Toshkentdagi “Boʻzsuv” kanaliga kimyoviy ifloslangan suv oqizilayotgani aytildi

12:34 29 Sentyabr 2025 Jamiyat
186 0

Foto: “Oʻzsuvtaʼminot” AJ

Ijtimoiy tarmoqlarda “Boʻzsuv” kanaliga rangli oqova suvlari oqizilayotgani tasvirlangan videolar tarqaldi. “Oʻzsuvtaʼminot” AJ axborot xizmati rahbari Akmal Murodov mazkur holat yuzasidan maʼlumot berdi.

“Ushbu mavzu bugun paydo boʻlib qolgani yoʻq”, deya gap boshlagan Akmal Murodov. Uning maʼlum qilishicha, Toshkent shahrida oqova, yaʼni kanalizatsiya suvlarini tozalovchi 3 ta inshoot mavjud. Ular aholidan kelayotgan maishiy, yaʼni oshxona, hammom, hojatxona suvlarini qabul qilish uchun moʻljallangan boʻlib, biologik usulda tozalash texnika va texnologiyalari bilan jihozlangan. Bunda aynan kimyoviy tashlamalarni birlamchi korxonalar tozalashi nazarda tutilgan.

Taʼkidlanishicha, respublikada tadbirkorlik va ishlab chiqarish jarayonlarining rivojlanishi va ulardan kanalizatsiyaga tashlanayotgan turli kimyoviy chiqindilar hamda tekstil korxonalardan chiqayotgan boʻyoq qoldiqlari, yaʼni rangli suvlar inshootlarning ishiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.

“Belgilangan meʼyorga koʻra, har bir ishlab chiqaruvchi korxonada lokal inshoot boʻlishi talab etiladi. Ushbu birlamchi inshootlar korxonadan chiqayotgan kimyoviy chiqindilarni tozalashi lozim. Ammo bunday inshootlarning ekspluatatsiyasi qimmatga tushganligi bois, afsuski, baʼzi ishlab chiqaruvchilar korxonadan chiqqan oqova suvlarni kanalizatsiyaga oqizib yuborishni afzal koʻrmoqda”, deydi “Oʻzsuvtaʼminot” AJ axborot xizmati rahbari.

Uning qoʻshimcha qilishicha, tozalash inshooti ranglar va kimyoviy tashlamalarni ajratib ololmaydi. Yuqoridagi tasvirlarda aks etgan turli rangli oqova suvlar tekstil korxonalaridan chiqmoqda.

Shu munosabat bilan respublikadagi barcha ishlab chiqarish korxonalaridan bu kabi oqova suvlarni kanalizatsiya tarmoqlariga yoki tabiatga yoʻnaltirmasliklari, bu kabi xatti-harakatlar nafaqat ishlab chiqarish, jamiyat yoki tabiat meʼyorlariga, balki insoniylik prinsiplariga ham toʻgʻri kelmasligi taʼkidlangan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер