Tramp 36 ta davlat fuqarolarini AQSHga kirishini cheklamoqchi. Ular orasida Oʻzbekiston ham bormi?

11:16 15 Iyun 2025 Dunyo
409 0

AQSH prezidenti Donald Tramp maʼmuriyati yana 36 ta davlat fuqarolari uchun viza taqiqlari yoki kirish cheklovlarini joriy etishni koʻrib chiqmoqda. Bu joriy oy boshida eʼlon qilingan sayohat cheklovlarini keskin kengaytirish boʻladi. “The Washington Post” nashrining yozishicha, hujjat 60 kun ichida belgilangan talablarga javob bermagan mamlakatlar uchun qisman yoki toʻliq kirish taqiqlari kiritilishini nazarda tutadi.

Yangi roʻyxatga kiritilgan davlatlar orasida 25 ta Afrika mamlakati, Karib dengizi havzasi davlatlari, Markaziy Osiyo va Tinch okeani orollaridagi bir qator mamlakatlar bor. Bu roʻyxatda AQSHning muhim hamkorlaridan sanaladigan Misr hamda Jibuti ham qayd etilgan. Davlat departamenti vakili ichki muhokamalar yuzasidan izoh berishdan bosh tortgan, Oq uy esa hozircha rasmiy munosabat bildirmagan.

Davlat kotibi Marko Rubio tomonidan imzolangan mazkur xat shanba kuni AQSH diplomatik vakolatxonalariga yuborilgan. Unda roʻyxatdagi davlatlarga Davlat departamenti tomonidan belgilangan yangi mezonlar va talablarni bajarish uchun 60 kunlik muhlat berilgan. Dastlabki rejani taqdim etish uchun esa ularga chorshanba kuni soat 8:00 gacha vaqt belgilangan.

Hujjatga koʻra, ayrim davlatlarda ishonchli shaxsiy maʼlumotlar va fuqarolik hujjatlarini taqdim eta oladigan markazlashgan hukumat organlari mavjud emas. Yana ayrim mamlakatlarda hukumat sohasida keng koʻlamli firibgarliklar kuzatilgan. Baʼzilarida esa AQSHda vizasi tugaganidan soʻng ham qolib ketayotgan fuqarolar soni yuqori boʻlishi taʼkidlangan.

Taqiqlar qachon kuchga kirishi hozircha aniq emas. Ammo roʻyxatdagi davlatlar orasida quyidagilar bor: Angola, Antigua va Barbuda, Benin, Butan, Burkina-Faso, Kabo-Verde, Kambodja, Kamerun, Kongo (DRK), Jibuti, Dominika, Efiopiya, Misr, Gabon, Gambiya, Gana, Kot-dʻIvuar, Qirgʻiziston, Liberiya, Malavi, Mavritaniya, Niger, Nigeriya, Sent-Kits va Nevis, Sent-Lyusiya, San-Tome va Prinsipi, Senegal, Janubiy Sudan, Suriya, Tanzaniya, Tonga, Tuvalu, Uganda, Vanuatu, Zambiya va Zimbabve.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?