkamlash, Oʻzbekistonning boy merosi va milliy qadriyatlarini xalqaro miqyosda keng targʻib etishga xizmat qilmoqda.
Oʻzbekiston va Saudiya Arabistoni oʻrtasidagi madaniy aloqalar 1995-yil 18-noyabrda imzolangan “Savdo, iqtisod, investitsiyalar, texnika, madaniyat, sport va yoshlar ishlari sohalarida hamkorlik qilish toʻgʻrisida Bitim”ga tayanadi. Shu asosda madaniyat sohasidagi hamkorlik yildan yilga rivojlanib kelmoqda. “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” ilk bor 2011-yil 25–31-mart kunlari Saudiya Arabistonida oʻtkazilgan boʻlib, oʻsha paytda “Oʻzbekiston – Vatanim manim” nomli amaliy sanʼat va foto koʻrgazmasi hamda milliy kuy-qoʻshiqlarimizdan iborat konsert dasturlari Ar-Riyod va Jidda shaharlarida namoyish etilgan edi. Shundan soʻng saudiyalik madaniyat vakillari Oʻzbekistonda oʻtkaziladigan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali, “Maqom” anjumani, “Lazgi” xalqaro raqs festivali kabi yirik tadbirlarda muntazam qatnashib kelmoqda.
Joriy yildagi “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” dasturi keng koʻlamli boʻlib, unda Oʻzbekiston sanʼat ustalarining konsertlari, milliy taomlar va hunarmandchilik buyumlari koʻrgazmalari, madaniy pavilyonlar, noyob qoʻlyozma nusxalari, kitoblar va adabiyot namunalari taqdim etilmoqda. Tadbir Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahridagi Riyadh International Book Fair majmuasi va Malika Nurah bint Abdulrahmon universiteti maydonida tashkil etilgan.
3-oktyabr kuni Oʻzbekiston ilk marotaba yirik xalqaro kitob festivali — “Riyadh International Book Fair”da “Faxriy mehmon mamlakat” sifatida qatnashdi. Bu festival har yili Ar-Riyodda oʻtkazilib, 2 mingdan ortiq nashriyot ishtirok etadi. Odatda ushbu maqomga arab davlatlari taklif qilinadi, soʻnggi 10-yil ichida ilk bor Oʻzbekiston ushbu nufuzli yarmarkaga faxriy mehmon sifatida taklif qilindi. Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov festival doirasida soʻzga chiqib, Oʻzbekiston uchun bu maqomning yuksak sharaf ekanini taʼkidladi va yarmarkani “madaniyatlar uchrashuvi, bilim va ilhom manbai” deb atadi.
4-oktyabr kuni Ar-Riyod shahrida Oʻzbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov va Saudiya Arabistoni madaniyat vaziri Badir bin Abdulla bin Muhammad bin Farhan Al Saud uchrashuv oʻtkazdi. Unda madaniyat va sanʼat sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi hamda ikki mamlakat oʻrtasida yangi huquqiy asos yaratadigan muhim hujjat imzolandi. Shuningdek, taʼlim sohasida hamkorlik qilish va Saudiya Arabistonida saqlanayotgan Markaziy Osiyo tarixiga oid nodir qoʻlyozmalarni oʻzbek tiliga tarjima qilish boʻyicha kelishuvlarga erishildi.
“Oʻzbekiston madaniyati kunlari” ikki mamlakat xalqlari oʻrtasidagi doʻstlik va madaniy aloqalarni yanada rivojlantirish, oʻzaro tushunishni chuqurlashtirish hamda Oʻzbekiston sanʼati, adabiyoti va milliy merosini keng xalqaro auditoriyaga tanishtirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Tadbir 11-oktyabrgacha Saudiya Arabistonining turli madaniy maskanlarida davom etadi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekistonda dollar kursi oʻzgardi
- Oʻzbekistonda dollarning rasmiy kursi oʻzgardi
- Prezident Ismoil Joʻrabekov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring