AQSHda Trampning “Oltin kartasi”ni olishni xohlovchilar uchun veb-sayt ishga tushirildi

13:46 12 Iyun 2025 Dunyo
162 0

Foto: AP

AQSH prezidenti Donald Tramp “Tramp kartalari”ga ariza topshiruvchilar uchun maxsus veb-sayt ishga tushirilganini maʼlum qildi. Bu hujjat – 5 million dollarga AQSHda yashash uchun ruxsatnoma olish imkoniyatini taqdim etadi.

Jurnalistlarning fikricha, TrumpCard.gov sayti doimiy yashash va keyinchalik fuqarolikni olishni xohlovchi potensial murojaat etuvchilar uchun moʻljallangan. Portal foydalanuvchilardan ism-sharifi, yashash hududi va elektron pochta manzilini qoldirishni, shuningdek, jismoniy shaxs sifatida yoki kompaniya nomidan ariza topshirayotganini koʻrsatishni soʻraydi. Tramp jamoasining taʼkidlashicha, roʻyxatga olishning ochilishi bu faqat birinchi bosqich hisoblanadi.

Oq uy rahbari oʻzining “Truth Social” sahifasida “minglab odamlar qoʻngʻiroq qilib, dunyodagi eng buyuk mamlakat va eng katta bozorga qanday kirishni soʻrayapti”, deya yozdi. U, shu oʻrinda, “kutish roʻyxati allaqachon ochiq” ekanligini bildirdi.

“Oltin karta” gʻoyasini Tramp shu yilning fevral oyida aytgan edi. Uning soʻzlariga koʻra, AQSH katta mablagʻ sarflash, soliq toʻlash va ish oʻrinlari yaratish imkoniyatiga ega boʻlgan boy va muvaffaqiyatli odamlarga doimiy yashash joyini taqdim etadi.

Shu yilning aprel oyida Tramp portreti tushirilgan oltin rangli plastik hujjat — karta namunasini koʻrsatgan edi. Yangi dastur AQSH iqtisodiyotiga 800 ming dollardan 1,05 million dollargacha sarmoya kiritishni nazarda tutuvchi amaldagi EB-5 viza oʻrnini bosishi mumkin.

Nomzodlarga 5 million dollar toʻlovdan tashqari qanday qoʻshimcha talablar qoʻyilishi hozircha nomaʼlum. Tramp vakillari faqatgina ariza beruvchilar tekshiruvdan oʻtishini qayd etishdi.

AQSHning amaldagi qonunchiligiga koʻra, ingliz tilida boshlangʻich bilimlarga, namunali odob-ahloqqa ega va AQSH Konstitutsiyasiga sodiq doimiy yashash huquqiga ega shaxslar besh yildan soʻng fuqarolikka ariza berishlari mumkin.

Shu yilning yanvar oyining ikkinchi yarmida Tramp AQSHda tugʻilish orqali fuqarolikka ega boʻlish huquqini cheklovchi farmonni imzolagandi. Uning soʻzlariga koʻra, AQSH tugʻilish huquqi orqali fuqarolikni olish qoidalari amalda dunyodagi yagona davlat boʻlgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер